Shiorimiz:   Fikr - yaxshilik va yomonliklarni ko'rsatadigan oynadir                                    

Yangiliklar 
Qur'oni karim
Hadisi sharif
Fiqh 
Islom tarixi
Tahlil
Iqtisod va huquq 
Juma mav'izalari 
Jannat qushchalari 
Islom va ilm 
Davolaninglar
Odam va Havvo 
Mazhablar 
Dinda savolim bor... 
Kutubxona 
Sharq bozori
Imîm Buõîriy
Statistika 
G'arbda Islom
O'zbekiston va Islom
Yilnoma 
Taklif  va munosabat 
Islomiy saytlar
Tanishuv
Namoz vaqti 
Mehmonxona 
Valyuta kursi 
 

 

                           Imom al-Buxoriy 

 

Imom al-Buxoriyning ismi Muhammad, kunyasi Abu Abdulloh, laqabi ba'zan Imom al-Muhaddisiyn (muhaddislarning imomi, peshvosi), ba'zan Amirul-mo'miniyn fil-hadis (hadis ilmining amiri, sultoni) va nasabi Muhammad ibn Ibrohim ibn al-Mug'iyra ibn Bardazbah ibn Bazazbehdir. So'nggi ikki ismi (ibn Bardazbeh ibn Bazazbeh)dan ko'rinib turibdiki, imom al-Buxoriyning asl nasabi ajamlarga borib taqaladi. Bu fikr talay adabiyotlarda qayd qilingan bo'lib, ko'pchilik muhaddislarning ta'kidlashlaricha, "Bardazbeh" so'zi arabcha "zori'" (ziroat, dehqonchilik bilan shug'ullanuvchi kishi) ma'nosini bildiradi. Mashhur olim imom as-Subkiy o'zining "Tabaqot ash-shofi'iyya al-kubro" ("Shofe'iy ulug' tabaqalar") nomli yirik asarida Bardazbehning otasini Bazazbeh deb ko'rsatgan.Imom al-Buxoriy haqida yozgan ko'pchilik olimlar esa uning nasabini faqat Bardazbehga bog'lab tugatganlar. Afsuski, tarixchilar Bardazbeh, uning otasi Bazazbeh haqlarida deyarli hech qanaqa ma'lumot keltirmaganlar. Ba'zi olimlarning xabarlariga ko'ra, ular ikkovlarining kelib chiqishi ajamdan bo'lib, ularning dinlariga e'tiqod qilganlar. Imom al-Buxoriy otasining bobosi Al-Mug'iyra Buxoro hokimi Yaman al-Juafiydan Islom dinini qabul qilgan bo'lib, Buxoroni vatan tutib yashab qolgan. O'sha paytdagi taomulga ko'ra, agar biron kishi Islom dinini kimdan qabul qilsa, o'sha kishining qabilasiga mansub hisoblangan. Bu odat qabul qilingan dinga sodiqlikning belgisi bo'lib, arabcha nisbat ul-vilo’ fil-Islom (Islom diniga sodiqlik nisbati) deb atalishi odat tusiga kirgan edi. Albatta Al-Mug'iyra ham o'sha davrda ommaviy tus olgan ushbu urfdan holi bo'lmaganligidan uning o'zi ham, undan keyingi tug'ilgan avlodlari ham, shu jumladan, Imom al- Buxoriy ham Ju'afiy, deb atala boshlandilar. Imom al-Buxoriyning nasli-nasabi haqida tarixchilar keltirgan ma'lumotlardan yana shuni qayd qilish kerakki, uning bobosi Bardazbehning ismini ba'zilar aslida Al-Ahnaf deb keltirganlar. Ahnaf, deb odatda eng aqlli, dono kishilarga nisbat berilgan, go'yoki saxiy, qo'li ochiq kishilar "Hotamtoy", deb aytilgani singari. Bundan ko'rinib turibdiki, Imom al-Buxoriyning bobosining haqiqiy ismi Bardazbeh bo'lsa-da, u oqil, zukko inson bo'lganligidan Al-Ahnaf laqabi bilan ham atalgan.

 

 

Imom al-Buxoriyning otasi Ismoil, uning kunyasi Abul-Hasan bo'lib, o'z davrining yetuk muhaddislaridan sanalib, Imom Molikning shogird va ashoblaridan biri bo'lib, tijorat ishlari bilan ham shug'ullangan. Afsuski, hozircha uning qalamiga mansub biror asar haqida aniq ma'lumotga ega emasmiz. Biroq uni Hamad ibn Zayd, Imom Molik, Abu Muoviya kabi o'z davrining yirik muhaddislaridan hadislar rivoyat qilgani, Abdulloh ibn al-Muborakning suhbatida bo'lib, undan ta'lim olgani haqidagi xabarlar manbalarda keltiriladi. Uning shogirdlaridan iroqlik bir qancha olimlar Ahmad ibn Hafs, Nasr ibn Husayn va boshqalarni ko'rsatish mumkin. Imom al-Buxoriy "At-ta‘rix al-kabir" ("Katta ta’rix") asarida otasining tarjimai holi haqida talay ma'lumotlar keltiradi. Tarixchi Al-Hofiz ibn Hibbon o'zining "Kitob as-Siqqot" ("Buyuk insonlar haqida kitob") nomli asarida "Ismoil ibn Ibrohim, ya'ni Al-Buxoriyning otasi Hamad ibn Zayd va Molikdan hadislar rivoyat qilgan, undan esa iroqlik olimlar hadislar rivoyat qilganlar", deb ta'kidlaydi.

