Imom
al-Buxoriyning
"Al-Jomi’
as-sahih"
asari islom dini
ta'limotlariga
ko'ra Qur'oni
karimdan keyingi
asosiy manba
hisoblanadi. Bu
asarning
to'lig'icha "Al-Jomi’
as-sahih al-musnad
min hadis
Rasululloh-sallollohu
alayhi va sallam
va sunanihi va
ayyomihi"
yoki bo'lmasa
tarixchi Badruddin
al-Ayniyning
yozishicha, "Al-Jomi’
al-musnad as-sahih
al-muxtasar min
umuri
Rasululloh-sallollohu
alayhi va sallam
va sunanihi va
ayyomihi” degan
nomlar bilan
atalsa-da, hadis
ilmida qisqacha
"al-Jomi’
as-sahih"
("Ishonchlito'plam"),
aksar holda esa
"Sahih
al-Buxoriy"
nomi bilan
mashhurdir.
Asarning qirqga
yaqin qo'lyozma
nusxalari Beruniy
nomidagi
Sharqshunoslik
institutida va
yana bir qancha
nusxalari
O'zbekiston
musulmonlari
idorasining
kutubxonasida
saqlanadi.
Ushbu
asarning yozilish
sabablari haqida
mulohaza
yuritilganda
azaldan olimlar
o'rtasida ikki xil
fikr mavjud.
Ulardan biri olim
Ibrohim ibn Ma'qal
an-Nasafiy (854
yilda vafot etgan)
Imom
al-Buxoriyning
nomidan shunday
hikoya qiladi:
"Bir kun biz
Ishoq ibn
Rohvayhning
huzurida
bo'lgandik. Shunda
u: birontangiz
Rasulluloh-sallollohu
alayhi va
sallamning sahih
hadislarini
muxtasar bir kitob
tarzida ja'm
qilsangiz
edi,-dedi. Bu gap
mening qalbimga
chuqur o'rnashib
qolib, o'shandan
boshlab "Al-Jomi’
as-sahih"
asarimni yozishga
kirishdim".
Tarixchi
an-Navaviy
keltirgan ikkinchi
fikr quyidagicha
talqin qilingan:
"Muhammad ibn
Sulaymon ibn
Forisning hikoyasi:
men imom
al-Buxoriy
hazratlari shunday
deganini
eshitganman:
"Tushimda
Payg'ambar
alayhissalomni
ko'ribman, go'yoki
men u zotning
ro'barularida
turibmanu
qo'limdagi
yelpig'ich bilan u
zoti sharifdan
nimalarnidir
haydayapman. Men
bu voqea haqida
tushning ta'birini
aytuvchilardan
so'rasam, Siz
Payg'ambar
alayhissalom
qavllarini kizbdan
tozalagansiz. Mana
shu gap mening
zimmamga "al-Jomi’
as-sahih"ni
yozishni yukladi".
Imom al-Buxoriy
g'oyatda taqvodor
va pokiza inson
bo'lganligidan
Muhammad
alayhissalomning
sahih hadislarini
to'plashga juda
katta mas'uliyat
va halollik bilan
yondoshgan. Shu
boisdan ham
allomaning o'zi:
"As-Sahih"
kitobimga tahorat
qilib ikki rak'at
namoz o'qimasdan
turib bironta ham
hadis
kiritmaganman-deb
ta'kidlaydi. O'rni
kelganda
ta'kidlash joizki,
Payg'ambar
hadislariga
bag'ishlanib o'sha
davrda yaratilgan
asarlarga
xilma-xil hadislar
bilan bir qatorda
sahobalarning
qavllariyu
tobe'iynlarning
fatvolari ham
kiritilgan. Bunga
misol qilib
mashhur olim Molik
ibn Anasning
(712-795) "al
Muvatto" va
boshqa qator
asarlarni
ko'rsatish mumkin.
Imom
al-Buxoriyning bu
yirik asari,
muallifning
o'zining
ta'kidlashicha ham,
aksar olimlarning
yozishlaricha ham
olti yuz ming
hadisdan saralanib
sahihlari tanlab
olingan va o'n
olti yil davomida
ta'lif etilgan.
Asar qayerda
yozilgan deb savol
tug'ilishi ham
tabiiy. Bu masala
haqida ham turli
fikrlar aytilgan.
Tarixchi ibn Hajar
al-Asqaloniy mana
shu fikrlarni
ja'mlab shunday
xulosaga kelgan:
Imom al-Buxoriy bu
yirik asarini
yozishni va uning
asosiy
mundarijasini
tuzishni Makkayu
mukarramada-Baytulloh
al-Haromda bo'lgan
vaqtidan boshlab
o'z ona yurti
Buxoroda asarini
nihoyasiga
yetkazib oqqa
ko'chirgan.
Albatta alloma o'z
asariga kiritgan
aksar hadislarni
xorijiy yurtlarda
safarda bo'lganida
to'plagan. O'z
asarini ishonchli
manba sifatida
bo'lishga alohida
e'tibor bilan
qaradi, shu
boisdan ham uni
uch marta tahrir
etib ushbu
tasnifini tugatdi.
Natijada islom
olamidagi barcha
muhaddislarga
namuna bo'ladigan,
Payg'ambar
alayhissalomning
sahih hadislarini
o'zida mujassam
qilgan mukammal
bir asar yaratildi.
Imom
al-Buxoriyning
hadis ilmi va
uning turli
tarmoqlari,
roviylar
tarixlaridan
hartomonlama
to'liq va keng
qamrovli ilmga ega
bo'lishi,
hadislarni
to'plash maqsadida
turli
mamlakatlarga
ilmiy safarlar
qilishi, ko'p
sonli va xilma-xil
saviyadagi
ustozu-shayxlardan
hadislar yozib
olganligi va
nihoyat uning aql
bovar qilmaydigan
darajada quvvai
hofizasining
kuchliligi, uning
noyob qobiliyati
va fidoyiligi-mana
shu omillar
allomaga "al-Jomi’
as-sahih" dek
ilmiy va amaliy
jihatdan yuksak
saviyada bo'lgan
yirik asar
yaratish
imkoniyatini berdi.
Shu bilan birga
aytish kerakki,
muallif o'z asari
uchun ma'lumotlar
to'plashga va
ularni ta'lif
etishga ko'p ham
shoshilmadi, balki
chuqur ilmiy
poydevorga (manhajga)
tayangan mukammal
reja asosida ish
olib bordi. Bu
jihatlar hadislar
to'plashda ham,
ularni asar
sifatida yaxlit
tartibga
keltirishda ham,
uning yozilish
muhlatida (o'n
olti yil davomida)
ham, shunday noyob
asar yaratilishi
uchun katta
ahamiyat kasb
etadigan ilmiy
muhit mavjud
bo'lgan
turli-tuman (Makka,
Madina, Basra,
Bag'dod, Buxoro)
shaharlarda
yozilishi ham bir
so'z bilan
aytganda, mazkur
omillarning
barchasi o'ziga
xos buyuk asar
yaratilishi uchun
poydevor bo'lib
xizmat qildi.
Imom
al-Buxoriyning
o'ziga xos uslubi
bo'lib, bu o'rinda
u yiqqan hadislar
roviylarining
hissasi alohida
o'rin tutadi.
Chunonchi bu
xususda manbalarda
"Sahih"ni
imom al-Buxoriydan
yetmish, to'qson,
yuz ming roviylar
rivoyat qilganligi
qayd qilinadi.
Uning roviylari
jumlasidan imom
Muslim ibn
al-Hajjoj, Abu
Zur'a, imom
at-Termiziy, ibn
Huzayma kabi hadis
ilmining yetuk
darg'alari ham
bo'lgan.
