Yodgorlik majmui

Majmuaning ochilishi

Vazirlar mahkamisining qarori 

Prezident nutqi 

Imom al-Buxoriy

Imom al-Buhoriy hayotlari

Ustozlari 

Shogirdlari

Ilmiy ma'naviy meroslari

Shoh asar 

Hadis ilmi 

Hadis 

Hadis ilmining istilohlari

Hadisshunoslik

Yangiliklar

Rasmlar

Boshqaruv kengashi 

 

Mehmonxona

Ustozlari


Imom al-Buxoriy o'z vatanida va xorijiy yurtlarda mingdan ortiq ustoz (shayx, mashoyih)lardan hadis rivoyat qilgani haqida manbalarda aniq ko'rsatilgan.

Al-Buxoriyga ta'lim bergan dastlabki ustozlari haqida aniq gapiradigan bo'lsak, birinchi navbatda o'sha davrda Buxoroda ko'zga ko'ringan muhaddislardan Muhammad ibn Salom al-Poykandiy, Muhammad ibn Yusuf al-Poykandiy, Abdulloh ibn Muhammad al-Masnadiy, Ibrohim ibn al-Ash'as va boshqalarni ko'rsatish lozim. Hadislar bo'yicha dastlabki saboqni al-Buxoriy mana shu ustozlardan olib, o'n olti yoshga yetmasdan burun ko'pdan-ko'p hadislarni o'zlashtirib, Abdulloh ibn al-Muborakning kitoblarini yod oldi. Tez fursatda al-Buxoriyning noyob qobiliyati va zukkoligi ko'pchilik ulamolar tomonidan, shuningdek, al-Buxoriyga ustozlik qilgan yetuk muhaddislar tomonidan ham yuksak baholana boshlandi. Bu hol shu darajaga yetdiki, hatto taniqli olimlar ham al-Buxoriyning o'z darslariga hozir bo'lishidan tashvishlanib, uning huzurida biror xato yoki kamchilikka yo'l qo'yishlaridan xavotirlanadigan bo'lib qoldilar. Ular hatto o'z kitoblaridagi xatolarni tuzatish uchun al-Buxoriyga murojaat qilardilar. Manbalarda keltirilishicha, hadislar talabida al-Buxoriy xorijiy yurtlarga safarga chiqishdan oldin bir voqea sodir bo'lgan ekan. Shu haqda buxorolik olim Salim ibn Mujohid shunday hikoya qiladi: "Bir kun do'stim Muhammad ibn Salom al-Poykandiyning uyiga borgan edim, u menga: "biroz oldinroq kelganingda yetmish ming hadisni yod olgan bir yosh bolani ko'rar eding-da,-dedi. Men shu zahoti orqamga qaytib ko'chaga chiqdim va o'sha bolani uchratib: "Yetmish ming hadisni yod bilaman, deydigan bola senmisan,-deb so'rasam, u ha, undan ham ortiqrog'ini bilaman",-dedi.

U yana: "Men sahobalar va tobe'iynlardan toki ularning ko'plarini tavallud va vafotlari, ularning maskanlarini aniq bilmaganimcha birorta ham hadis rivoyat qilmayman. Shuningdek, sahobalar va tobe'iynlarning har bir hadisini Qur'oni karim va Payg'ambar alayhissalomning hadislariga tayangan holda rivoyat qilaman",-dedi. Muhammad ibn Salom al-Poykandiyning ushbu so'zlari ham al-Buxoriy yoshligidan boshlab katta obro'-e'tiborga ega bo'lganligiga dalildir. Uning "Muhammad ibn Ismoil qachon mening huzurimga kirsa, har doim men o'zimni yo'qotib qo'yib, doim undan xavotirda turaman"-degan e'tirofiga, al-Hofiz ibn Hajar "uning (al-Buxoriyning) huzurida xato qilib qo'yishdan u qo'rqar edi",-deb bu fikrni bir qadar oydinlashtiradi. Muhammad ibn Salom al-Poykandiyga doir bu fikr-mulohazalar aytilgan paytda al-Buxoriyning ilmi Buxorodagi o'z ustozlari ilmidan hali ortiq bo'lmagan paytda sodir bo'lgan, chunonchi Buxorodan jo'nab ketgandan keyin imom al-Buxoriy al-Poykandiy bilan sira uchrashgan emas.

