Payg'ambar
alayhissalomdan
sodir bo'lgan har
bir hikmatga (so'zga)
ba'zan sunnat,
ba'zan hadis,
ba'zan esa xabar
yoki bo'lmasa asar
ham deyiladi.
Ushbu
istilohlarning
orasida bo'lgan
muayyan farqni
bilish uchun
ularning har
qaysisi ustida
alohida to'xtalish
maqsadga
muvofiqdir.
Sunnat
iborasi arab
tilidagi "sanna"
fe'lidan kelib
chiqib, biz bu
o'rinda uning
xilma-xil lug'aviy
ma'nolari ustida
to'xtalmaymiz.
Payg'ambar
alayhissalomning
sunnati ma'nosiga
kelsak, masalan,
"sanna olloh"
ya'ni Olloh
sunnatini (to'g'ri
yo'lni) bayon
qilganligini
anglatadi.
Ollohning
sunnati-ya'ni
ollohning
ahkomlari, u
buyurgan va man
qilgan ishlar
anglanadi. Qur'oni
karimda "sunnat"
iborasi o'n yetti
marta kelgan
bo'lib, barcha
o'rinlarda
ollohning hukmlari
muqarrar
joriyligini
ifodalagan.
Istiloh
ma'nosida sunnat-bu
Payg'ambar
alayhissalomning
so'zlari,
harakatlari, amru
farmonlari yoki
Payg'ambarlik
ba'sa (missiya)laridan
boshlab to
vafotlarigacha
xulqiy
sifatlarigacha
bo'lganlar haqida
sahobalar yoki
tobe'iynlar
tarafidan aytilgan
so'z va harakatlar
sifatida keladi.
Hadisning
bir lug'aviy
ma'nosi "yangi"
demakdir. Bu
nom bilan
atalishining boisi
shundaki, har bir
aytilayotgan xabar
o'zida qandaydir
yangi fikrni
bildirgan.
Shuningdek uni
ilgari nozil
bo'lgan Qur'oni
karimning
iste'molda bo'lgan
qadimiy
kalimalaridan
ajratish ham
ko'zda tutilgan. Istiloh
ma'nosida hadis-bu
Payg'ambar
alayhissalomga
mansub so'z, amal
(harakat), xulqiy
sifatlari va
shaklu-shamoyillardan
tashqari, sahoba
va tobe'yinlarga
mansub etilgan
fikrlar va qavllar
ham kiradiki,
chunki ular
Payg'ambar
davrining jonli
guvohlaridir.
Nubuvvatlik (Payg'ambarlik)
davri haqidagi
axborlar,
shuningdek
Payg'ambar
alayhissalomning
nabiylik (missiya)
ba'sasidan oldingi
hayotlari va
nubuvvat ahdlari
haqidagi kalomlar
ham hadisga kiradi.
Ikki-sunnat va
hadis-tushuncha
(konsepsiya)ni
bir-biriga qiyos
qilsak, albatta,
bular o'rtasida
muayyan farq zohir
bo'lib, hadis
sunnatga nisbatan
keng qamrovlidir.
Birinchidan
sunnatga
Payg'ambar
alayhissalomning
nabiylik
davrlaridan
oldingi axborlar
ham, shuningdek
Payg'ambarning
shaklu
shamoyillari
haqidagi xabarlar
ham kirmaydi.
Jumladan uning
jismi-jasadi,
qaddi-qomati,
sochi,
sihhatlariyu-betobliklari,
qanday taomlarni
marg'ub ko'rgan,
qanday taomlarni
xush ko'rmagan
kabilar ham
kirmagan.
Darhaqiqat
qator
olimu-ulamolar
sunnat bilan hadis
o'rtasidagi aniq
farqni sharhlab
o'tganlar. Masalan:
Abdurrahmon ibn
al-Mahdiydan (vafoti
812 yil) "Sufyon
as-Savriy hadisda
peshvo bo'lib,
sunnatda esa
peshvo (imom) emas,
al-Avzo'iy esa
sunnatda imom (peshvo)
bo'lib, hadisda
esa peshvolardan
sanalmagan. Molik
ibn Anas bo'lsa
ikkalasida (hadisda
va sunnatda) ham
peshvodir",
degan fikri
keltiriladi. Mana
shu mulohazalarga
tayanib aytish
mumkinki, hamma
sunnatlar hadis
hisoblanib, lekin
barcha hadis ham
sunnat
bo'lavermaydi.