Hadislarni
roviylardan yozib
olishga ham imom
al-Buxoriy juda
katta mas'uliyat
va ehtiyotkorlik
bilan yondoshib,
faqat eng
ishonchli olimu
ulamolardangina
qayta-qayta
tekshirib hadis
yozib olgan. Bu
xususda allomaning
o'zi "ming
yoki undan ortiq
ishonchli (siqot)
ulamolardan hadis
yozib oldim,
mening asarimga
isnodi
keltirilmagan
bironta ham hadis
kirmagan",-deb
ta'kidlaydi. Shu
boisdan hadis
rivoyat qiladigan
shaxslarning
ahvollari,
ularning
nasl-nasabi, u
hadisni kimdan
eshitgan va boshqa
qator masalalarni
to'liq bilgach,
ulardan hadis
yozib olgan. Bu
haqida imom
al-Buxoriy "Biron
kishidan hadis
yozib olishim
boshqalarnikiga
o'xshamas edi. Men
agar biron
shaxsdan hadis
yozmoqchi
bo'lsam-eng avvalo
uning ismi sharifi,
kunyasi,
nasl-nasabi,
aytayotgan
hadisini qanday
manbadan olgan,
uning nusxalari
haqidagi
xabarlarni
so'rab-surishtirar
edim, ammo
boshqalar esa bu
masalalarga ko'p
ham e'tibor
bermaydilar"-deb
hikoya qiladi.
Uning "iymon-qavl
va unga amal
qilish"
demagan hechbir
kimsadan hadis
yozmaganligi olim
uchun qat'iy bir
qoida va
dasturulamal
sifatida butun
umri mobaynida
davom etdi. Barcha
ilmiy faoliyatida
mana shu
tartibotga qat'iy
amal qildi. Alloma
Abu Ja'far
al-Uqayliyning
yozishicha, imom
al-Buxoriy
"Sahih"
asarini yozib
tugatgach Ahmad
ibn Hanbal, Yax'ya
ibn Ma'iyn, Ali
ibn al-Madiyniy va
boshqa mashhur
olimlarga
ko'rsatganda ular
bu asarni katta
mamnuniyat bilan
ma'qullaganlar.
Avval
ta'kidlab
o'tilganidek, Imom
al-Buxoriyning bu
asariga faqat
sahiyh (ishonchli,
to'g'ri) hadislar
kiritilgan.
Albatta bu o'ta
mashaqqatli va
xayrli ishni
amalga oshirishda
muallif ma'lum
qonun-qoidaga
boshqacha qilib
aytilsa,
shartlarga, rioya
qilgan. Umuman
hadisshunoslik
ilmida tan olingan
olti sahih
asarning
mualliflari ham,
boshqa muhaddislar
ham o'ziga xos
shartlarga binoan
o'zasarlarini
yaratganlar. Bu
haqda olimlar
tomonidan maxsus
asarlar ham
bitilgan. Shular
jumlasiga Ibn
Tohir
al-Muqaddasiyning
"Shurut
al-aimmati
as-sitta"
("Olti
mashhur olimning
shartlari")
yoki bo'lmasa Abu
Bakr
al-Xozimiyning
qalamiga mansub
"Shurut
al-aimmati
al-xamsa"
("Besh
mashhur olimning
shartlari")
kabi asarlarini
ko'rsatish mumkin.
Manbalarda imom
al-Buxoriyning
shartlari deb
ataladigan ushbu
qoidalar, asosan,
quyidagilardan
iborat: isnod
muttasil, ya'ni
ketma-ket uzluksiz
bo'lishi, hadis
rivoyat qiluvchi
islom diniga
mansub bo'lib
haqgo'y bo'lib,
uning gapida
yolg'on va
pala-partishlik
bo'lmasligi zarur;
u (roviy) adolat
sifatlarini o'zida
mujassam qilgan,
o'zini tuta
biladigan vazmin,
o'tkir zehnli,
xato-nuqsoni kam,
iymon-e'tiqodi
komil inson
bo'lishi shart edi.
Mana shu shartlar
to'liq mujassam
bo'lganda o'zi
eshitgan sahih
hadislarning aksar
qismini imom
al-Buxoriy "Sahih"
asariga kiritdi.
Allomaning o'zi
ham: "Faqat
sahih (ishonchli,
to'g'ri) bo'lgan
hadislarnigina
"al-Jomi’
as-sahih"
asarimga kiritdim"
[1],-deb alohida
ta'kidlagan.
Mashhur muarrix
Ibn Hajar
al-Asqaloniy
shunday degan:
"Al-Jomi’
as-sahih"dagi
al-muallaqot va
al-mutobiat
hadislardan boshqa
men, sof tahrir
qilgan-mukarrarlari
(takrorlanadiganlari)
bilan birga kirgan
hadislarning
umumiy soni yetti
ming uch yuz
to'qson yetti
hadisdir. Ulardan
ta'liyqga
muallaqlari)
doirlari bir ming
uch yuzu qirq bir
hadisni tashkil
qiladi. Binobarin
Imom
al-Buxoriyning"
Sahih"
kitobiga kirgan
hadislar-takrorlanadiganlari
bilan birgalikda
jami bo'lib,
to'qqiz ming
sakson ikki
hadisdan iborat.
Ibn
Hajar al-Asqaloniy
yana:
Ushbu
adadga sahobalarga
tegishli (mavquf)
hadislar va
ulardan keyingi
tobe'iynlarga doir
maqtu'otlar
kirmaydi, -degan.
Yana
u:
-"Sahih
al-Buxoriy"da
bo'lgan mana shu
adadni Ollohning
inoyati bilan
kamoliga yetkazib,
to'liq tahrir
qilganman. Mendan
oldin bironta olim
shu darajada ish
bajarganini men
bilmayman. Sahv va
xatolardan xoliman,
deb qat'iy ishonch
bilan aytaolmayman,
Olloh o'zi
adadkor,-degan.
Imom
al-Buxoriyning
shoh asari
”Al-Jomi'
as-sahih”ga
bag'ishlanib, arab
tilida juda ko'p
sharhlar va
hoshiyalar
yozilgan bo'lib,
ular hajm va
ahamiyati
jihatidan
xilma-xildir.
Qator manbalarda (masalan
Hoji Xalifaning
"Kashf
uz-zunun",
al-Qastaloniyning
"Muqaddima",
Umar Rizo
Kahholaning "Mu'jam
al-muallifiyn"
kabilar)
keltirilishicha,
ularning soni
yuzga yaqindir.
Mana shu sharhlar
va ularning
mualliflari haqida
muxtasar
ma'lumotlar
keltirishni
maqsadga muvofiq
deb hisoblaymiz.
1.
"Sharh Ibn
al-Munayyir"ning
muallifi Imom
Nosiruddin Ali ibn
Muhammad ibn
al-Munayyir
al-Iskandaroniy
(1296 yil vafot
etgan) bo'lib,
uning qalamiga
mansub bu ulkan
sharh o'n katta
jilddan iborat.
Shuningdek imom
Nosiruddin "Sahih
al-Buxoriy"ga
bag'ishlangan Ibn
Battolning
sharhiga tegishli
hoshiyalar ham
yozgan.
2.
"Sharh Sahih
al-Buxoriy"ning
muallifi shomlik
olim Qutbiddin
Abdukarim ibn
Abdunnur ibn
Muniyr al-Halabiy
al-Hanafiydir (vafoti
1344 yil). O'n
jilddan iborat
bo'lgan bu sharh
"Sahih"ning
yarimigacha yetgan.
Muallif imom
al-Buxoriy asariga
mukammal bir sharh
yozishni niyat
qilgan ko'rinadi,
lekin, afsuski, bu
sharh oxirigacha
yetmay qolgan.
3.