Manbalarda zikr qilinishicha, alloma Ismoil o'ta taqvodor, xudojo'y, halol bir inson bo'lgan. Tarixchi Ahiyd ibn Hafasning yozganlari bu fikrimizga yorqin dalildir: "Abu Abdulloh (Imom al-Buxoriyning otasi) bandalikni bajo keltirayotgan chog'ida uni ziyorat qilganimda menga u: "Bor molu-dunyomdan na harom yo'l bilan, na shubhali, nopok yo'l bilan topilgan bir dirhamni ham bilmayman", deb iltijo qilganida mening nafasim bo'g'ilib, butun vujudim uning ulug'vorligidan hech narsaday tuyuldi", deb yozadi.

Shuningdek, Imom al-Buxoriyning otasiga xos bo'lgan yana bir qancha asl insoniy fazilatlar va uning alohida xususiyatlari zikr etilib, bunday fazilatlar o'sha davrdagi kamdan-kam kishilarda uchragani haqida ham qayd qilinadi.

Imom al-Buxoriyning onasi ham taqvodor, diyonatli va har xil karomatlar sohibasi bo'lgan oqila ayol bo'lgan. U el orasida Alloh taologa iltijo etib, doimo duolar o'qib yuradigan pokiza ayol sifatida tanilgan edi. Ma'lumki, Imom al-Buxoriy yoshligida ko'zi jarohatlanib ko'rish qobiliyati susaygan bo'lib, har qancha urinmasin ham, tabiblar uni davolay olmagandilar. Kunlardan bir kuni Al-Buxoriyning onasi tushida Ibrohim alayhissalomni ko'rganda u zoti sharif bu mushfiqa onaga qarab: "Ey volida! Sening duolaringning ko'pligidan Alloh taolo o'g'lingga to'liq ko'rish qobiliyatini qaytardi", deb xitob qilganlar. Keyin u "Uyqumdan uyg'onsam, o'g'lim Muhammadning ko'z nuri to'liq qaytib tuzalib ketibdi", degan rivoyat mavjuddir. Afsuski, Imom al-Buxoriy yoshligida ko'zi ojiz bo'lib qolganligi, uning sabablari, so'ngra unga to'lig'icha ko'z quvvatining qaytganligini, chunonchi, u "At-Tarix al-Kabir" nomli asarini oyning yorug'ida yozgani tafsilotlari haqida manbalarda aniq ma'lumotlar uchratmadik. Abu  Ali al-G'assoniy degan olim "Muhammad ibn Ismoilning yoshligida ko'zi ojiz bo'lib qolgan. Uning onasi taqvodor ayol bo'lib, tushida Ibrohim xalilullohni ko'rganda u: "Ko'p duolar qilib yig'laganingdan Alloh taboraka va taolo o'g'lingning ko'zini qaytardi", degan. Ona: "Ertalab uyg'onsam, Alloh o'g'limga ko'rish qobiliyatini qaytarganini ko'rdim", degan. U ham yuqoridagi fikrni aynan qaytaradi.

Imom al-Buxoriy azaldan ilm fan va madaniyat ravnaqida mashhur bo'lgan Buxoro shahrida tavallud topgan. Ko'plab muarrixlarning guvohlik berishlaricha, Buxoro azaldan Movarounnahrning eng qadimiy va go'zal shaharlaridan biri bo'lgan.       Manbalarda zikr qilinishicha, shaharning o'rab turgan devorlari o'ttiz olti millga cho'zilgan. Shaharning obod va ko'rkamligi, uning benazir go'zalligi xususida manbalarda zikr qilinishicha, shaharning o'rab turgan devorlari o'ttiz olti millga cho'zilgan. Shaharning obod va ko'rkamligi, uning benazir go'zalligi xususida ko'plab shoirlar va fozillar o'zlarining nasriy va nazmiy asarlarida alohida extiros bilan tarannum etganlar.

Mana shu muhtasham shahar - Buxoroi sharifda 194 hijriy sana shavvol oyining 13 kunida salotul jum'adan keyin (810 milodiy sana 21 iyul) jami' muhaddislarning imomi, hadis ilmining sultoni (amirul mo'm'inin fil hadis), sayyidul fuqaho kabi ulug' laqablarga muyassar bo'lib, Payg'ambar alayhissalomning muborak hadislariga durdonasimon sayqal berib, ularni abadul-abad barhayot qilgan ulug' zot Imom al-Buxoriy dunyoga kelgan. Buyuk shoir va mutafakkir Abdurahmon Jomiy buyuk muhaddisning ilmiy salohiyatiga yuksak baho berib: "Batxa (Makka) va Yasrib (Madina)da yasalgan tanganing Buxoroda sayqali kamoliga yetdi", deb yozgan edi. O'rta asrlarda tug'ilgan olimlar tavallud etgan oylar, kunlar tugul manbalarda, hatto ko'pincha yillarida ham aniq bir sana bo'lmay, xilma-xil yillar ko'rsatilgan hollari ko'p uchraydi. Imom al-Buxoriyning tug'ilgan vaqti (kuni, oyi, yili)ning aniq keltirilishining boisi shundaki, uning o'zini yozishicha, u tug'ilgan vaqt haqida otasi qo'li bilan yozib qo'ygan varaq unga, zamondosh olimlarga yetib kelgan.