Ba'zi
hollarda hadisga
nisbatan xabar
iborasi ham
qo'llaniladi.
Chunonchi har bir
hadis insonlarga
Payg'ambar
alayhissalomning
holi-ahvollaridan
muayyan bir xabar
keltiradi, garchan
xabar hadisga
nisbatan umumiyroq
tarzda bo'lsa-da.
Bu shu sababdan
sodir bo'ladiki,
xabarda zamon va
makon bilan
bog'liq bo'lmagan
holda odamlardan
nimaiki eshitilgan
bo'lsa hammasi
naql qilinadi. Shu
boisdan ham barcha
hadislar xabar
hisoblanib, ayni
vaqtda barcha
xabarlar hadis
bo'lavermaydi.
Mana shu
xususiyatlarga
binoan hadislar
bilan
shug'ullanadigan
olimlar muhaddis
laqabi bilan
atalib, xabar (yoki
u tarix ham
deyiladi) bilan
shug'ullanganlarga
al-Ixboriy laqabi
qo'llaniladi.
Sanad
va Matn.
Payg'ambar
alayhissalomning
hadislari ikki
asosiy qismdan:
Sanad va matndan
tashkil topadi.
Sanad: Biz bu
o'rinda sanadning
xilma-xil lug'aviy
ma'nolari xususida
to'xtalmaymiz.
Lug'at
kitoblarida (masalan
Ibn Manzurning "Lison
ul-arab",
Ibn Forisning "Mu'jam
maqoyis al-lug'at",
3-jild, 105-bet)
bu haqda batafsil
keltirilgan. Lekin
hadis ilmidagi
sanadning istiloh
sifatidagi
ma'nosiga kelsak,
sanad-bu
Payg'ambar
alayhissalomning
iborasimi yoki
boshqaga mansub
iboragami olib
borib bog'laydigan
vositadir. Matnga
asoslanib xabar
yetkazishga yoki
bo'lmasa boshqacha
qilib aytganda
hadisni birinchi
bo'lib aytgan (qoili)ga
yetkazish isnod
deyiladi. Sanad bu
roviylarning
silsilasidan
tashkil topgan.
Umumlashtirgan
holda aytadigan
bo'lsak, sanad va
isnod muayyan bir
tushunchani
bildirib, shu
xususidan ham arab
tilida “sanad
al-hadis” yoki
“isnod al-hadis”
deb bir ma'noda
baravar
yuritilaveradi.
Matn:
Uning ham bir
qancha lug'aviy
ma'nolari bo'lib,
hadis ilmida esa
istiloh sifatida
matnda (tekstda,
bayonda) ko'zga
tutilgan
ma'nolarni
anglatuvchi
so'zlardan (lafzlarga)
iboratdir.
Boshqacha ibora
bilan aytadigan
bo'lsak,
matn-sanadning
maqsadi va
matlabidir.
Chunonchi sanad
vosita, matn esa
maqsaddir. Mazmun
jihatdan matnda
buyruqlar,
ko'rsatmalar, man
etishlar, turli
xabarlar, ahkomlar
ifoda etiladi.
Hadislar
ham o'z navbatida
ikki toifaga
bo'linadi:
Qudsiy hadislar (al-hadis
al-qudsiy) va Payg'ambar
hadislari (al-hadis
an-Nabaviy).
Qudsiy hadislar
bular Payg'ambar
alayhissalomdan
rivoyat qilinib,
unga qo'shimcha
Olloh ta’lo (yoki
Olloh taboraka va
ta'lo) degan (qola
Olloh ta'lo, qola
Olloh a'zza va
jalla) iboralar
keltiriladi.