"Al-Kavokib
ad-Diroriy"
nomli sharhning
muallifi alloma
Shamsuddin
Muhammad ibn Yusuf
ibn Ali
al-Kirmoniy (vafoti
1384 yil). Ilm
ahllari uchun
g'oyatda foydali
bo'lgan bu sharhda
muallif "Sahih
al-Buxoriy"ning
shu xildagi boshqa
asarlardan
ustunligi haqida
ishonchli va
yorqin dalillar
keltirgan.
Al-Kirmoniyning bu
asari "Sahih"ga
yozilgan
sharhlarning eng
muhimlaridan
hisoblanadi.
Muallif ushbu
asarini 1373 yilda
Makkai mukarramada
yozib tugatgan.
Mashhur olim Ibn
Hajar
al-Asqaloniyning
fikricha,
al-Kirmoniyning bu
sharhi qator
xato-kamchiliklardan
ham xoli emas. Bu
asar Qohirada chop
etilgan bo'lib,
uning qator
qo'lyozmalari
Qustantaniyaning
kutubxonalarida
saqlanadi.
4.
"At-Talviyh"
nomli sharh imom
al-Hofiz
al-Mug'ultoiy ibn
Qilich at-Turkiy
Alouddin al-Misriy
al-Xanafiyning (vafoti
1361 yil) qalamiga
mansub. Hajm
jihatidan katta
bo'lgan bu asar
ham "Sahih"ga
yozilgan muhim
sharhlardan
hisoblanadi.
5.
Shayx al-Islom
Abul-Fazl Ahmad
ibn Ali ibn Hajar
al-Asqaloniyning (vafoti
1448 yil) "Fath
al-boriy li sharhi
Sahih al-Buxoriy"
nomli sharhi imom
al-Buxoriyning
asariga bitilgan
eng mo''tabar
sharhdir.
XV
asrda yashagan
buyuk arab
mutaffakkiri Ibn
Xaldun o'zining
"Muqaddima"
nomli asarida
"Ibn Hajar
al-Asqaloniyning
imom al-Buxoriy
asariga yozgan
"Fath
al-boriy"
nomli sharhini
"butun islom
ummati o'rganishi
qarzdir",-deb
ushbu sharhni
yuksak baholagan
edi. Darhaqiqat,
ilmiy nuqtai
nazardan
al-Asqaloniyning
bu sharhi g'oyatda
muhim va mukammal
asar bo'lib, imom
al-Buxoriy asarini
o'rgangan har bir
tadqiqotchi va
o'quvchi unga
murojaat qilmasdan
iloji yo'q.
Muallif o'z
sharhini 1414
yildan boshlab,
1437 yili ya'ni
yigirma uch yilda
tugatgan bo'lsada,
unga umrining
oxirigacha (1448
yilgacha)
qo'shimchalar
kiritgan. Ibn
Hajar
al-Asqaloniydan
keyin “Sahih
al-Buxoriy”ga
sharh yozgan
barcha mualliflar
al-Asqaloniyning
ushbu mashhur
sharhiga murojaat
qilganlar.
6.
“Hadyus-soriy
muqaddimat Fath
al-boriy” nomli
sharhning muallifi
ham yuqorida zikr
qilingan Ibn Hajar
al-Asqaloniy
bo'lib, u “Fath
al-boriy”ga
yozilgan muqaddima
hisoblanadi. Bu
ulkan asar o'n
bo'limdan iborat
bo'lib, o'z
navbatida bu
bo'limlar ham
fasllarga
bo'linadi.
Kitobning oxirida
imom
al-Buxoriyning
tarjimai holi,
uning asarlari va
shogirdlari haqida
qimmatli
ma'lumotlar
keltirilgan.
7.
Al-Xitobiy nomi
bilan mashhur
bo'lgan imom Abu
Sulaymon Ahmad (u
Hamd ibn Muhammad
al-Bustiy nomi
bilan ham
mashhur-vafoti 998
yil) qalamiga
mansub sharh
“I'lom as-Sunan”
nomi bilan atalib,
u “Sahih
al-Buxoriy”ga
bag'ishlangan
dastlabki
sharhlardan biri
hisoblanadi.
Muallif yirik
muhaddis Abu Dovud
as-Sijistoniyning
"Sunan"
asariga
bag'ishlangan
"Ma'olim
as-Sunan"
nomli sharhini
tugatgach, Balx
ahlining
iltimosiga ko'ra
bir jildlik ushbu
sharh-"I'lom
as-Sunan"ni
ta'lif etdi.
Al-Xitobiy
ushbu sharhida
yo'l qo'ygan ayrim
xatolarni tuzatgan
Muhammad
at-Tamiymiy nomli
olim bu sharhni
oxiriga yetkazgan.
Uning bir
qo'lyozma nusxasi
Qustantaniyadagi
Oya So'fiya
kutubxonasida
saqlanadi. Ba'zi
olimlarning taxmin
qilishlaricha,
mazkur sharhning
bir qo'lyozmasi
Ikkinchi jahon
urushidan oldinroq
Olmoniyadagi Dor
al-Ulumning
qo'lyozmalar
bo'limida mavjud
bo'lgan.
8.
Olim Muhallab ibn
Abu Safra
al-Azadiyning
(vafoti 1043 yil)
qalamiga mansub
"Sharh
al-Muhallab"
nomli sharh haqida
deyarli hechbir
ma'lumotga ega
emasmiz. Faqat shu
narsa ma'lumki,
muallif o'z
sharhiga qo'shib
"Sahih
al-Buxoriy"ning
matnini ham
keltirgan.
9.
"Muxtasar
Sharh
al-Muhallab"
nomli sharhning
muallifi bundan
oldinroq zikri
o'tgan Muhallab
al-Azadiyning
shogirdi Abu
Abdulla Muhammad
ibn Xalaf
al-Murobit (vafoti
1092 yil) bo'lib,
u o'z ustozi
yozgan sharhni
muxtasar holga
keltirib, ammo
ba'zi foydali
ma'lumotlarni
qo'shimcha qilgan.
10.
"Al-Ajviba
a'lo al-masoil
al-mustag'raba min
al-Buxoriy"
nomli savollarga
javoblar
tariqasida
bitilgan ushbu
asarning muallifi
Abu Umar Yusuf ibn
Abdulla ibn
Muhammad ibn Abd
al-Birr al-Molikiy
(vafoti 1071 yil)
bo'lib, u imom
al-Buxoriy asari
bo'yicha ba'zi
olimlarning
javoblaridan
iboratdir.
11.
Alloma Abu
az-Zinodning
(vafoti yili
noma'lum) imom
al-Buxoriyning
"Sahih"
asariga yozgan
sharhi
"as-Siroj"
deb ataladi. Ushbu
sharh haqida
manbalarda boshqa
ma'lumotlar
uchratmadik.
12.
"Sharh Ibn
Battol" nomli
sharhning muallifi
imom Abu-l-Hasan
Ali ibn Xalaf ibn
Abdumalik ibn
Battol (vafoti
1052 yoki 1057
yil) bo'lib,
muallif ushbu
sharhida molikiya
mazhabiga moslab
fikr yuritgan.
Misrlik taniqli
muhaddis
al-Qastaloniy
ushbu sharhni
ko'rib tanishib
chiqqanligi haqida
yozib qoldirgan.
13.
"G'oyat
at-Tavziyh
lil-Jomi’
as-sahih"
nomli sharhning
muallifi alloma
Usmon ibn Iso
Ibrohim
as-Siddiyqiy
al-Hanafiy bo'lib,
u taxminan hijriy
o'ninchi asrning
oxirlarida vafot
etgan. Ushbu
sharhning bir
qo'lyozma nusxasi
Rampurdagi
al-Maktabat
al-amiriyyada
saqlanadi (sharh
ikki jilddan
iboratdir).
14.