Imom al-Buxoriy yoshligidayoq otasi vafot etib, uning tarbiyasi faqat volidasi kafolatida bo'lgan. Bir muncha ulg'ayib aqli raso bo'lgach, uning qalbida islomiy ilmlarga, ayniqsa, Payg'ambar alayhissalomning muborak hadislarini o'rganishga va yodlashga moyillik tobora kuchaya borib, u dastavval Ibn al-Muborak va Vakiy'ning hadislarga oid asarlarini yod oladi.

Imom al-Buxoriyning kotibi, uning asosiy tasnifi "Sahih" asari roviylaridan biri Abu Ja'far Muhammad ibn Abu Hotam al-Varroq shunday deb yozadi: "Al-Buxoriyning: "Hadislarni yod olish ilhomi menga boshlang'ich maktabda o'qiyotganimda kelgan edi", deb aytganini eshitganimda: "O'shanda necha yoshda edingiz?" deb so'radim. U: "O'n yoshda, balki undan ham kichik edim", deb javob bergandi". Bu misoldan ko'rinib turibdiki, Imom al-Buxoriy juda yoshligidan boshlab hadislarni yod olib, bu ilmga alohida zavq-shavq va qiziqish bilan qaragan.

Imom al-Buxoriyning ustozlari haqida gapiradigan bo'lsak, u eng avvalo o'sha paytda Buxoroning taniqli muhaddislaridan sanalgan olim Ad-Doxiliydan hadis ilmidan saboq olgan. Hadislarni o'rganish bo'yicha ushbu olim tashkil etgan to'garak (halqa)ning shuhrati keng tarqalgan bo'lib, uning faoliyati yoyilib ulkan samaralarga erishgan. Kunlardan bir kuni Ad-Doxiliy o'z odaticha hadis ilmidan dars berar edi, Al-Buxoriy ham boshqalar qatori dars tinglab o'tirgan edi. Shunda Ad-Doxiliy bir hadis isnodi haqida gapirib: "Sufyon Abu Zubayrdan, u Ibrohimdan", dedi. Bunga Al-Buxoriy: "Abu Zubayr hech vaqt Ibrohimdan rivoyat qilmagan", dedi va bu bilan u Ad-Doxiliyning bu sanad xususidagi xatodan ogoh qilmoqni istagandi. O'z shogirdining ovozini eshitgan Ad-Doxiliy esa hayratga tushib dag'allik bilan uning so'zini bo'ldi. Shunda Al-Buxoriy o'ta xotirjamlik bilan: "Ustoz, agar ishonmasangiz, asl manbaga qarang", dedi. Ad-Doxiliy manbaga qarab Al-Buxoriy aytgan gapning to'g'riligini e'tirof qilib tan oldi-yu, lekin o'sha hadis sanadini tuzatishni paysalga soldi. Insof yuzasidan yoki uni sinab ko'rish uchunmi, xullas, sanadni tuzatish masalasini Al-Buxoriyning o'ziga tashladi. Tashqariga chiqishgach, Al-Buxoriydan: "E bola, bu yog'i endi qanday bo'ladi?" deb so'radi. Al-Buxoriy esa o'ylamasdan shunday javob qildi: "Zubayr ibn Adiy Ibrohimdan rivoyat qilgan". Shundan keyin u (Ad-Doxiliy) qalam olib yozganini tuzatdi va "Sen haqsan", dedi. Al-Buxoriyning aytishicha, bu vaqtda u atigi o'n bir yoshda bo'lgan. Manbalarda keltirilishicha, Al-Buxoriyga o'n yoshidan boshlab hadislarni yod olish ilhomi nasib etib, yoshi ulg'aygan sari bu rag'bati tobora kuchayib ziyoda bo'lib borgan, u nafaqat hadislarni shunchaki yod olish, balki unda yoshligidan boshlab hadislarni sahih (to'g'ri, ishonchli) va g'ayri sahihlarga (xato, noto'g'ri) ajratish, ularning illatlarini aniqlash, hadis roviylarini o'rganib tahqiq qilish, ular rivoyatining adolatliligi, to'g'riligi, ishonchli yoki ishonchsizligi, roviylarning maishiy hayotlari, yashash joylari, tug'ilgan va vafot etgan sanalari, bir-birlari bilan o'zaro qilgan muloqotlari, (turli roviylar keltirgan hadislarni bir-biriga solishtirib muqoyasa qilish, ularning bir-birlari bilan o'zaro bog'liqligi va bir-biriga bog'liq bo'lmay uzilishlar bor holatlari, hadis ilmining xilma-xil va eng yuqori nuqtalariga yetishish, uning turli masalalarini chuqur tahqiq etish, ularni ja'mlash va Qur'oni karim oyatlari bilan uzviy bog'liqlikda o'rganish kabi masalalar bilan qiziqdi. Agar muxtasar holda xulosa qilib aytadigan bo'lsak, bu masalalar bilan Imom al-Buxoriy yoshligidan boshlab alohida ishtiyoq va mehr bilan astoydil shug'ullanib, bu oliyjanob ishlar uning butun fikri-zikrini batamom chulg'ab, uning dilida kundan-kun kuchayib tobora mustahkamlanib boradi.

