Shiorimiz:   Fikr - yaxshilik va yomonliklarni ko'rsatadigan oynadir                                     

Yangiliklar 
Qur'oni karim
Hadisi sharif
Fiqh 
Islom tarixi
Tahlil
Iqtisod va huquq 
Juma mav'izalari 
Jannat qushchalari 
Islom va ilm 
Davolaninglar
Odam va Havvo 
Mazhablar 
Dinda savolim bor... 
Kutubxona 
Sharq bozori
Imîm Buõîriy
Statistika 
G'arbda Islom
O'zbekiston va Islom
Yilnoma 
Taklif  va munosabat 
Islomiy saytlar
Tanishuv
Namoz vaqti 
Mehmonxona 
Valyuta kursi 
 

 


                                     ENG ZARUR VAZIFANGIZ
      Allomalar farzandlarning o'z ota-onalari uchun butun borliqlari - ham tani, ham tili, ham dili, ham moli bilan xizmatda bo'lishlari, ularni rozi qilib duolarini olishlari kerakligini uqtirishgan. Imom Nasafiydan rivoyat etilishicha, farzand ota-onasi oldida 60 sohada burchli va qarzdor ekan. Quyida shularni muxtasar holda alohida-alohida ko'rib chiqamiz hamda Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomdan shu to'g'rida vorid bo'lgan hadisi shariflarni keltirib o'tamiz.

                                   TAN BILAN XIZMATDA BO'LISH
     
1. Tanu vujudingiz bilan ota-ona xizmatida hoziru-nozir turing.
      Ibn Mas'ud shunday rivoyat qiladi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: "Yo Rasululloh, amallarning qaysisi yaxshi?" dedim. Rasululloh: "O'z vaqtida o'qilgan namoz", dedilar. "Yana qaysi amal, yo Rasululloh?" dedim. Rasululloh: "Ota-onaga yaxshilik qilish", dedilar. "Yana qaysi amal?" deb so'radim. Rasululloh: "Alloh yo'lida g'azot qilmoq", dedilar". (Imom Termiziy rivoyatlari).
      2. Gunoh bo'lmaydigan ishga buyurishsa, buyruqlarini shu zahoti, so'zsiz bajo keltirng.
      Rasuli akram (s.a.v.)dan rivoyat qilinishicha, u zot alayhissalom aytdilar: "Uch toifa kishining duosi mustajob bo'lur: mazlumning duosi, musofirning duosi, otaning farzandiga qilgan duosi". (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      3. Hatto hajga yoki ilm izlab ketayotgan bo'lsangiz ham, ularning roziligisiz safarga chiqmang.
      Abdulloh ibn Amr ibn al-Oss roziyallohu anhu aytadilar: "Bir kishi Rasululloh huzurlariga hijrat qilmoq uchun bay'at etmoqqa keldi. Ammo ota-onasi uning ketishiga rozi bo'lmay, xafalikdan yig'lab qolgan edilar. Shunda Rasululloh: "Sen hozir ota-onang oldiga bor! Hijrat qilaman, deb ularni xafa qilganingdek, endi hijrat qilmaydigan bo'ldim, deb ularni xursand qil",- dedilar" (Imom Buxoriy rivoyatlari). 
      4. Biror ishni bajarishdan qaytarishsa (agar bu qaytish gunoh bo'lmasa), darrov qayting.
      Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh menga quyidagi to'qqiz amalni buyurdilar, shulardan biri ota-onangga itoat qil, agar ular dunyodan voz kech, desalar ham hurmatlari uchun buyruqlarini ijro qil!".
      5. Ularni ko'rganda o'rningizdan turing va o'ltirganlaridan keyingina o'ltiring.
      6. Ota-ona bilan ko'chada ketayotganda oldinga o'tib ketmay, bir qadam orqada yuring. (Faqat loy, muzgarchilikda yoki qo'riqlash ma'nosida oldinda yoki yonda yurishga ijozat beriladi).
      7. Ularning nomlarini aytib chaqirmang, hazil-mazax qilmang.
      Abu Hurayra roziyallohu anhu ikki kishini ko'rib, biridan: "Bu kishi kiming bo'ladi?" deb so'radilar. Boyagi odam "Otam", deb javob qildi. Abu Hurayra: "Unday bo'lsa, otangning ismini aytib chaqirma, yurishda undan ilgari yurma va undan yuqori joyda o'tirma", dedilar.
      8. Ular huzurida qovoq solmang, ho'mrayib qaramang.
      Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu oldilariga bir kishi kelib: "Men bir xotinga sovchi yubordim. U meni qabul qilmay, boshqa bir kishiga tegib ketdi. Bu ishidan jahlim chiqib, u xotinni o'ldirgan edim... Endi nima qilsam, Alloh taolo tavbamni qabul qiladi?" deb so'radi. Shunda Abdulloh: "Onang barhayotmi?" dedilar. U: "Yo'q, vafot etganlar", degan edi, Abdulloh: "Unday bo'lsa, Alloh taologa tavba qilishga harakat qil", dedilar. Shu hadisni rivoyat qilgan Ato ibn Yasor aytdilar: "Men Abdulloh ibn Abbosga borib: "Siz nima uchun u kishidan "Onang tirikmi?" deb so'radingiz?" deganimda, u kishi: "Alloh taologa onani rozi qilishdek maqbulroq hech bir amal borligini bilmayman. Shuning uchun undan "Onang tirikmi?" deb so'ragan edim", dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      9. Chaqirishsa, "labbay", deb huzurlariga tez yetib boring.
      Ma'oz Juhaniy roziyallohu anhu aytdilar: "Janob Payg'ambar alayhissalom: "Kimki ota-onasini rozi qilsa, unga tubo (jannat daraxti) nasib bo'lib, Alloh taolo uning umrini ziyoda qiladi", dedilar" (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      10. Ular xizmatida bo'lganda ish buyurishsa, erinchoqlik bilan malol ko'rmang.
      Qur'oni karimdagi Alloh taoloning "Rahmdillik yuzasidan ota-onangga kamtarlik qanotingni qoqib tur", mazmunidagi so'zini Hishomning otasi Urvat ibn az-Zubayr roziyallohu anhu: "Ota-onang nimani istasa, o'shani ijro qilishdan imtino qilma", deb tafsir qilgan edilar.