"Al-Kavkab
as-soriy fi sharh
al-Jomi’
as-sahih
lil-Buxoriy"
nomli sharhning
muallifi ash-Shayx
Abul-Hasan Ali ibn
Husayn ibn Urva
al-Mousuliy
al-Hanbaliy
(vafoti 1432 yil)
bo'lib, ushbu
sharhning bir
qo'lyozma nusxasi
Hindistonning
Rampur shahridagi
al-Maktabat
al-amiriyyada
saqlanib, 470
sahifadan
iboratdir.
15.
Alloma Abdurrahmon
al-Bahraning
(vafot etgan yili
noma'lum) qalamiga
mansub asar
"Sharh Sahih
al-Buxoriy"
deb ataladi. Bu
sharhning birinchi
jildining ikki
nusxasi Rampurdagi
al-Maktabat
al-amiriyyada
saqlanadi. Ushbu
nusxalarning
harqaysinisi 492
sahifadan iborat
bo'lib, birqancha
sahifalari
yetishmaydi (nasx
xatida
ko'chirilgan).
16.
Rampurdagi
al-Maktabat
al-Amiriyya
kutubxonasida
saqlanadigan
boshqa bir
qo'lyozma ham
"Sharh Sahih
al-Buxoriy"
deb ataladi. 394
sahifadan iborat
ushbu sharhning
muallifi noma'lum
shaxs. Qo'lyozma
nasta'liq xatida
ko'chirilgan.
17.
Olim Abdulkarim
ibn Abdunnur ibn
Muniyr ibn
Abdulkarim ibn Ali
ibn Abdulhaq
al-Halabiy (vafoti
1334 yil)
"Sahih"ga
bitgan asar
"Sharh
al-Buxoriy"
deb ataladi. Bu
sharh haqida
alloma as-Suyutiy
o'zining
"Husn
al-muhodara"
asarida o'z
fikr-mulohazalarini
bildirgan.
18.
Alloma
as-Sanadiyning
shogirdi Ali ibn
Mustafo
ash-Shofi'iy
al-Halabiy (vafoti
1761 yil)ning
qalamiga mansub
asar "Sharh
Sahih
al-Buxoriy"
deb ataladi. Ushbu
sharh oxirigacha
tugallanmagan
bo'lib, u faqat
"Sahih"ning
"Kitob
al-mag'oziy"
qismiga qadar
bajarilgan.
19.
Abu Ja'far Ahmad
ibn Sa'iyd
ad-Dovudiyning
(vafot etgan yili
noma'lum)
"Sharh
ad-Dovudiy"
nomi bilan
atalguvchi sharhi
ko'pchilik
olimlarning
fikricha
“Sahih"ning
juda qimmatli
sharhlaridan biri
hisoblanadi.
20.
Mavlona Ahmad
Alining (vafoti
1881 yil) qalamiga
mansub sharh
"al-Usmoniy
a'lo hoshiyat
Sahih
al-Buxoriy"
deb ataladi.
Afsuski, ushbu
sharh va uning
muallifi haqida
aniq ma'lumotlarga
ega emasmiz.
21."Al-I'lom
biman zukira
fil-Buxoriy min
al-A'lom"
nomli asarning
muallifi yuqorida
zikr etilgan
mashhur muarrix
shayx ul islom Ibn
Hajar
al-Asqaloniydir.
Muallif bu asarida
o'zining
"Tahzib
al-kamol"
nomli asariga
kirmay qolgan
roviylarni zikr
qiladi.
Shuningdek, ibn
Hajar al-Asqaloniy
"Sahih
al-Buxoriy"ga
bag'ishlab yana
quyidagi
sharhlarni ham
bitgan.
a)"Ta'liyq
at-ta'liyq"-bu
asarda
"Sahih"dagi
muallaqatlar
haqida fikr
yuritiladi. Asar
qoralamasi 1402
yilda tugallangan.
b)"Intiqoz
al-e'tiroz"
nomli asarida
muallif alloma
al-Ayniyning
e'tirozlariga
javob beradi.
Ushbu asarning bir
qo'lyozma nusxasi
Rampur shahridagi
kutubxonada
saqlanadi.
v)"Tajriyd
at-Tafsir"-nomidan
ham ayon
bo'layotganidek,
Ibn Hajar
al-Asqaloniy bu
asarida
"Sahih"ning
Qur'oni karim
suralari bilan
bog'liq
o'rinlarini
tafsirlab
sharhlaydi.
22.
Imom
al-Buxoriyning
"Sahih"
asariga bag'ishlab
bitilgan qimmatli
sharhlardan biri
alloma Badruddin
Abu Muhammad ibn
Ahmad ibn Muso
al-Ayniy
al-Hanafiyning
(vafoti 1451 yil)
"U'mdat
al-qoriy fi sharhi
"Sahih
al-Buxoriy"
nomli asaridir. Bu
mashhur sharh
qayta-qayta chop
etilgan, jumladan
Qohira, Bayrut
(o'n jildlik)
nashrlari
ma'lumdir. Muallif
bu yirik sharhini
yozishga 1418
yilda kirishib,
uni yigirma olti
yildan keyin ya'ni
1444 yilda
kamoliga
yetkazgan.
Badruddin al-Ayniy
bu sharhini
yozishda Ibn Hajar
al-Asqaloniyning
mashhur "Fath
al-boriy"
sharhidan ko'p
o'rinlarda
foydalangan, hatto
undan to'liq
sahifalarini
so'zma-so'z
ko'chirib olgan
o'rinlari ham bor.
23."Shavohid
at-tavziyh"
nomli sharh
Sirojuddin Umar
ibn Ali ibn Ahmad
ibn al-Mulaqqin
ash-Shofi'iy
(vafoti 1402
yil)ning qalamiga
mansub bo'lib,
yigirma
mujalladdan iborat
juda yirik
asardir.
Al-Asqaloniy ushbu
asarni mutolaa
qilib ko'p
foydalangani
haqida alohida
ta'kidlagan.
24.Alloma
Shamsuddin Abu
Abdulloh Muhammad
ibn Abdudoim ibn
Muso al-Burmoviy
(vafoti 1427
yil)ning sharhi
"al-Lomi'
as-sabiyh"
deb ataladi. Bu
to'rt jilddan
iborat sharhni
yozishda muallif
o'zidan oldin imom
al-Buxoriy asariga
bitilgan (masalan
az-Zarkashiy,
al-Kirmoniy kabi
mualliflarning)
sharhlaridan keng
ko'lamda
foydalangan. Ushbu
sharhning bir
qo'lyozmasi
Qustantaniyadagi
Oya So'fiya
kutubxonasida,
yana bir nusxasi
esa Ikkinchi jahon
urushidan oldin
Olmoniyadagi Dor
al-u'lumda mavjud
bo'lganligi qayd
etiladi.
25."At-Talqih
li-fahm al-qoriy
as-Sahih"
nomli sharhning
muallifi Sabt ibn
al-Ajamiy nomi
bilan mashhur
bo'lgan
Burhonuddin
Ibrohim ibn
Muhammad ibn Xalil
al-Halabiy (vafoti
1434 yoki 1438
yil) bo'lib, ikki
jilddan iborat bu
asar g'oyatda
qimmatli
sharhlardan
hisoblanadi. Sabt
ibn al-Ajamiyning
ushbu sharhidan
ko'p taniqli
olimlar, jumladan
alloma Ibn Hajar
al-Asqaloniy ham
"Sahih"ga
yozgan sharhida
undan ko'p
o'rinlarda
foydalangan.
26.
Mashhur olim
al-Hofiz Alouddin
al-Mug'ultoiyning
"at-Talvih"
nomli sharhini
qisqartirilgan
holda olim
Jaloluddin ibn
Ahmad ibn Yusuf
at-Tabboniy
al-Xalabiy (vafoti
1392 yil)
"Muxtasar
sharh
al-Mug'ultoiy"
nomli bir sharh
bitgan edi.