Hadisshunoslikda yana bir muhim fan bo'lgan illatli hadislarni aniqlash g'oyatda mas'uliyatli va murakkab ishlardan hisoblanadi. Hadis ilmiga oid barcha tartibot va uslublarni mukammal bilish bilan bir qatorda roviylarning tug'ilgan va vafot etgan vaqtlari, ushbu hadisni kimdan eshitib, kimdan rivoyat qilayotgani, eshitgan ibora va alfozlarining aniqligini to'la-to'kis egallagan bo'lishligi kerak. Shu boisdan ham muhaddislarning ko'pchiligi bu masalalarni to'la-to'kis egallash hadis ilmida eng yirik muammo va ayni vaqtda o'ta sharafli mas'uliyat deb hisoblaydilar. Hadisni yodlab, ularni mukammal idrok qilgan va ulkan tajribaga ega bo'lganlargina, hadislar xususida uzil-kesil gapirishga haqlari bo'lganlardan faqat Ali ibn al-Madiyniy, Yaqub ibn Shayba, Ahmad ibn Hanbal, Al-Buxoriy, Abu Hotam, Abu Zur'a, Ad-Doraqutniy va ularga ergashgan bir necha muhaddislar ushbu yuksak maqomga sazovor, degan fikrni olg'a suradilar. Bu o'rinda Ali ibn al-Madiyniyning quyidagi so'zlarini keltirish illatli hadislarni qanchalik qiyin va murakkab ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz: "Mening o'zim bilgan bir hadisning illatini aniqlashdan ko'ra yangi, men bilmagan yigirmata hadis yozib olishim men uchun osondir". Darhaqiqat, hadislarda garchand zohiran o'zaro bog'liqlik bo'lsa-da, isnodi jihatidan dastlabki roviyga bekamu-ko'st yetkazish yoki uzilish bilan yetkazish yoki bir hadis iboralarini ikkinchi bir hadis so'zlari bilan aralashtirib yuborish yoki bo'lmasa, roviylardan birining nuqsonini aniqlash juda qiyin va mashaqqatli vazifadir. Mana shu zayldagi to'liq imkoniyatga va har tomonlama mukammal axborotga ega bo'lmaganlar, tabiiyki, hadis ilmida biror yutuqqa erishishi amri mahol edi. Komil ishonch bilan aytish mumkinki, Imom al-Buxoriy mukammal egallagan buyuk san'atlardan biri bu illatli hadislarni aniqlash san'ati bo'lgan. Imom al-Buxoriyning zamondoshi bo'lgan olim Al-Hofiz Ahmad ibn Hamdun bunday degan: "Usmon ibn Abu Sa'iyd ibn Marvonning janozasi paytida Muhammad ibn Yah'ya az-Zuhliy Al-Buxoriydan roviylar ismlari va illatli hadislar haqida savol so'raganida Al-Buxoriy go'yoki "Qul huva ollohu ahad..."ni yoddan o'qiyotgandek, merganning bexato o'qi misoli to'g'ri javob qilganini ko'rgandim". Mavridi kelganda shuni aytish kerakki, mana shu davrda, ya'ni IX asrda Nishopurda ilm-fan, ayniqsa, hadis ilmi nihoyatda taraqqiy qilib, unda Imom al-Buxoriy, Imom Muslim ibn al-Hajjoj, Imom at-Termiziy va boshqa birqancha buyuk muhaddislar yig'ilgan bo'lib, ular shaharda faoliyat ko'rsatadigan madrasalarda hadis ilmidan dars berardilar. Bu buyuk muhaddislar oralarida ilmiy munozaralar va bahslar juda ko'p bo'lgan. Imom al-Buxoriy hadis sohasidagi o'z ilmi va salohiyati, ayniqsa, illatli hadislarni aniqlash mahorati bilan barchani qoyil qoldirgan, muhaddislarning hammasi unga bir ovozdan tan bergan. Imom al-Buxoriy masjidlarda, ommaviy ilmiy yig'inlarda ham ishtirok etgan. Uning chuqur bilimiga tan berib, o'z davrining mashhur muhaddislaridan biri sanalgan Muslim ibn al-Hajjoj Imom al-Buxoriyga o'z samimiy munosabatlarini bildirib: "Sizni faqat hasadgo'ylargina ko'ra olmaydi. Mening iymonim komilki, sizdek buyuk olim jumlai-jahonda yo'q", deb hitob qilgan.

Imom al-Buxoriyning illatli hadislarni bilishdagi benazir mahorati, mukammal ilmi va qobiliyati haqida uning zamondoshlari ko'p qimmatli fikrlarni bildirganlar. Illatli hadislarga atab maxsus asar yozgan Imom at-Termiziy o'z asari "Kitob al-Ilal"da: "Hadislar, roviylar, ular tarixlaridagi illatlar xususidagi fikrlarim Imom al-Buxoriyning "Kitob at-Ta’rix" asaridan foydalanganlarim, ulardan yana ko'prog'ini Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy bilan qilgan ilmiy munozaralarim paytida olganman, shuningdek, Abdulloh ibn Abdurrahmon, Abu Zur'adan ham foydalandim-u, lekin baribir ko'prog'i Muhammad al-Buxoriydan, kamrog'i esa Abdulloh bilan Abu Zur'adandir", deb ta'kidlagan. Yana Imom at-Termiziy: “Illatli hadislarni va isnodlarni aniq bilishda Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydan ko'ra ustun bo'lgan birorta olimni ko'rmadim", deb qayd qilgan.