Ulamolar bu
xususda munozara
qilishib:
qo'shilgan
qo'shimcha faqat
so'z (qavl)
qo'shimchasimi
yoki mazmunga ham
qo'shimcha
keltiriladimi
degan savolni
o'rtaga
tashlaganlar.
Oqibatda bu
masalada ikki
nuqtai nazar
vujudga kelgan.
Ulardan birinchisi:
Qudsiy
hadislarning lafzi
Olloh tomonidan
aytilgan bo'lib,
Payg'ambar
alayhissalomga
qanday vahiy
keltirilgan bo'lsa,
shundayligicha
yetkazganlar,
degan fikrni
ilgari suradi.
Ikkinchi toifa esa
qudsiy
hadislarining
lafzi (so'zi)
Payg'ambar
alayhissalomga,
uning mazmuni (ma'nosi)
esa Olloh ta'loga
mansub bo'lib,
arshi a'lodan
ilhom yoyinki tush
ko'rish (manom)
tarzida uqdirilgan
fikrlar degan
g'oyani
qo'llab-quvvatlaydilar.
Odatda qudsiy
hadislar tavjiyh (yo'l-yo'riqlar
ko'rsatish) va
ruhiy salohiyatni
ko'tarish
mavzularini qamrab,
shari'at
masalalari va
ahkomlariga doir
bo'lmaydi.
Chunonchi qudsiy
hadislar o'z
mazmun mohiyati
jihatidan ruhoniy
qudsiy (muqaddaslik)
tamoyillarga ega
bo'lib, insonni
rabboniyati bilan
bog'laydi, uning
ajali va
rizqi-ro'zini
xavf-xatardan
himoya qiladi,
zulm va adovatdan
ogoh etib, uni
sobitqadam va
bardoshli
bo'lishga da'vat
etadi. Muxtasar
aytadigan bo'lsak,
ular o'ziga xos
bir ilohiy
ko'rsatmalar
bo'lib,
muqaddaslik
maqomiga loyiq
ko'rilgan rabboniy
yo'l-yo'riqlardir.
Albatta sahih
qudsiy hadislar
adad jihatidan
Payg'ambar
alayhissalom
hadislaridan juda
kamdir. Olim
al-Munoviy
o'zining "A
l- Ithofot as -
sanniyya fi l -ahodiys
al - qudsiya"
("Qudsiy
hadislar haqida
yuksak tuhfalar")
nomli asarida
qudsiy hadislarni
to'plab ulardan
atigi ikki yuz
yetmish ikkitasini
zikr qilgan.
Payg'ambar
alayhissalomning
hadislariga kelsak,
ular uning
so'zlari (qavllari),
harakatlari,
ahkomlari,
shakli-shamoyillari
hamda xulqiy
fazilatlari va
sifatlarini qamrab,
bunda lafz ham,
ma'no ham
Rasulullohning
o'zlaridan sodir
bo'lgandir.
Hadis
ilmi bilan
shug'ullanganlar
ham, umuman islom
dini tarixi bilan
shug'ullanganlar
ham sahoba va
tobe'iy degan
istilohlarga duch
kelishi tabiiydir.
Ayni vaqtda
hadislarning
ishonchli, to'g'ri
(sahih)ligini
aniqlashda ham
ushbu shaxslarning
alohida hissasi
bor. Shu boisdan
ham ular haqida
birqadar ma'lumot
berishlik maqsadga
muvofiqdir.
Sahoba
(arab tilida
birligi sahobiy,
ko'pligi esa
sahoba, ashob
shaklida bo'ladi)
hadis ilmida
istiloh sifatida
qo'llanib,
nubuvvatdan keyin
Payg'ambar
alayhissalom bilan
muloqotda bo'lgan
va vafotigacha
iymonida davom
etib islomiy hayot
kechirgan har
qanday musulmon
sahobalardan deb
ataladi.
Sahobalikning bir
nechta shartlari
bo'lib, ular
quyidagilardir:
a)
u kishi musulmon
bo'lishi va
kofirlar bilan
muloqotda
bo'lmasligi shart.