Afsuski ushbu
sharh haqida
manbalarda boshqa
ma'lumotlarni
uchratmadik.
27.
Alloma Taqiyuddin
Yah'yo ibn
Muhammad ibn Yusuf
al-Kirmoniy
(vafoti 1430 yil)
"Sahih
al-Buxoriy"ga
bitgan sharhini
"Majma'
al-bahrayn va
javohir
al-habarayn"
nomi bilan atagan.
Sakkiz ulkan
jildlardan iborat
ushbu sharhini
yozishda muallif
o'zidan oldin
o'tgan qator
olimlarning
(masalan, otasi
al-Kirmoniy, Ibn
al-Mulaqqin,
az-Zarkashiy,
ad-Dumyotiy, ibn
Hajar al-Asqaloniy
va hokozolar)
sharhlaridan keng
ko'lamda
foydalangan.
28.
"Sharh Sahih
al-Buxoriy"
nomli asar Abu
Hafs Umar ibn
al-Hasan ibn Umar
al-A'vaziy
al-Ashbiyliyning
(vafoti 1068 yil)
qalamiga
mansubdir. Afsuski
ushbu sharh haqida
manbalarda boshqa
ma'lumotlar
keltirilmagan.
29.
Abul-Qosim Ahmad
ibn Muhammad ibn
Umar ibn Varad
at-Tamiymiyning
(vafot etgan
yilini bilolmadik)
qalamiga mansub
"Sharh Sahih
al-Buxoriy"
haqida bundan
ortiq ma'lumot
uchratmadik.
30.
"Sharh ibn
at-Tayyin"
nomli sharh yozgan
Imom Abdulvohid
ibn at-Tayyin
as-Safoqisiyning
(vafoti 1214 yil)
bu asaridan
"Fath
al-boriy",
nomli sharh yozgan
alloma Ibn Hajar
al-Asqaloniy qator
masalalarda o'z
asarida
foydalangan.
31.
Imom Nosiruddin
Ali ibn Muhammad
ibn al-Munayyir
al-Iskandaroniy
(vafoti 1296 yil)
"Sahih"ga
bag'ishlagan bir
sharhini
"al-Mutavoriy
a'lo tarojum
al-Buxoriy"
deb atagan.
Sharhlovchi bu
asarida
"Sahih
al-Buxoriy"dan
to'rt yuz masala
tanlab olib ularni
mufassal
sharhlagan holda
ajoyib javoblar
qaytargan.
32.
"Sharh Sahih
al-Buxoriy"
nomli sharhning
muallifi Abu
Asbag' Iso ibn
Sahl ibn Abdulla
al-Asadiy (vafoti
1093 yil) bo'lib,
afsuski bu sharh
haqida bundan
boshqa ma'lumotlar
uchratmadik.
33.
Alloma Rukniddin
Ahmad ibn Muhammad
ibn Abdulmo'min
al-Quraymiy
(vaofti 1381 yil)
yozgan asar
"Sharh Sahih
al-Buxoriy"
deb ataladi.
Mazkur sharhning
afzalliklari
haqida Ibn Hajar
al-Asqaloniy, Ibn
al-Imod kabi
mashhur olimlar
alohida qayd
qilganlar.
34.
"At-Tanqih
li-alfoz
al-Jomi’
as-cahih"
nomli sharqning
muallifi ash-Shayx
Badruddin Muhammad
ibn Bahodir ibn
Abdulloh
az-Zarkashiy
ash-Shofi'iy
(vafoti 1392 yil)
bo'lib, bu juda
ham mu'jaz
sharhdir. Mazkur
sharhning bir
nusxasi Batnadagi
Sharq
qo'lyozmalari
kutubxonasida,
yana bir nusxasi
esa
Qustantaniyadagi
Oya So'fiya
kutubxonasida
saqlanadi.
35.
Az-Zarkashiyning
mazkur
"at-Tanqih"
nomli sharhiga
shayx ul-islom Ibn
Hajar al-Asqaloniy
"an-Nukat"
nomli bir asar
bitgan edi. Lekin
Hoji Xalifa ham
o'z asarida qayd
etganidek, muallif
ushbu asarini
oxirigacha
tugatmagan.
36.
Al-Qoziy
Muhibiddin Ahmad
ibn Nasrulloh ibn
Ahmad al-Bag'dodiy
al-Xanbaliy
(vafoti 1440 yil)
"Sahih
al-Buxoriy"ga
bag'ishlab yozgan
asarini ham
"an-Nukat"
deb atagan. Bu
sharh ham yuqorida
zikr qilganimiz
alloma
az-Zarkashiyning
"at-Tanqiyh"
nomli sharhiga
munosabat
tariqasida
yozilgan asardir.
37.
"Sharh Sahih
al-Buxoriy"
nomli asarning
muallifi alloma
an-Navaviy
ash-Shofi'iydir
(vafoti 1278 yil).
Imom Muslim ibn
al-Hajjojning
"Sahih"
asariga yozgan
muqaddamasida
sharhlovchi
(an-Navaviy)ning
o'zi ham ta'kidlab
o'tganidek,
afsuski ushbu
sharh oxirigacha
tugallanmay faqat
"Sahih
al-Buxoriy"ning
"Kitob
al-iymon"
qismigacha yetgan.
38.
Al-Hofiz Imodiddin
Ismoil ibn Umar
Kasir ad-Dimashqiy
(vafoti 1372 yil)
ham o'z asarini
"Sharh Sahih
al-Buxoriy"
deb atagan. Ushbu
sharh ham
"Sahih
al-Buxoriy"ning
oxirigacha
yetkazilmay uning
bir qismini
qamragan, xolos.
39.
"Al-Fayz
al-Joriy"
nomli sharh alloma
Sirojuddin Umar
ibn Raslan
al-Balqiyniy
ash-Shofi'iy
(vafoti 1401 yil)
qalamiga mansub
bo'lib, bu ham
"Sahih"ning
bir qismining
sharhi bo'lib
oxirigacha
yetkazilmagan.
Sharh ellik
juz'dan iborat
bo'lib faqat
"Kitob
al-iymon"gacha
yetgan.
40.
"Sharh Sahih
al-Buxoriy"
nomli asarning
muallifi
Burhonuddin
Ibrohim ibn
an-Nu'moniy (vafot
etgan yili
noma'lum) bo'lib,
bu sharh ham Imom
al-Buxoriy
asarining faqat
bir qismini
sharhlagan.
41.
Madinai
Munavvarada
yashagan olim
Abul-Baqo Muhammad
ibn Ali ibn Xalaf
al-Ahmadiy
al-Misriy
ash-Shofi'iy
(vafot yili
noma'lum) taxminan
1504 yilda
"Sharh Sahih
al-Buxoriy"
nomli asarini
ta'lif etgan.
Ushbu sharh hajm
jihatidan juda
katta bo'lib,
muallif o'zidan
oldin yozilgan
qator sharhlardan
(al-Kirmoniy,
al-Ayniy,
al-Asqaloniy va
boshqalarning
asarlaridan) keng
ko'lamda
foydalangan.
42.
Yusuf Afandizoda
Abdulloh ibn
Muhammad nomi
bilan tanilgan Abu
Abdulloh
Muhammadning
(vafoti 1754 yil)
"Sahih
al-Buxoriy"ga
bag'ishlab yozgan
sharhi "Najoh
al-qoriy" deb
ataladi. Olman
sharqshunosi
K.Brokkelmanning
yozishicha, mazkur
sharh o'ttiz
qismdan iborat.
Mazkur sharhning
bir qo'lyozma
nusxasi
Qustantaniyadagi
al-Jomi’
ash-sharifdagi
Valiuddin Sulton
Boyazid
kutubxonasida
saqlanadi.
43.