Imom al-Buxoriy ishtirok etgan ilmiy majlislarning birida o'z zamonasining yetuk olimlaridan sanalgan Al-Faryobiy sanadi quyidagicha bo'lgan bir hadis haqida gapirib: "Sufyon Abu Urvadan, u Abul Xattobdan, u Abu Hamzadan", dedi. Majlisda hozir bo'lganlarning birortasi ham Sufyondan boshqalarining kim bo'lganligini aniq bilmadi, chunki bu o'rinda ularning faqat kunyalari (Abul Xattob, Abu Hamza) aytilgan edi. Shunda Muhammad al-Buxoriy vazminlik bilan: "Abu Urva - bu Muammar ibn Roshid, Abul Xattob esa Qatoda ibn Daoma, Abu Hamza Anas ibn Molikdir. Buyuklarning ishlari inqilobiy tusda ulug'vor bo'lganligi uchun ham ular faqat kunyalari bilan aytilganlar", dedi. Hadis rivoyatidagi noqislik va ularning to'g'riligiga ishonch hosil qilish masalalari sahobalar davridan boshlanib, o'sha paytdanoq hadislarni yozib olishda unga alohida e'tibor berilgan. Chunonchi, sahobalarning o'zlari rivoyat qilgan hadislarda ham illatli hadislar uchragan hollari aniqlangan edi. Payg'ambar vafotlaridan keyin vaqt jihatidan muddat kam o'tganligi, hadislarni naql qilishda vositalarning ozligi tufayli boshda unga ehtiyoj unchalik katta bo'lmagandi. Rivoyatda ishtirokchilar soni ko'payib, vaqt o'ta borgan sari roviylarning illatini aniqlash masalasiga yanada zarurat kuchaydi. Hadis ilmida ham, muhaddislar orasida ham bu masala muhim ahamiyat kasb eta boshladi.

Hadis roviylariga nisbatan alohida diqqat-e'tibor, chuqur munosabat bilan qaralib, har xil uslub-u qoidalar yaratildi, masalan, qaysi holatlarda zamondoshlarning illati  qabul qilinmaydi, qaysi bir holatlarda qabul qilinadi kabi aniq yo'l-yo'riqlar ishlab chiqildi. Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, hadislarda illat masalasi muhim ahamiyat kasb etib, u bilan shug'ullanadiganlardan o'ta diyonatli va taqvodorlik, qobiliyat talab qilinadi. Imom al-Buxoriy bu sohada o'ziga asosiy dasturul-amal qilib olgan ehtiyotkorlik maslagi u diyonat, iymon-ixlos va xudojo'ylikda yuksak darajaga erishganligini ko'rsatadi.

Illatli hadislar haqidagi Imom al-Buxoriyning mulohazalari juda mutavoze' va odob-axloq yuzasidan bo'lib, "uni shunday qoldirganlar" (tarakahu), "u tashlab ketilgan" (matruk), "tushirib qoldirilgan"(soqit), "bu haqda o'zgacha bir fikr-mulohaza ham bor", "bu xususda avval o'tganlar hech narsa demaganlar" va shunga o'xshash beozor, oddiy va samimiy iboralardan tashkil topgan. Juda kamdan-kam hollarda Imom al-Buxoriy biron odamga nisbatan "u ichidan o'ylab chiqqan" yoki "kazzob", demasdi, illatli hadislar masalasida Al-Buxoriy ishlatgan eng qattiq ayblov "hadisning inkor qiluvchi" ("munkir al-hadis"), degan ibora bo'lardi. Hadis ilmida shu qoida odat tusiga kirdiki, agar Imom al-Buxoriy biron roviy  haqida "u munkir al-hadis", desa, undan hech vaqt hadis rivoyat qilinmasdi. Bu xususda Ibn al-Qatton Imom al-Buxoriyning ushbu so'zlarini keltiradi:"U  (Al-Buxoriy) unga har qanday kishi haqida “u munkir al-hadis", degan bo'lsa,  tamom, undan hech vaqt hadis rivoyat qilinmaydi", degan.

Imom al-Buxoriy ustozlarining soni ko'p bo'lib, ulardan birining ismi "Musaddid" (lug'aviy ma'nosi "to'g'ri yo'lga boshlovchi") edi. Al-Buxoriy unga qattiq ishonib: "Musaddid - o'z ismiga monand to'g'ri yo'lga boshlovchidir. Kitoblarim o'zimda bo'ladimi yoki unda bo'ladimi, menga farqi yo'q", deb doimo takrorlar edi. Ushbu ta'kiddan ayon bo'layotirki, Imom al-Buxoriy o'z kitoblarining muhofazasiga alohida ahamiyat bergan. U bu masalaga bamisoli hadis rivoyatiga e'tibor bergandek alohida e'tibor bilan qaragan. Shuningdek, ular qanday odamlarning qo'lida saqlanishiga ham jiddiy qaragan. O'z kitoblarini har qanday kimsaning qo'liga tushib qolishiga befarq qaramagan.

Imom al-Buxoriy o'zining butun faoliyati davomida ham ilmiy, imkoni bo'lsa, moddiy jihatidan odamlarga, ya'ni Allohning bandalariga biror naf yetkazishni o'zining asosiy maqsadi qilib qo'ygan edi. U doimo ilm ahllari-yu, ilm toliblariga, hatto ustozlar (ash-shuyuh) va muhaddislarga ham moddiy yordam ko'rsatardi. Tijorat qilganda har safar o'zi ko'rayotgan oylik daromadidan, ya'ni foydasidan besh yuz dirhamni faqiru miskinlarga, ilm toliblariga sarflardi. Tolibi ilmlarga ma'lum mablag'lar (maoshlar) ajratib, ularni alohida qiziqish, zavq-shavq bilan Payg'ambar alayhissalom ilmlarini (hadisi shariflarini) o'rganishga rag'batlantirardi, ahli ilmga nisbatan g'oyatda ko'p ehson ko'rsatardi. Ayni vaqtda Imom al-Buxoriy o'z shaxsiy hayotida, yeyish-ichishda va kiyinishda sira ham ortiqcha dabdaba va behuda sarfu-xarajatlarga yo'l qo'ymasdi, sabr-toqat va qanoat, chidamlilik uning uchun odat tusidagi tabiiy bir hol edi.