Azaldan muhaddislar orasida arabcha "rihlat" istilohi biror hadisni bilish yoki isnodni oliy darajasiga yetkazish maqsadida yo'lga chiqqan insonning safariga aytilar ekan. Rasulullohning sahobalari va tobe'iynlar uchun bu tarzdagi rihlatlar har qanday vasfu-madhiyadan ham ortiq darajadagi eng sevimli va zavq-shavq beradigan mashg'ulot bo'lganligi manbalarda zikr qilinadi. Ulardan ba'zilari atigi bitta hadis eshitish yoki uni isbotiga komil ishonch hosil qilish maqsadida oylab safar mashaqqatlarini chekib, cho'lu biyobonlarni bosib, shaharma-shahar kezib yurganlar.

Hatto u hadisni oxirigacha aniqlab, diliga mustahkam komil ishonch hosil qilmagunlaricha u zoti shariflar tinib-tinchimaganlar. Hadis ilmi tarixiga oid kitoblarda bu xildagi misollarni ko'plab uchratib, bu oliyjanob mashg'ulot, hadislarni bilish ishtiyoqi ularda qanchalik zo'r bo'lganligini tasavvur etamiz.

Rihlatga niyat qilgan hadis ashoblari uchun bir qat'iy shart bu bo'lganki, u safarga chiqishdan oldin o'z yurttidagi roviylardan birortasini ham qoldirmasdan hadislar yozib olgan bo'lishi va shundan keyingina boshqa mamlakatlarga safarga otlanishi mumkin edi.

Imom al-Buxoriy hadis talabida rihlatga niyat qilgan davrga nazar solsak, bu paytda islom olami uzoq-uzoqlarga qanotini yoyib, islom dini bayrog'i ostiga o'tggan elu yurtlarning ko'lami juda kengaygan edi.

Rasulullohning sahobalari, sahobalarning izdoshlari bo'lgan tobe'iynlar va ularning izdoshlari uzoq-uzoqlarga cho'zilgan turli-tuman mamlakatlarga yoyilib, tarqab ketgandilar. Mana shunday tarixiy sharoitda Payg'ambar alayhissalomning muborak hadislarini to'plashdek xayrli harakatning fayzu barokoti turli-tuman, bir-biridan farq qiladigan mamlakat va shaharlarda yozila boshladi. Shubhasiz, hadis ilmida ikki Haram (Makkai mukarrama va Madinai munavvara) joylashgan mamlakatni alohida ta'kidlash joizdir. Chunonchi Islom dinining muqaddas kitobi Qur'oni karimning mana shu tabarruk zaminda nozil bo'lishi, ikki olam sarvari Muhammad Payg'ambar alayhissalomning ham mana shu muqaddas yurtda yashab, faoliyat ko'rsatishi albatta, islom ta'limotlarining beshigi, uning asil markazi sifatida salmoqli o'ringa molikdir. Shu bilan bir qatorda juda ko'pdan-ko'p sahobalar va tobe'iynlar boshqa mamlakatlarni vatan tutib, bu diyorlarda yashaganlar. Islomiy ilmlarni o'rganish muhabbati qalbida ufurib uning hayotbaxsh yo'l-yo'riqlari ma'rifatining shaydosi bo'lgan har bir inson behad ko'p darajadagi safaru-sayohatlarga tayyor bo'lishi lozim bo'lgan. Bunday oliyjanob ishga bel bog'lagan har bir tolibi ilmda qat'iy azmu qaror, kuchli iroda, oliyhimmatlilik, aql-zakovati komil, bag'ri kenglik va sabr-toqatlilik kabi fazilatlar mukammal bo'lmog'i zarur bo'lgan. Alloh-taolo imom al-Buxoriyga mana shu tavsiflaru fazilatlarni g'oyatda barkamol ravishda ato qilgan edi. Mana shu fazilatlar ato etilib muyassar ko'rilgan har qanday inson ham, bu borada u qanchalik komil bo'lmasin agar u shaxs safar mashaqqatlarini boshidan kechirib, ochligu tashnaliklarga duchor bo'lsa, ot-ulovidan ajrab cho'lu biyobonu sahrolarda piyoda yuraverishdan oyoqlariyu-tovonlari yorilib, xilma-xil azobu uqubatlarni boshidan kechirsa, musofir yurtlarda ko'rgan turli-tuman qiyinchilik va mashaqqatlardan nochor ahvolga kelib qolganda ham ilm-ma'rifatga nisbatan uning qalbida bo'lgan intilishu zavqu-shavq bir lahza ham so'nmasa, yeguligu ichkiligida faqat sabzavot va mevalar hamda daraxt barglari bilan qanoat qilsa, boshidan yuzlab-minglab har xil qiyinchiligu bedorliklarni kechirganda ham bunday insonlarda ilm-ma'rifatga bo'lgan intilish hech qanaqa so'nmaydi. Aksincha bunday oliyjanob zotlar ilm-ma'rifat olish yo'lidagi har qanday mashaqqatu qiyinchiliklardan rohatlanib zavqlanadi, har qancha mol-dunyosi bo'lsa ham bu oliyjanob maqsadu matlabga sarflab ilmu ziyo olish borasida xatto jonini ham fido qiladi. Mana shu sanab o'tgan fazilatlarning barchasi imom al-Buxoriyda to'la-to'kis mujassam bo'lganligi u zoti sharifni o'zidan oldin va keyin o'tgan davrlarda ham jahonning eng buyuk allomalari qatoridan o'rin olishiga zamin tayyorladi. Alloma Qutayba ibn Sa'iyd as-Saqafiy: "Imom al-Buxoriy agar sahobalardan bo'lganda, bir mujiza (oyat) bo'lar edi-da",- deyishda ham chuqur ma'no bor. Lekin garchand imom al-Buxoriy tobe'iynlardan bo'lsa ham Olloh-taoloning bir mo''jizasi sifatida ma'lumdir. Ilm-fan yo'lida o'ta fidoiylik, butun vujudiyu-aql zakovatini baxshida etib, bor imkoniyu-himmatini ayamasligu, aql bovar qilmaydigan darajadagi quvvai hofizasi va yana bir-qancha favqalodat fazilatlari imom al-Buxoriyga misli ko'rilmagan shonu-sharaf keltirib, uni islom dunyosining eng buyuk allomalaridan biri sifatida tanitdi. Imom al-Buxoriy rivoyat qilgan hadislarning roviylari ko'p hollarda hatto imom Molik va imom Abu Hanifaning ustozlari (shuyux) toifasiga kiradi. Bu fikrni ko'plab muhaddislar bir ovozdan yakdillik bilan qo'llab-quvvatlaganlar.