Alloma Abu
Abdulloh Muhammad
ibn Ahmad ibn
Marzuq
at-Tilimsoniy
(vafoti 1439 yil)
"Sahih
al-Buxoriy"ga
bag'ishlagan
sharhini
"al-Matjar
ar-rabiyh
v-al-mas'an
ar-rajiyh"
nomi bilan atagan.
Biroq ushbu sharh
ham oxirigacha
yetmay qolgan.
44.
"Bug'yat
as-some’ fi
sharh
al-Jomi’"
nomli sharh
Jamoluddin Abu
Yusuf ibn Umar ibn
Hasanning (hijriy
o'ninchi asrda
vafot etgan)
qalamiga mansub.
Ushbu sharhning
bir qo'lyozma
nusxasi
Qustantaniyadagi
Valiuddin Sulton
Boyazid
kutubxonasida
saqlanadi.
45.
Alloma Zaynuddin
Abdurahim ibn
Abdurahmon ibn
Ahmad al-Abbosiy
ash-Shofi'iy
(vafoti 1556 yil)
o'z asarini
"Sharh Sahih
al-Buxoriy"
deb atagan. O'ziga
xos yangi bir
uslubda bitilgan
ushbu sharhning
qator qimmatli
jihatlari haqida
ko'p olimlar o'z
fikr-mulohazalarini
bildirganlar.
Taniqli olimlar
Burhonuddin Abu
Sharif va Abdu
al-Birr ibn
ash-Shihna bu
sharhga bag'ishlab
maxsus taqriz ham
yozganlar.
46.
"Masabiyh
al-Jomi'"
nomli sharhning
muallifi Badruddin
Muhammad ibn Abu
Bakr ad-Damomiyniy
(vafoti 1425 yil)
bo'lib, u ushbu
sharhini vafotidan
biroz vaqt
muqaddam yozib
tugatgan. Asarning
bir qo'lyozma
nusxasi
Qustantaniyadagi
Nur al-Usmoniya
kutubxonasida
saqlanadi.
47.
Mashhur olim
Jaloluddin
Abdurrahmon ibn
Abu Bakr
as-Suyutiyning
(vafoti 1505 yil)
qalamiga mansub
sharh
"At-Tavshiyh
a'lol-Jomi’
as-cahih" deb
ataladi. Bu hajm
jihatidan katta
bo'lmagan mu'jaz
sharhning bir
qo'lyozmasi
Turkiyadagi Ahmad
as-solis
kutubxonasida
saqlanadi.
48.
Olim al-Hofiz
Zaynuddin
Abdurrahmon ibn
Ahmad ibn Rajab
al-Hanbaliy
(vafoti 1393 yil)
qalamiga mansub
sharh ham
"Fath
al-boriy" deb
ataladi. Imom
al-Buxoriy
asarining bir
qismiga (undan
faqat "Kitob
al-Janoiz"gacha
yetgan) oid ushbu
sharh garchand
qimmatli bo'lsa-da
kitobning
oxirigacha yetmay
qolgan.
49.
"Manh
al-boriy bis-sayh
al-fasiyh
al-joriy"
nomli sharhning
muallifi alloma
Majduddin Abu
Tohir Muhammad ibn
Yaqub
al-Fayruzobodiy
ash-Sheroziy
(vafoti 1415 yil)
bo'lib, u qirq
jilddan iborat
ulkan bir sharh
bitishni
rejalashtirgan
edi. Biroq muallif
o'z sharhini
yigirma jildini
tugatgan xolos.
50.
Shayx ul-islom Ibn
Hajar
al-Asqaloniyning
shogirdi olim
Zakariyo
al-Ansoriyning
(vafoti 1523 yil)
qalamiga mansub
sharh
"Hidoyat
al-boriy"
(ba'zi mualliflar
uni "Tuhfat
al-boriy bi-sharh
Sahih
al-Buxoriy"
yoki "Hidoyat
al-qoriy" deb
zikr qilganlar)
deb ataladi. Ushbu
sharh Qohirada
nashr etilgan.
51.
Olim Abu Abdulloh
Muhibuddin
Muhammad ibn Umar
ibn Muhammad ibn
Rashid as-Sabtiy
(vafoti 1323 yil)
qalamiga mansub
asar
"Tarjumon
at-tarojum"
deb ataladi. Bu
sharh faqat imom
al-Buxoriy
asaridagi boblar
tarojumlariga
bag'ishlangan
bo'lib, oxirigacha
tugallanmay faqat
"Kitob
as-savm"gacha
yetgan bo'lsa-da,
g'oyatda foydali
asardir.
52.
"Irshod
as-soriy"
nomli sharhning
muallifi
Shihobuddin Ahmad
ibn Muhammad ibn
Abu Bakr al-Xatiyb
al-Qastaloniy
al-Misriy (vafoti
1517 yil) bo'lib,
u asar matnini ham
o'z ichiga olgan.
Bu qimmatli sharh
imom al-Buxoriy
asarining
tushunishi qiyin,
murakkab
o'rinlarini
anglashda
o'quvchilarga
beqiyos ko'mak
beradi. Muallif
ushbu sharhini
yaratishda
"Sahih
al-Buxoriy"ga
bag'ishlangan juda
ko'p yirik
sharhlardan,
jumladan
al-Asqaloniyning
mashhur sharhi
"Fath
al-boriy" dan
ham unumli
foydalangan. Ushbu
sharhning yana bir
qimmatli tomoni
shundaki, unda
imom
al-Buxoriyning
hayoti va ijodiy
faoliyati haqida
maxsus bir bo'lim
keltirilgan.
53.
"Sharh Sahih
al-Buxoriy"
nomi ostida qator
mualliflarning
sharhlari borki
ularni
alohida-alohida
keltirmasdan bir
yo'la keltirishni
lozim topdik.
Shular jumlasidan:
-Imom
Afiyfuddin Sa'iyd
ibn Muhammad ibn
Mas'ud
al-Kozuruniy
(vafoti 1357 yil)
bo'lib, u Sheroz
shahrida yashagan
va ayni shu
shaharda o'z
sharhini yaratgan.
-Imom
Zaynuddin Abi
Muhammad
Abdurrahmon ibn
Abubakr al-Ayniy
al-Hanafiy (vafoti
1488 yil) qalamiga
mansub sharh uch
jilddan iborat
bo'lib, uning
hoshiyasida
"Sahih"ning
matni ham
keltiriladi.
-Imom
Raziyuddin Hasan
ibn Muhammad
as-Sag'oniy
al-Hanafiy (vafoti
1252 yil) qalamiga
mansub mu'jazgina
sharh atigi bir
jilddan iborat
bo'lib, u Qohirada
chop etilgan.
-Faxr
al-Islom laqabi
bilan mashhur Ali
ibn al-Bazdaviy
al-Hanafiy (vafoti
1489 yil) qalamiga
mansub asar ham
mu'jazgina
sharhdir.
-Al-Qoziy
Majduddin
Abul-Fido Ismoil
ibn Ibrohim
al-Bilbiysiy
(vafoti 1407 yil)
qalamiga mansub
sharh haqida
hechbir ma'lumotga
ega emasmiz.
-Al-Qoziy
Zaynuddin
Abdurrahim ibn
ar-Rukn Ahmad
(vafoti 1460 yil)
yozgan sharh
xususida bizga
ma'lum manbalarda
hechqanday
ma'lumot
keltirilmagan.
-Al-Qoziy
Abubakr Muhammad
ibn Abdulloh
al-Arabiy
al-Molikiy
al-Hofizning
(vafoti 1148 yil)
qalamiga mansub
sharhning
tafsilotlari
haqida hechbir
ma'lumot
uchratmadik.
-Shihobuddin
Ahmad ibn Raslon
al-Muqaddasiy
ar-Ramaliy (vafoti
1440 yil) qalamiga
mansub sharh uch
jilddan iborat.