Imom al-Buxoriy g'oyatda beg'ubor, halol-pokiza, diyonatli inson bo'lib, g'iybatu-nohaqliklardan uzoq bir kishi edi. U doimo "G'iybat qilishlik harom ekanini bilganimdan boshlab hech qachon biror kishi haqida g'iybat gapirmaganman", deb ta'kidlardi.

Imom al-Buxoriyning eng ulug' fazilatlaridan yana biri u taassub (mutaassiblik)ning har qanday ko'rinishlaridan uzoq bo'lgan alloma edi. Uning shoh asari "Sahih al-Buxoriy" bilan chuqurroq tanishilsa, Buxoriyning o'z kitobidagi ma'lumotlarga nihoyatda katta sinchkovlik va ehtiyotkorlik bilan yondoshganini ko'ramiz. Qanchadan-qancha mashaqqatlar bilan to'plangan hadislarining sahihligiga to'la ishonch hosil qilib, obdon tekshirgandan keyingina o'z asariga kiritganligi ushbu fikrimizni yana bir bor tasdiqlaydi. Imom al-Buxoriyning "Sahih" asari haqida gapirar ekanmiz, shuni ham qayd qilish kerakki, ushbu kitobning sahih isnodlarida ahli sunnaga mansub bo'lmagan roviylar ham uchraydi. Imom al-Buxoriy muhaddislarda hadislarga bo'lgan katta mehr va intilish hamda unga qat'iy amal qilish har qanday tahsinga sazovor, deb hisoblardi. Bu masala g'oyatda muhim bo'lib, bu xususda ba'zi muhaddislarning o'zlari ham fikr-mulohazalarini bildirganlar. Jumladan, imom Ahmad ibn Xanbal: "O'zim amal qilmagan bitta ham hadisni kitobga olmaganman", deb ta'kidlagan bo'lsa, o'z davrining yirik muhaddislaridan biri sanalgan Vakiy’ ibn al-Jarroh: "Agar biror hadisni yodlashni istasang, eng avvalo unga amal qil", degan. Yana bir muhaddis Ibrohim ibn Ismoil esa: "Hadislarni yodlashda eng avvalo unga amal qilish yo'lidan foydalanardik", deb ta'kidlagan, alloma As-Suyutiy o'zining "At-Tadriyb" nomli asarida bu jarayonni quyidagicha ifodalaydi: "Ibodatlar, odob-axloq, fazilatlar, solih a'mollar xususida eshitgan hadislardan samarali foydalanish lozim. Bu birinchidan ushbu hadisning zakoti, ikkinchidan esa uni yodlash uchun yaxshi omildir".

Imom al-Buxoriy yashagan davrda Xolid ibn Ahmad az-Zuhliy Tohiriylar tomonidan bo'lib, Buxoroning amiri sifatida saltanat yuritardi. Xorijiy yurtlarga qilgan uzoq yillar davom etgan safaridan qaytib, Imom al-Buxoriy o'z ona yurti Buxoroda o'rnashgach, uning shonu-shuhrati turli tomonlarga tarqab, ko'plab hadis toliblari to'da-to'da bo'lishib, Buxoriy huzuriga kela boshlagach, Xolid ibn Ahmad az-Zuhliy ular bilan garchand mazhabiy masalalarda bir qadar muxolifatda bo'lsa-da, ularning rivoyatlarini tashlab ketmasdan kitobiga kiritgan. Bu tusdagi tasomuh (sabr-toqatlilik, boshqa mazhablarga nisbatan e'tirom bilan qarash) qanday holatda bo'lmasin, chegaralangan yoki chegaralanmagan ko'rinishda bo'lsa-da, buning dastidan hadis rivoyatiga shak-shubha bo'lmasligi uchun muhaddislar o'rtasida udum bo'lgan qoidaga ko'ra ular ahl ul-havoga (shiyalar, xorijiylar, mo'taziliylar va hakazo) ham mansub rivoyatlarini qabul qilganlar, faqat shu shart bilanki, ular bid'atga da'vat qilmaydigan, yolg'on-yashiq rivoyatlarni tarqatmaydigan, har qanday holatda ham soxta (yolg'on) aralashishini hatto xayoliga ham keltirmaydigan kishilar bo'lishi talab qilingan. Shu boisdan ham Imom al-Buxoriyning roviylariga nazar solsak, ulardan ba'zilari shiya tamg'asi bilan ko'rsatilgan bo'lib, Buxoriy ularning rivoyatini "Sahih" kitobiga kiritgan. Ba'zan esa asosi bo'lgan hollarda ba'zi-bir boshqalarini shiyalarga yoki rofiziylarga mansubligidan ular rivoyatlarini o'z kitobiga kiritmagan.