O'n olti yoshga yetguncha imom al-Buxoriy o'z yurtidagi mashoyixlardan hadis eshitib, ulardan saboq oladi. Mana shundan keyin islomiy ilmlarning markazi, Payg'ambar alayhissalomning vatani, Qur'oni karim nozil bo'lgan muqaddas diyor. Rasululloh sahobalarining maskani, islom dinining markazi Hijozu sharifga tomon ravona bo'ldi. Bu xususda imom al-Buxoriyning kotibi Ibn Abu Hotam al-Varroq zikr qilishicha, u (al-Buxoriy) doimo shunday deyar ekan: "Qachonki o'n olti yoshni urganimda (so'zma-so'z ta'intu) Ibn al-Muborak va Vakiy'ning kitoblarini yod etib, so'ngra "ana-ularni" ya'ni ashob ur-ray kalomlarini bilib olgan edim. So'ngra onam va akam bilan haj ibodatini ado etish uchun safarga jo'nadim". Al-Varroqning bu rivoyatidan ma'lum bo'layotirki, imom al-Buxoriy birinchi marta safarga 825 yilda chiqqan, hadis bo'yicha saboqlarini esa bundan besh-olti yil muqaddam ola boshlaganligi, o'sha paytdan boshlab bilimga chanqoqligi, noyob qobiliyati va iqtidorli, quvvai-hofizasining kuchliligi bilan o'z yurtidagi ilm ahllarini lol qoldirib, har qanday kishini ham hayratga solgani haqida oldinroq zikr qilgan edik. Hatto harqanday ilm tolibi umri davomida yetishaolmaydigan bilimga u qisqa mudatda erishgani, og'izdan-og'izga o'tib afsonaviy hikoyatlarga ham sabab bo'lgandi.