Agar u muloqotda
bo'lib undan keyin
islomni qabul
qilgan bo'lsa ham
baribir
sahobalardan
hisoblanmaydi.
b)
u kishi bilan
Payg'ambar
alayhissalom
o'rtasida muloqot
yuz bergan
bo'lishi muqarrar.
Agar u kishi
islomni qabul
qilganu lekin
Payg'ambar bilan
shaxsan muloqotda
bo'lmagan bo'lsa,
u kishi
sahobalardan
hisoblanmaydi,
garchan Payg'ambar
hayotliklarida
musulmon bo'lgan
bo'lsa-da.
v)
Payg'ambar
alayhissalom bilan
muloqot u zotning
nubuvvat (ba'sa)laridan
keyin yuz bergan
bo'lishi kerak,
undan oldin emas.
g)
u kishi islom
diniga mansub
holda vafot etishi
zarur, garchan
Payg'ambar bilan
muloqot vaqtida
musulmon bo'lib
muloqotdan keyin
islom dinidan
qaytgan bo'lsa, bu
holatda sahobalik
rutbasi undan
ketadi.
Mana
shu yuqorida zikr
etilgan shartlarga
ega shaxslar-u
erkakmi ayolmi,
yoshi kichikmi
yoki kattami,
qulmi yoki ozod
insonmi, bulardan
qat'iy nazar,
sahobalar
hisoblanadi. O'z
navbatida
sahobalikni isboti
uchun ham qator
masalalar bo'lib,
umumlashtirilgan
holda ularni
quyidagicha
ifodalash mumkin:
sahoba rivoyat
qiladigan xabarlar
uzluksiz bo'lishi,
u xabar el orasida
mashhur bo'lmog'i,
u kishining
Payg'ambar bilan
muloqotini shohidi
bo'lishi, u
sahobadan tobe'iy
rivoyat qilishi va
nihoyat u o'zining
sahoba ekanligini
zikr qilmog'i
zarur. Bular bilan
bir qatorda
Payg'ambar
alayhissalomdan
hadislar rivoyat
qiladigan
sahobalarning
adolatliligi ham
katta ahamiyat
kasb etadi.
Hadis
ilmini o'rganish
jarayonida
sahobalarga
bag'ishlangan
qator asarlar
ta'lif etilganligi
ham ushbu masala
hadisshunoslikda
alohida o'rin
tutganligiga
dalolatdir. Ushbu
asarlardan eng
muhimlari sifatida
quyidagilarni
ko'rsatish mumkin:
-Abu
Umar Yusuf ibn Abd
al-Barr an-Numariy
al-Qurtubiyning (vafotti
1071 yil) "Al-Istiy'ob
fi ma'rifat
al-ashob"
("Sahabolarni
bilishda mukammal
asar")
-Imom
Ali ibn Muhammad
al-Jazariy ibn
al-Asir (vafoti
1233 yil) qalamiga
mansub "Usd
al-g'obati fi
ma'rifat
as-sahobati"
("Sahobalarni
bilishda o'rmon
sherlari")
nomli asarida
yetti ming besh
yuz sahobaning
tarjimai hollarini
keltirgan.
-Imom
Ahmad ibn Ali ibn
Hajar al-Asqaloniy
(vafoti 1448 yil) "Al-Isoba
fi tamyiz
as-sahoba" ("Sahobalarni
ajratishda to'g'ri
kitob")
asarida alifbo
tartibida
sahobalarni
ajratib keltiradi.
Tobe'iylar
(ko'pligi
tobe'iynlar) deb
sahobalarning
suhbatida bo'lib
ulardan rivoyat
qilganlarga
aytiladi. Ba'zi
olimlar (masalan
al-Hokim
an-Naysoburiy, Abu
Amr ibn as-Saloh
kabilar)
sahobalarni
ko'rganu lekin
ulardan hadis
eshitmagan bo'lsa
ham tobe'iynlarga
mansub
etganlar.Tobe'iynlarning
hadisshunoslik
ravnaqidagi
hissalari katta
bo'lib, hatto
Qur'oni karimda
ham ularning
fazilatlari haqida
bashorat qilingan.