Hadislardagi noqis (illat)liklarga alohida e'tibor bergani kabi Imom al-Buxoriy roviylarning ibratli, go'zal fazilatlarini alohida ko'rsatishga ham katta ahamiyat bergan. Agar keltirgan rivoyatlari to'g'ri bo'lsa roviylarning haqiqiy tavsiflari-yu, adolatli ishlarini hech bir kamsitmasdan batafsil zikr qilgan.

Payg'ambar alayhissalomning hadislariga nisbatan qiziqishi bo'lgan Buxoroning amiri Xolid ibn Ahmad az-Zuhliy Imom al-Buxoriyni o'z saroyiga kelib, unga va uning o'g'illariga "Sahih al-Buxoriy" va "At-Ta’rix" kabi asarlaridan saboq berishini talab qiladi. Shunda alloma amirdan kelgan xabarchiga "Men ilmni xor qilib, uni hukmdorlar eshigiga olib bormayman", degan javobni beradi. Shundan keyin amir agar Imom al-Buxoriy amir saroyiga kelishni xohlamasa, bolalari uchun alohida, maxsus vaqt ajratib dars berishini, unda boshqa talabalar ishtirok qilmasligini ta'kidlab, yana vakilini yuboradi. Lekin Imom al-Buxoriy amirning bu talabiga ham rad javobini beradi, chunonchi, ilm olmoqlik Payg'ambarimiz alayhissalom meroslaridan bo'lib, bunda har bir inson - xosu-avom teng huquqqa ega, deydi va agar amirda undan dars olish ehtiyoji bo'lsa, uyiga yoki bo'lmasa, masjidga kelishligini so'rab "Agar bu taklifim sizga ma'qul bo'lmasa, siz hokimsiz mening saboqlarimdan (ilmiy yig'inlarimdan) man qiling (to'xtating), bu menga odamlardan o'z ilmimni bekitmayotganim uchun qiyomat kunida Alloh huzurida bir uzr bo'ladi, deydi. Mana shu dadil javobdan keyin Buxoro amiri qattiq g'azablanadi va allomani shahardan chiqarib yuborish yo'llarini izlaydi. Lekin Imom al-Buxoriy millionlab musulmonlarning qalbini o'ziga rom qilib, ularning cheksiz hurmati-yu muhabbatiga sazovar bo'lganligidan amir o'z hokimiyati-yu saltanati kuchi bilan uni shahardan chiqarib yuborishga muvaffaq bo'la olmaydi. Shundan keyin beandisha bir guruh, nopok kimsalarni topib Imom al-Buxoriyga nisbatan xaloyiqning g'azabini qo'zg'aydigan yolg'on-yashiq tuhmat va bo'htonlardan iborat aybnomalarni tarqattiradi. Natijada shular sababli amir allomadan shaharni tark qilib chiqib ketishini talab qiladi.

Imom al-Buxoriy Buxorodan chiqib ketgach, Poykandga keldi. G'animlar Buxoroda allomaga qarshi to'qigan ig'vogarona tuhmatlarni chor atrofga tarqatishga zo'r berib, jiddu jahd ko'rsatib, ushbu tuhmatni xalq orasida oshkora qilib yoygan edilar. Shu boisdan ham bu bo'hton xabar Imom al-Buxoriydan oldin Poykandga kelib yetgan bo'lib, Poykand ahli shu masala xususida ikki toifaga bo'lingan edilar. Ularning bir qismi Imom al-Buxoriyni ushbu tuhmatdan himoya qilib uning tarafini olsa, ikkinchi qismi esa fisqu fasodchilarni qo'llab-quvvatlagandilar. Qachonki, Imom al-Buxoriy Poykand ahli o'rtasidagi ushbu ixtilofdan voqif bo'lgach, bu shaharda yashashlikni o'ziga munosib ko'rmadi. Ayni vaqtda Samarqand ahli Al-Buxoriyni Poykandga kelganini bilgach, ular uni Samarqandga taklif qilib, unda muq'im istiqomat etib, mudarrislik qilishlarini so'radilar. Bunga rozilik bildirgan Buxoriy Poykanddan chiqib, ular tomon ravona bo'ldi va Samarqand yaqinidagi Xartang deb ataladigan qishloqda bir qarindoshinikida to'xtaydi.

Lekin Imom al-Buxoriy Buxoroda ko'tarilgan fitna Samarqandga ham yetib kelganidan xabar topib, uning ahli Poykanddagi kabi ikki guruhga bo'linganini, ulardan bir guruhi uni qo'llab-quvvatlashini, ikkinchi guruh esa unga muxoliflik bildirib, qarshilik izhor etganini bilgach, "Allohim, qanchalik keng bo'lgani bilan dunyo menga torlik qilib qoldi, endi meni o'z rahmatingga qabul et", deb duo qildi. Shu orada u qattiq betob bo'lib qoldi va 256 hijriy yilning ramazon hayitida (Iyd al-fitr) kechasida (870 yil 31 avgust) vafot etdi.

Imom al-Buxoriy haqida yozgan muarrixlar va solnomachilar uning husni xulqlari zikr qilganlarida, albatta, uning quvvai-hofizasi va xotirasining kuchliligini alohida ta'kidlab ko'rsatadilar. Chunonchi, Imom al-Buxoriyning xotirasi kuchli bo'lganligi xususida ko'pdan-ko'p afsonaviy tarzdagi rivoyatlar mavjud. Uning ustozlari Muhammad al-Buxoriyning yoshligidan Alloh taolo ato qilgan noyob iqtidori va quvvai-hofizasini sezib, unga bir ovozdan tan berganlar. Yoshligidayoq uning haqida "G'oyatda fozil inson bo'ladi", "Dovrug'i el orasida doston zot bo'lib chiqadi", deb aytgan bashoratlari tarix kitoblarida bitilgan.