Mana shu 825 yili Imom al-Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Makkai Mukarramaga yetib kelib, haj ibodatini ado etgandan keyin onasi va akasini Buxoroga qaytarib yuborib, o'zi Makkada qoldi va bu muqaddas shahar mashoyixlarining ilmiy yig'inlariga qatnasha boshladi. O'sha paytda Makkada istiqomat qilayotgan bir qancha ko'zga ko'ringan ulamolar bo'lib, hadis ilmi sohasida katta obro'-e'tiborga egalardan imom Abul-Valiyd ibn al-Arzaqiy, Abdulloh ibn az-Zubayr va alloma al-Hamidiylarni ko'rsatish mumkin. Ulardan boshqa ham bir qancha olimlar bor ediki, imom al-Buxoriy ulardan hadis ilmi bo'yicha saboq olgan edi. Makkayu Mukarramada bir qancha muddat yashagandan keyin imom al-Buxoriy Madinayu-munavvaraga tomon yo'l oladi. Jumlai jahondan ilm toliblari (Payg'ambarimiz haqidagi) nabaviy ilmlarni o'rganish uchun bu mo''tabar shaharga oqib kelardilar. Imom al-Buxoriy 827 yilda, o'nsakkiz yoshida Payg'ambar alayhissalomning ravzai muboraklari qo'yilgan muqaddas shahar Madinai munavvaraga yetib keldi. Shu paytda Madinai Munavvarada ko'zga ko'ringan mashhur ulamolardan Ibrohim ibn al-Munzir, Mutrif ibn Abdulloh, Ibrohim ibn Hamza, Abu Sobit Muhammad ibn Ubaydulloh, Abdulaziz ibn Abdulloh al-Uvaysiy va shularga o'xshash bir qancha yetuk olimlar faoliyat ko'rsatardilar. Imom al-Buxoriy ushbu ulamolar bilan muloqotda bo'lib, ulardan hadislar bo'yicha ko'pdan-ko'p saboq oldi. Hijozi sharifga qilgan bu rihlati asnosida oyning yorug' kechalarida o'zining dastlabki asari "at-Tarix al-Kabir" ("Katta tarix")ning qoralamasini tugatdi. Qator tarixchilarning ta''kidlashicha, imom al-Buxoriyning Hijozga Makka, Madina, Toif, Jiddaga qilgan bu rihlati olti yil davom etgan. Shu bilan birga bu muddat uzluksiz davom etmay, imom al-Buxoriy shu asnoda boshqa mamlakatlarga ham safar qilganligi qayd qilinadi.