-Abulqosim
Ismoil ibn
Muhammad
al-Isfahoniy
al-Hofiz (vafoti
1141 yil) qalamiga
mansub sharh
haqida ham deyarli
hechbir ma'lumotga
ega emasmiz.
-Alloma
al-Kafiyriy
Muhammad ibn Ahmad
ibn Musoning
(vafoti 1426 yil)
yozishicha, u o'z
sharhini Sa'iyd
ibn Mas'ud
al-Koziruniyning
asaridan ko'p
foydalangan holda
yozgan. Ba'zi
tarixchilarning
yozishlaricha,
al-Kafiyriyning
"Sahih
al-Buxoriy"ga
bag'ishlangan
boshqa yirik
sharhlari ham
mavjud.
-Alloma
Abdulboqiy ibn
Abdulqodir
al-Ba'liy
al-Azhariy
ad-Dimashqiy
(vafoti 1660
yil)ning qalamiga
mansub sharh ba'zi
olimlarning
fikricha
"Sahih
al-Buxoriy"ning
katta qismini
qamrab oladi.
-Ibn
Hamza nomi bilan
mashhur alloma
as-Sayyid Ibrohim
(vafot etgan yili
noma'lum) qalamiga
mansub sharh
xususida ham
ortiqcha
ma'lumotlarga ega
emasmiz.
-Ash-Shayh
Ali ash-Shomiy
al-Hadiydiy (vafot
etgan yili
noma'lum) yaratgan
sharh "Sahih
al-Buxoriy"
ning bir qismiga
bag'ishlangan
mu'jaz sharhdan
iborat.
55.
"Al-Xayr
al-joriy"
nomli sharh alloma
Muhammad Yaqub
al-Bannoniy
(vafoti 1595 yil)
qalamiga mansub
bo'lib, muallif bu
asarini Badruddin
al-Ayniy,
al-Qastaloniy, ibn
Hajar al-Asqaloniy
va boshqa
olimlarning
sharhlaridan
iqtibos qilib
yaratgan. Ayni
vaqtda to'rt
jilddan iborat
mazkur sharhning
o'ziga xos ko'p
foydali tomonlari
ham bor.
56.
Alloma
al-Qastaloniyning
(vafoti 1517 yil)
qalamiga mansub
"Tuhfat
as-somi' val-qoriy
li-xatmi Sahih
al-Buxoriy"
deb atalgan
sharhning
mazmun-mohiyati
haqida boshqa
ma'lumotga ega
emasmiz.
57.
"Al-Kavsar
al-joriy a'lo
riyoz
al-Buxoriy"
nomli sharhning
muallifi al-Fozil
Ahmad ibn Ismoil
ibn Usmon
al-Kavroniy
(vafoti 1488 yil)
bo'lib, muallif
ushbu sharhini
1469 yilda
tugatgan.
"Sahih
al-Buxoriy"ning
qimmatli asar
ekanligi haqida
ko'p ma'lumotlarni
qamragan bu
sharhning bir
qo'lyozma nusxasi
Qustantaniyadagi
Oya So'fiya
kutubxonasida
saqlanadi.
58.
"At-Tavzih
lil-avhom
al-voqi’a
fis-Sahih"
nomli sharhning
muallifi Abu Zar
Ahmad ibn Ibrohim
ibn Muhammad ibn
Xalil ibn as-Sabt
al-Halabiy (vafoti
1479 yil) yozgan
bu asar nomidan
ham ko'rinib
turganidek imom
al-Buxoriy
asarining
munozarali
o'rinlarini
oydinlashtirishga
bag'ishlangan.
Ushbu muallifning
"At-Tavziyh
li-mubhamot
al-Jomi'
as-Sahih"
nomli sharhi ham
aynan shu mavzuga
oiddir. Mazkur
sharhning bir
qo'lyozma nusxasi
Ikkinchi jahon
urushidan oldin
Olmoniyadagi
"Dor
al-u'lum"ning
qo'lyozmalar
fondida saqlangan.
59.
Alloma Abdurrahim
ibn Abdurrahmon
al-Abbosiy (vafoti
1517 yil)
"Sahih
al-Buxoriy"ga
bitgan sharh
"Fayz
al-boriy fi sharh
g'ariyb Sahih
al-Buxoriy"
deb ataladi.
60.
Nasaf (Qarshi)lik
olim Najmiddin Abu
Hafs Umar ibn
Muhammad
an-Nasafiyning
(vafoti 1142 yil)
samarali ilmiy
faoliyatida imom
al-Buxoriyning
"Sahih"
asariga yozgan
"Kitob
an-Najoh fi sharhi
kitob axbor
as-Sihoh"
nomli sharhi
alohida o'rin
egallaydi.
61.
"Shavohid
at-tavzih
vat-tashih
li-mushkilot
al-Jomi'
as-Sahih"ning
muallifi ash-Shayx
Jamoluddin
Muhammad ibn
Abdulloh ibn Molik
an-Nahviy (vafoti
1273 yil) o'z
asarida
"Sahih
al-Buxoriy"ning
nahviy (grammatik)
jihatdan murakkab
o'rinlarini
sharhlagan. Olman
sharqshunosi Karl
Brokkelmanning
yozishicha, Ibn
Molik
"at-Tavziyh
fi i'rob
al-Buxoriy"
nomli boshqa bir
sharh ham yozgan.
62.
Alloma As-Sayyid
Abdulavval ibn
al-A'lo
al-Husayniy
al-Javonfuriy
(vafoti 1561 yil)
qalamiga mansub
sharh "Fayz
al-boriy" deb
ataladi. Afsuski
ushbu sharh haqida
boshqa
ma'lumotlarga ega
emasmiz.
63.
"Nur
al-qoriy"
nomli sharh va
uning muallifi
ash-Shayx Nuriddin
ibn Shayx Muhammad
Solih al-Ahmad
Obodiy (vafoti
1743 yil) haqida
Hasanxon
al-Qanujiy
o'zining
"Ithof
an-nubalo"
nomli asarida
ba'zi
ma'lumotlarni
beradi.
64.
Olim Ismoil ibn
Muhammad ibn
Abdulhodiy
al-A'jluniy
(vafoti 1749 yil)
"al-Fayz
al-joriy"
nomli sharhini
1728 yilda
Damashqdagi
al-Masjid
an-Nabaviyda yoza
boshlagan edi.
65.
Abul-Hasan
Muhammad ibn Ahmad
al-Jiyoniy
an-Nahviy (vafoti
1148 yil) qalamiga
mansub asar
"Sharh
g'ariyb Sahih
al-Buxoriy"
deb ataladi.
Afsuski yozma
manbalarda ushbu
sharhning
tafsilotlari
haqida hechqanaqa
ma'lumot
keltirilmagan.
66.
Abul-Hasan Ali ibn
Nosiruddin (vafot
etgan yili ma'lum
emas) yozgan sharh
"Siyonat
al-Qoriy a'n
al-xato fi Sahih
al-Buxoriy"
nomi bilan
ataladi. Ushbu
sharh haqida
boshqa
ma'lumotlarga ega
emasmiz.
"Ma'uvnat
al-qoriy"
nomli boshqa bir
sharh Abul-Hasan
Ali ibn Nosiruddin
Muhammad ibn
Muhammad
al-Molikiy (vafot
etgan yili
noma'lum)
tomonidan
yozilgan. Mazkur
ikki sharh haqida
boshqa
ma'lumotlarga ega
emasmiz.
67.
Alloma Siddiq
Hasanxon
al-Qanutiy
o'zining
"al-Hitta"
nomli asarida olim
ash-Shihob Ahmad
ibn Ali ibn Umar
ibn Solih
al-Maniyniy
al-Usmoniyning
(vafoti 1760 yil)
"Izoat
ad-Diroriy"
va imom
Abdurrahmon
al-Ahdal
al-Yamaniyning
(vafoti 1450 yil)
"Misboh
al-qoriy” nomli
sharhlari haqida
ba'zi
ma'lumotlarni
keltiradi.