Buyuk muhaddis Abu Iso at-Termiziy Imom al-Buxoriy el orasida tanila boshlagach, Abdulloh ibn Munirning "E Abu Abdulloh, Alloh seni bu ummatning ziynati qilib yaratgan!" degan fikrini keltiradi. At-Termiziy yana: "Alloh taolo uning barcha xohishini mustajob qilib yaratgan edi", deb ta'kidlaydi. Tarixchi Shamsuddin az-Zahabiy quyidagicha hikoya qiladi: "Xolid ibn Ismoil: "Basra mashoyixlari xususida Imom al-Buxoriy bilan bizning fikrimizda ko'pincha ixtilof  bo'lardi. Shu paytda u o'spirin bola bo'lib, hadislarni sira yozmasdi. Shu zaylda o'n olti kun o'tgach, u bizga: "Juda ko'p hadis eshitib yozib oldinglar, qani menga ko'rsatinglarchi, qancha hadis yozib olibsizlar?" dedi. Hisoblab ko'rsak, o'n besh mingdan ziyod hadis yozgan ekanmiz. Al-Buxoriy ularning hammasini yoddan aytib berdi, hatto yozgan hadislarimizning ko'plaridagi xatolarni uning yoddan aytganlariga qarab tuzatib ham oldik", degan edi". Olim Muhammad ibn al-Azhar as-Sijistoniy "Biz alloma Sulaymon ibn Xarabdan hadis ilmidan saboq olardik. Al-Buxoriy ham biz bilan birga hadis eshitardi-yu, lekin sira yozmasdi. "Nega u yozmayotir?" deb so'raganlar "O'z yurti Buxoroga qaytgach, yodidan yozadi", deb javob olgandilar. Ushbu Sulaymon ibn Harab o'z zamonining mashhur allomalari va hadis hofizlaridan hisoblanib, Makkai Mukarramada qozi ham bo'lgan. Uning xotirasi g'oyatda kuchli bo'lib, hech bir kitob-daftarga boqmay, o'n minglab hadisni yoddan rivoyat qilgan. Abu Hotam shunday hikoya qiladi: "Men Bag'dodda Sulaymon ibn Harabning darslaridan saboq olganman. Uning sabog'ini olganlarning soni qirq mingdan ham oshib ketgan bo'lib, u hijriy 224 yilda vafot etgan. Imom al-Buxoriy ham uning shogirdlaridan hisoblanardi. Fazlu kamolining shunchalik buyuk bo'lishiga qaramasdan u Al-Buxoriydan "Sen bizga Shu'abaning xatosini tushuntirib ber", deb iltimos qilardi. Hifzu zakovat, idroku tafakkurdan rabboniy (ilohiy) bir noyob qobiliyat va iste'dod Imom al-Buxoriyga a'to etilgandiki, hatto unga ustozlari tomonidan ham g'oyat darajada izzat-ikrom va hurmat ko'rsatilib, ko'p muhaddislar uning huzurida dars o'tishdan ham hijolat bo'lib, hayiqib turganlar. Shu xususda Fath ibn Nuh an-Naysoburiyning "Ali ibn al-Madiyniyning darsida hozir bo'lganimda Muhammad al-Buxoriyning uning o'ng tomonida o'tirganini ko'rdim. Ustoz har bir hadisni zikr qilganida hurmat bajo keltirib, Al-Buxoriy tomoniga ohista burilib qo'yar edi", deb yozishi ustozlarining Imom al-Buxoriyga hurmat-e'tibori alohida bo'lganligidan dalolatdir.

Ko'pgina manbalar va tarix kitoblarida Imom al-Buxoriyning aql-zakovati va quvvai-hofizasini sinash maqsadida qilingan imtihon (sinov) xususida aniq ma'lumotlar zikr qilingan. Darhaqiqat, bunday jiddiy bir imtihon Bag'dodda Dor ul-xilofat (Xalifalik uyi)da Bag'dod ulamolari tomonidan uyushtirilgan. Bag'dodlik olim Abu Bakr al-Kaluzoniy (vafoti 249 hijriy yil) "Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyga o'xshash hech bir olimni ko'rmadim. Biror ilmga oid har qanday kitobni olib sinchiklab mutolaa qilardi-da, unda keltirilgan barcha hadislarni bir martaning o'zidayoq yodlab olardi", deb yozgan.

Qachonki, Imom al-Buxoriy hadis ilmi bo'yicha mukammal ilmga ega bo'lib, ilmiy majlislar uyushtirib, saboq bera boshlagach va uning bu tarzdagi majlislarining dovrug'i har tarafga tarqab, el orasida yoyilgach, ilm toliblari-yu, ahli donish uning saboqlariga shunchalik ko'p yog'ilib kela boshladiki, hatto majlislariga odamlar sig'may ketardi. Bu tartibdagi ilmiy majlislar bir qancha - Basra, Bag'dod, Hijoz, Balx kabi shaharlarda uyushtirilib, alloma umrining oxirlarida o'z vatani Buxoroda ham hadislardan dars bergandi.

 

 

All Rights Reserved © Copyright 2005   by  www.fikr.uz     

Hosted by uCoz