Shundan keyin al-Buxoriy Basra (Iroq) shahriga qarab yo'l oladi. Shu paytda Basra ham Sharqning e'tiborli ilmiy markazlaridan biri bo'lib, ilm-ma'rifat taraqqiy etib, xususan hadislarni o'rganish keng quloch yoygan shaharlardan biri hisoblanardi. Basrada u imom Abu Osim an-Nabiyl, Safvon ibn Iso, Badal ibn Ar'ara, Sulaymon ibn Harb, Abul Valiyd at-Tayolisiy, A'rim va Muhammad ibn Sinon kabi ulamolardan saboq olib, o'z bilimini oshirdi. Shu asnoda hammasi bo'lib imom al-Buxoriy Basraga to'rt marta borib keldi. Uning o'zi doimo "Basraga to'rt marta rihlat qilganman",-deb ta'kidlardi. Shundan so'ngra u Kufaga safar qildi va bu shaharda ham bir necha bor bo'ldi. Shuningdek rihlati davomida Bag'dodni ham bir necha marta ziyorat qiladi. Imom al-Buxoriyning Kufa va Bag'dodga qilgan safarlari xususida kotibi al-Varroq uning quyidagi so'zlarini keltiradi. "Kufa va Bag'dodga muhaddislar bilan uchrashishga necha marta borganimning hisobini ham bilmayman". Tarixchi olim an-Navaviy o'zining "Tahziyb ul-asmoi val-lug'ati" nomli kitobida imom al-Buxoriyning Kufadagi ustoz (shuyux)laridan quyidagilarni zikr qilgan: "Abdulloh ibn Muso, Abu Na'iym Ahmad ibn Yaqub Ismoil ibn Abon, al-Hasan ibn Rabiy', Xolid ibn Muxallad, Sa'iyd ibn Xafas, Talaq ibn G'unam, Umar ibn Xafas Urva va Qabiysa ibn A'qba, Abu G'asson kabi Kufaning taniqli olimlari-ustozlarining rivoyatlari ishonchli va isbotli ekanligiga ishonch hosil qilgach, imom al-Buxoriy ulardan hadislar yozib olgan va ularga tayanib rivoyat qilgan" Abbosiylar xalifatining poytaxtti bo'lgan Bag'dodda o'sha paytda ilm-fan ancha taraqqiy qilgan bo'lib, dunyoning turli tomonlaridan kelgan ko'plab fozilu olimlar shaharda to'plangan edilar. Shu boisdan bo'lsa kerak imom al-Buxoriy ham yuqorida aytib o'tganimizdek Bag'dodda bir necha marta bo'lgan va u yerda katta hurmat bilan kutib olingan. Bu shahardagi ustozlari imom Ahmad ibn Hanbal, Muhammad ibn Iso as-Sabbo, Muhammad ibn Soiq, Shurayh ibn an-Nu'mon va boshqalardan saboq olgan. Imom Abu Ali al-G'assoniy "Taqyyid al-muhmal" nomli asarida "Imom al-Buxoriy oxirgi marta (hammasi bo'lib u Bag'dodda sakkiz marta bo'lgandi) Bag'dodni tark etib qaytayotganda imom Ahmad ibn Hanbal u bilan xayrlashar ekan g'oyat hasratu alam bilan "Ilm va muxlislarni (an-nos) tashlab Xurosonga ketasanmi?"-deb zorlangan edi. Qachonki Buxoro hokimi Abu Tohir az-Zuhliy imom al-Buxoriyga qarshi fitna uyushtirib, uni ona yurti Buxorodan badarg'a qilishga qaror qilib, unga nisbatan turli-tuman bo'htonu tuhmatlar to'qiganida imom al-Buxoriy Ahmad ibn Hanbalning o'sha so'zlarini eslab, ko'p afsusu nadomatlar chekdi va: "Ahmad ibn Hanbalning so'zlarini ma'nosiga endi tushundim",-deb afsuslangandi. Imom al-Buxoriy Shomda ham bo'lib unda Yusuf al-Faryobiy, Abu Nasr Ishoq ibn Ibrohim va Odam ibn Abu Iybos Abul Yaman al-Hakam ibn Nofi' va Hayvat ibn Shuriyh kabi bir qancha o'sha davrning mashhur olimlaridan saboq oldi. Shundan so'ng u Misrga o'tib Usmon ibn as-Sog' Sa'iyd ibn Abu Maryam, Abdulloh ibn Solih, Ahmad ibn Solih, Ahmad ibn Shubayb, Asbag' ibn al-Faraj, Sa'iyd ibn Abu Iso, Sa'iyd ibn Kasir ibn Afiyr, Yah'ya ibn Abdulloh ibn Bakir va shularga o'xshash olimlardan dars oldi. Ba'zi manbalarda ko'rsatilishicha, imom al-Buxoriy Mesopatamiyada (Jaziyra) ham bo'lib, Ahmad ibn Abul Malik al-Harroniy, Ahmad ibn Yazid al-Harroniy, Amru ibn al-Xalaf va Ismoil ibn Abdulloh ar-Raqqiy kabi olimlar bilan ham muloqotda bo'lib, ulardan istifoda etgan. Mashhur olim Tojuddin as-Subkiy o'zining "at-Tabaqot ash-Shof'iyya al-kubro" nomli asarida "Imom al-Buxoriy al-Jaziyraga bormagan va al-Jaziyra mashoyixlaridan qilgan rivoyatlari boshqalarga tayanilib (bilvosita) naql qilinadi,-deb yozgan. Bundan tashqari alloma Xurosan va uning Marv, Balx, Hirot, Nishopur, Ray, Jibol kabi shaharlarida ham necha martalab bo'lib, bu shaharlardagi olimlardan saboqlar oldi. Jumladan Marvda Ali ibn Hasan ibn Shaqiyq, Abdon, Muhammad ibn Muqodil va boshqalardan, Balxda esa Makkiy ibn Ibrohim, Yah'ya ibn Bishar, Muhammad ibn Abon, Hasan ibn Shuja', Yah'ya ibn Muso, Qutayba kabi muhaddislardan rivoyat qiladi. Hirotda Ahmad ibn Abul Valiyd al-Hanafiy, Nishopurda Yah'ya ibn Yah'ya, Bashar ibn al-Hakam, Ishoq ibn Rohvayh, Muhammad ibn Rofi', Rayda esa Ibrohim ibn Muso, Vositda Hison ibn Hison ibn Abdulloh, Sa'iyd ibn Abdulloh va shunga o'xshash olimlardan hadislar o'rganib, ulardan rivoyat qildi. Shuningdek XV asrda yashagan yirik tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiy o'zining "Zafarnoma" nomli mashhur asarida Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy Keshda ham ancha muddat yashaganligi haqida yozadi. Yuqorida zikr qilgan shaharlar va mamlakatlarga imom al-Buxoriy yakkayu-yagona maqsad-hadis ilmi bo'yicha saboq olish niyatida borib, ulardagi taniqli olimlar bilan muloqotda bo'lib, muttasil ravishda o'z ilmini boyitishga intildi. "Bag'dod tarixi" nomli yirik asarning muallifi al-Xatib al-Bag'dodiy o'z kitobida Ja'far ibn Muhammad al-Qatton degan olimning imom al-Buxoriyning o'zi "Men hadislarni ming, ehtimol undan ham ortiq shayxu ulamolarga tayanib yozdim, mening kitobimda isnodi ko'rsatilmagan birorta ham hadis yo'q, deb aytganini eshitganman, degan so'zlarini keltiradi.