68.
Birqator qimmatli
asarlarning
muallifi, taniqli
adib G'ulom Ali
al-Baljaromiy
(vafoti 1786 yil)
qalamiga mansub
sharh "Zav'
ad-Diroriy"
deb ataladi.
Muayyan darajada
qimmatli bo'lgan
keng qamrovli bu
sharh, afsuski,
oxirigacha yetmay
qolgan.
69.
"Ziyo
as-soriy"
nomli sharhning
muallifi alloma
Abdulloh ibn
ash-Shayx Solim
ibn Muhammad
al-Basriy
al-Molikiy (vafoti
1722 yil) bo'lib,
uch jilddan iborat
mazkur sharhning
ikki nusxasi
Qustantaniyaning
qo'lyozma
fondlarida-biri
Nur Usmoniya,
ikkinchisi Sulton
Boyazid
kutubxonalarida
saqlanadi.
70.
Alloma as-Sayyid
Muhammad ibn Ahmad
al-Ahdal
al-Yamaniy (vafoti
1881 yil) qalamiga
mansub sharh
"Sullam
al-qoriy" deb
atalib, afsuski,
uni haqida boshqa
ma'lumotlarga ega
emasmiz.
71.
"Nur
as-soriy"
nomli sharh
muallifi alloma
ash-Shayx Hasan
al-Adviy
al-Hamzoviy
al-Molikiy (vafoti
1888 yil) bo'lib,
o'n jilddan iborat
bu sharh Qohirada
nashr etilgan.
72.
"Hall Sahih
al-Buxoriy"
nomli ikkita sharh
ma'lum bo'lib,
ulardan birining
muallifi ash-Shayx
Ahmad Ali
as-Sahornafuriydir.
Uning qalamiga
mansub sharh
"Sahih
al-Buxoriy"ning
murakkab
o'rinlarini
anglashda juda
foydalidir.
Shuningdek olim
Mirza Hayrat
ad-Dehlaviyning
(vafoti 1899 yil)
ham aynan
"Hall Sahih
al-Buxoriy"
nomli sharhini ham
aytib o'tish
zarur.
73.
Imom
al-Buxoriyning
"Sahih"
asariga yozilgan
qator sharhlar
(izohlar,
hoshiyalar)
"Ta'liyqa"
nomi bilan
ataladi.
Manbalarda ulardan
birqanchasi haqida
ma'lumotlar
keltiriladi.
Shular jumlasidan:
-Mavlo
Lutfulloh ibn
Hasan
at-Tavqotiyning (u
1495 yilda qatl
etilgan) hoshiyasi
"Ta'liyqa
Sahih
al-Buxoriy"
deb atalib, u imom
al-Buxoriy
asarining faqat
dastlabki
qismlariga
bag'ishlangan.
-Alloma
Shamsuddin Ahmad
ibn Sulaymon ibn
Kamol Posha (u
1535 yilda vafot
etgan) qalamiga
mansub ta'liyqa
haqida hechbir
ma'lumotga ega
emasmiz.
-Mavlo
Fazl ibn Ali
al-Jamol (vafoti
1584 yil) yaratgan
ta'liyqa haqida
deyarli hechbir
ma'lumot
uchratmadik.
-Muslihiddin
al-Mustafo ibn
Sha'bon as-Sururiy
(vafoti 1563 yil)
qalamiga mansub
ta'liyqa hajm
jihatidan katta
bo'lib, u
"Sahih
al-Buxoriy"ning
yarmigacha
qamragan.
-Mavlo
Husayn ibn Rustam
al-Kafaviy (vafoti
1604 yil)ning
qalamiga mansub
ta'liyqaning
tafsilotlari
ma'lum emas.
-Alloma
as-Sanadiy
al-Hanafiy (vafoti
1725 yil) qalamiga
mansub ta'liyqa
Qohirada nashr
etilgan.
74.
"A'vn
al-boriy li-hall
adillat
al-Buxoriy"
nomli sharhning
muallifi alloma
an-Navvob Abu
at-Tayyib Siddiq
Hasanxon Bahodir
(vafoti 1890 yil)
bo'lib, bu asar
qimmatli
sharhlardan
hisoblanadi.
75.
“Sharh tajriyd
as-Sahih
liz-Zubaydiy"
nomli sharhning
muallifi ash-Shayx
Abdulloh ibn
Hijoziy ibn
Ibrohim
ash-Sharqoviy
(vafoti 1813 yil)
bo'lib, ushbu
sharh haqida
hechbir ma'lumotga
ega emasmiz. Ayni
shu nomda sharh
yozgan boshqa bir
olim-ash-Shayx ibn
al-Qosim al-G'aziy
(vafoti 1531 yoki
1512 yil) asari
haqida ham boshqa
ma'lumotlar
uchratmadik.
76.
"Muxtasar
Sahih
al-Buxoriy"
nomli sharh imom
Jamoluddin
Abul-Abbos Ahmad
ibn Umar ibn
Ibrohim al-Ansoriy
al-Qurtubiy vafoti
1258 yil) qalamiga
mansub bo'lib,
imom al-Buxoriy
asarining muxtasar
sharhi bo'lgan
ushbu asar haqida
boshqa ma'lumotlar
uchratmadik.
77.
"At-Tajriyd
as-sariyh
li-ahadis al-Jomi'
as-sahih"ning
muallifi Zaynuddin
Abul-Abbos Ahmad
ibn Ahmad ibn
Abdullatif
ash-Sharjiy
az-Zubaydiy
(vafoti 1489 yil)
bo'lib, imom
al-Buxoriyning
asarini
o'rganuvchilar
uchun bu sharh
g'oyatda foydali
asardir.
"At-Tajriyd"
Qohirada ham nashr
etilgan.
78.
"Irshod
as-somi' val-qoriy
al-muntaqiy min
Sahih
al-Buxoriy"
nomli sharh alloma
Badruddin Hasan
ibn Umar ibn Habib
al-Halabiyning
(vafoti 1377 yil)
qalamiga mansub
bo'lib, nomidan
ham ko'rinib
turganidek u
"Sahih"dan
tanlab olingan
hadislarning
sharhiga
bag'ishlangan.
79.
Olim Abdulloh ibn
Saad ibn Abu Hamza
al-Azadiy (vafoti
1278 yil) qalamiga
mansub sharh
"An-Nihoya fi
bad' al-xayr
val-g'oya"
deb ataladi. Bu
muxtasar holdagi
sharh hadis ilmi
bilan
shug'ullangan
harbir ilm tolibi
uchun g'oyatda
foydali asar
bo'lib, u Qohirada
nashr etilgan.
80.
"Sharh
muxtasar
al-Buxoriy"ning
muallifi alloma
Ahmad ibn
ash-Shayx Ahmad
ibn Muhammad
ash-Shijoa'iy
(vafoti 1783 yil)
bo'lib, ushbu asar
haqida boshqa
ma'lumotlar
uchratmadik.
81.
"Bahjat
an-nufus"
nomli sharh
Abdulloh ibn Saad
ibn Abu Jamra
al-Azadiy (vafoti
1276 yil) bo'lib,
uning qo'lyozma
nusxasi
Qustantaniyadagi
Valiyuddin Sulton
Boyazid
kutubxonasida
saqlanadi.
82.
Olim Abul-Abbos
as-Sanadiy Ahmad
Razzuqning (vafot
etgan yili
noma'lum) qalamiga
mansub asar
"Hoshiyat
Sahih
al-Buxoriy"
deb ataladi. Ushbu
asar haqida boshqa
ma'lumotlarga ega
emasmiz.