                            TIL BILAN XIZMATDA BO'LISH
     
1. Ota-onangiz bilan so'zlashganda yumshoqlik va odob bilan gaplashing. 
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam shunday buyurganlar: "Odamlar bilan xushmuomala bo'linglar, ularga qattiqqo'llik qilib, behayo so'zlamanglar". (Payg'ambar alayhissalom o'gitlariga ko'ra, hatto begona odamlarga qattiq va behayo gapirib dillarini og'ritish mumkin bo'lmaganidek, ota-onaga yuz chandon muloyimroq so'z qilmoq zarur ekan.)
      2. So'zlashgan paytda ovozni baland ko'tarmang.
      Rasulullohdan (c.a.v.) shunday rivoyat qilindi: "Alloh taolo gunohlardan istaganini qiyomatga qoldirdi, lekin ota-onani ranjitishning azobini kechiktirmaydi. Oqpadarga oqpadarlik azobi tezlashtiriladi".
      3. Ota-ona huzurida zaruratdan ortiqcha gaplarni gapirmang.
      Payg'ambar alayhissalom aytdilar: "Qiyomat kuni kimga do'zax o'ti harom bo'lishini aytaymi? U yuvvosh, muloyim, yaxshi muomalali, bir gapga oson kelishadigan kishilardir. Sizlarning yaxshilaringiz xushxulqli, shirin suhbatlilaringizdir. Yomonlaringiz esa og'zini to'ldirib ezmalik ila ko'p gapiruvchilaringizdir".
      4. Gaplashayotganda so'zlarini bo'lib tashlab yoki so'z qistirib ketmang.
      Farqad us-Sanjiy aytdilar: "Ba'zi kitoblarda o'qidimki, bolaning ota-ona huzurida iznsiz gapirmoqligi maqbul emasdir".
      5. Ularning so'zlarini aslo rad qilmang.
      Taboroniydan rivoyat qilingan hadisda: "Otaga itoat qilish - Allohga itoat qilishdir. Unga gunohkor bo'lish Allohga gunohkor bo'lish bilan barobardir", deyilgan.
      6. Ular bilan buyruq yoki ta'na ohangida gaplashmang.
      Payg'ambar alayhissalom shunday deganlar: "Alloh taolo sharmsiz, behayo so'z qilganlarni o'ziga do'st tutmas".
      7. Ota-onaga qahr ohangida gapirib norozi qilmang.
      Abdulloh ibn Umar aytdilar: "Ota-onaning yig'lashi boladan norozi bo'lganlariga dalolatdir, bu esa katta gunohdir". (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      8. Tanbeh bilan gapirib dillarini og'ritmang.
      Abdulloh rivoyat qiladilar: "Janobi Rasululloh: "Musulmon odamning so'kmog'i - buzuqlik va urushmog'i - kofirlikdir", dedilar".
      9. Biror xizmat buyurishsa yoki maslahat berishsa, "uf", demang.
      Iso ibn Talxa ibn Ubaydulloh Amr ibn Mirzo Juhaniydan naql qiladilar: "Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: "Yo Rasulalloh, besh vaqt namoz o'qisam, ramazon oyida ro'za tutsam, zakotimni ado etsam va haj ham qilsam, menga nima bo'ladi?" deb so'radi. Rasululloh unga: "Kim ana shu aytganlaringni qilsa, payg'ambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan birga bo'ladi, ammo ota-onasini ranjitgan bo'lsa, u amallarning foydasi yo'qdir",- dedilar".