Tarixchilar imom al-Buxoriyning ustozlarining soni haqida ham ma'lumotlar keltirganlar. Jumladan, olim Muhammad ibn Abu Hotamning yozishicha, imom al-Buxoriyning o'zi suhbatlarining birida unga "bir ming saksonta shayx (ustoz)dan yozganman", deb aytgan gapini keltirgan. X asrda yashagan isfahonlik olim Muhammad ibn Ishoq ibn Manda al-Isfahoniy (922-1005) imom al-Buxoriyning ustozlari haqida maxsus asar yaratib, alifbo tartibida ularni nomma-nom keltiradi.

Hozirgi vaqtda Saudiya Arabistonida istiqomat qiluvchi vatandoshimiz, iqtidorli olim Nazar Muhammad al-Faryobiy tahqiyq qilib, keng ko'lamda ilmiy muomalaga kiritgan ushbu mo''jazgina risola 1991 yili Saudiya Arabistonidagi "Maktabat al-Kavsar" matbaasida chop etilgan. Imom al-Buxoriyning ustozlari haqida mufassalroq ma'lumot beradigan ushbu manba xususida bir qadar kengroq to'xtalish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Eng avvalo "Imom al-Buxoriy ustozlarining ismlari" asarining muallifi haqida qisqacha ma'lumot keltirish maqsadga muvofiqdir. Uning to'liq ismi Muhammad ibn Ishoq ibn Manda al-Isfahoniy bo'lib, u hijriy 310 (ba'zi manbalarda keltirishicha 309) yilda Isfahonda tavallud topgan. U yigirma yoshlaridan boshlab Nishopur, al-Iskandariya (Aleksandriya) orqali Basra, Hirot, Sijiston, Ozarbayjonga ham kirmay to'g'ridan-to'g'ri Shosh (hozirgi Toshkent)ga rihlat qilgan. Ushbu safarlardan qaytganda, manbalarda ko'rsatilishicha, o'zi bilan qirq haml (ya'ni qirq tuyaga yuk bo'ladigan) xilma-xil kitoblar keltirgan. Yana ta'kidlanishicha, Qur'oni karim hofizlaridan birontasiga ham al-Isfahoniy eshitgan ma'lumotlarni (yoki xabarlarni) eshitish, na u jam qilgan ma'naviy boyliklarni jamlash nasib etmagan ekan. Al-Isfahoniyning o'zi doimo: "Men Sharqni ham, G'arbni ham ikki marta tavof qilib, aylanib chiqqanman. Kimki o'z aqidaviy fikrida qat'iy turmay beqarorlik ko'rsatib, hali u yoqqa, hali bu yoqqa og'adiganlardan bo'lib, haqiqiy din ahkomlariga xilof ish tutib, bid'at va xurofotga amal qiladiganlardan bironta ham hadis eshitmaganman"-deb ta'kidlardi.

Al-Isfahoniy haqida yozgan o'rta asr tarixchilarining ko'pchilligi uning "ko'p tasniflarning muallifi" ("sohib at-tasoniyf") deb qayd qilganlar. Tadqiqotchi Nazar Muhammad al-Faryobiy esa uning qalamiga mansub yigirmaga yaqin asarlar borligini ta'kidlab, ularni nomma-nom keltiradi. Ushbu asarlardan o'ndan oshig'i hadis va uning turli ilmlariga bag'ishlanadi. Ulardan "Hadis", "Al-Amoliy", "al-Favoid", "Marifat as-sahoba", "Fath al-bob fi kuna val-alqab", "Shurut al-aimma", "Kitob at-ta’rix", "Kitob asmoi as-sahoba" kabilarni ko'rsatish mumkin.

Muallifning al-Aqidaga oid ta'liflari ham talay asarlarini tashkil qiladi. Ulardan "Kitob ur-radd a'lol-jahmiyyin", "Kitob as-sifot", "Kitob an-nafs var-ruh", "An-Nosix val-mansux" va boshqalarni keltirish kifoyadir. Ishoq ibn Manda al-Isfahoniy 395 hijriy (1005 melodiy) yilning zul-qa'da oyida vafot etib, al-Isfahondagi Dukkaboz qabristoniga dafn qilingan.

Muallifning "Imom al-Buxoriy ustozlarining ismlari" asari hajm jihatidan uncha katta bo'lmasa-da, u atigi 16 varaqdan iborat qo'lyozma chiroylik nasx xatida yozilgan, har bir sahifada 17 satr bo'lib, bag'dodlik xattot Muhammad ibn al-Hasan ibn Muhammad Ali ibn al-Ibrohim tomonidan olti yuz o'ttiz ikkinchi hijriy yilning o'n to'qqizinchi shavvoli, jum'a kunida Damashq Jomi' masjidida ko'chirilgan-ilmiy jihatdan g'oyatda qimmatlidir. Ushbu kitobda Imom al-Buxoriy o'zining shoh asari "Sahih al-Buxoriy"da keltirgan uch yuz olti hadis roviylarining ismi shariflari alfavit tartibda to'liq holda zikr qilinadi. Shuningdek ularning ko'pchilligi haqida asli qaysi shahardan kelib chiqqanligi, ularning laqabi yoki kunyasi, aksariyatining esa qaysi shaharda qachon vafot etganligi haqida aniq malumotlar keltiriladi. Fikrimizning isboti sifatida asardan bir necha misollar keltiramiz:

"Ayub ibn Sulaymon ibn Bilol Mavli Abdulloh ibn Abi Atiyq, asli Madina shahridan, 224 hijriy yilda vafot etgan; Ibrohim ibn Hamza ibn Muhammad ibn Abdulloh az-Zubayr ibn al-Avon az-Zubayriy-u 230 hijriy sanada Madinada vafot etgan bo'lib, ko'pincha Abu Ishoq kunyasi bilan atalardi; Ahmad ibn Ishoq ibn al-Husayn, Abu Ishoq as-Sullamiy, u as-Surmoriy nomi bilan tanilgan bo'lib, Buxoro qishlog'idan edi; Ahmad ibn Abu Raja-uning asl ismi Abdulloh ibn Ayub al-Haraviy Abu al-Valiyd. Imom al-Buxoriy hadislarni undan Buxoroda paytida yozib olgan; Ahmad ibn Maniy' ibn Abdurrahmon, Abu Ja'far al-Bag'aviy-u Bag'doddda yashagan. U Husayndan rivoyat qiladi. Uni al-Qabboniy deb ham atardilar. Imom al-Buxoriy undan atigi bitta hadis rivoyat qilgan; Abdulloh ibn az-Zubayr ibn Iso al-Humaydiy-u Abu Bakr kunyasi bilan tanilgan bo'lib, Makka ahlidan. Vafoti ikki yuz o'n to'qqizinchi hijriy yil; Muhammad ibn Yusuf Abu Ahmad al-Buxoriy-u Poykand ahlidan".

Mana shu tariqa ushbu kitobda imom al-Buxoriy hadis eshitgan 306 roviy haqida ma'lumotlar keltiriladi. Bu adad, albatta, buyuk alloma hadis eshitgan roviylarning bir qismidir. Aslida u yuqorida aytilganidek juda ko'p roviylardan hadis eshitib yozib olgan.

All Rights Reserved © Copyright 2005   by  Tashkent islom universiteti