                              DIL BILAN XIZMATDA BO'LISH
      1. Dil-dildan ota-onangizga rahm-shafqat ko'rsating.
      Uch xil sifat borki, kimda-kim ularga ega bo'lsa, Alloh taolo qiyomat kuni uni himoya qilib, O'z jannatiga kirgizur: 1. Zaiflar bilan xushmomala bo'lmoq. 2. Ota-onaga shafqatli bo'lish. 3. Qo'l ostidagilarga himmatli bo'lmoq (Imom Termiziy rivoyatlari).
      2. Ota-onani chin dildan do'st tuting.
      Payg'ambar alayhissalomdan rivoyat qilindi: "Otaga muhabbatingni saqla, agar sen otaga bo'lgan muhabbatingni yo'qotsang, Alloh seni har turli fayzlardan mahrum qilur".
      3. Ularning shodlik paytlarida xursand bo'ling.
      Musoviy ibn Hayyida aytdilarki: "Men Rasulullohdan (s.a.v.): "Yo Rasululloh, yaxshiligimni kimga qilsam bo'ladi?" deb so'radim. "Onangga", dedilar. Yana shu savolni ikki marta qaytarsam ham, Rasululloh (a.s.): "Onangga", dedilar. To'rtinchi marta so'raganimda "Otangga va yaqin qarindoshlarga", deb javob berdilar". (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      4. Ota-onaning g'amgin holatlarida hamdard bo'ling.
      Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh (s.a.v.): "Bolaning otasi birovning quli bo'lsa-yu, uni xo'jasidan sotib olib ozod qilmagunicha uning haqini ado qilgan bo'lmaydi",- dedilar" (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      5. Ular tomonidan biror kamchilik o'tsa, ranjimang.
      Abu Hurayra aytadilar: "Rasululloh (s.a.v.): "Xor bo'lsin, xor bo'lsin, xor bo'lsin", deb o'n marta takror qildilar. Shunda sahobalar: "Yo Rasululloh, kimni aytyapsiz?" deb so'rashdi. Rasululloh (a.s.): "Ota-onasining ikkalasi yoxud bittalari keksayib qolgan vaqtda ularni rozi qilmay, o'zini do'zaxga tushishiga mubtalo qilgan kishini", dedilar" (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      6. Qilayotgan ishingiz yoki aytayotgan so'zingiz haq bo'lsa ham, ularga ozor yetkazishdan tiyiling.
      Abud-Dardoning aytishlaricha, bir kishi u zotning huzurlariga kelib: "Mening xotinim bor, onam uni taloq qilishimni talab etyapti", dedi. Abud-Dardo javob berdilar: "Rasululloh alayhissalomdan eshitganman, u zot shunday deganlar: "Ona jannatning o'rtasidagi eshiklardan biridir, agar xohlasang, o'sha eshikni qo'ldan ber yoki uni saqla". (Imom Termiziy rivoyatidan).
      7. Ularga ozor bermaslikni doimo niyat qilib yuring.
      Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilindi. U kishi: "Alloh taoloning rozi bo'lishi ota-onaning rozi bo'lishiga va Allohning g'azabi ham ota-onaning g'azabiga bog'liqdir", dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      8. Ulardan jafo ko'rsangiz ham, umrlari uzun bo'lishini tilang.
      Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilinadi. "Qaysi bir musulmon farzandi savob umidi bilan ertalab ota-onasini ziyorat qilsa, Alloh taolo unga jannatdan ikki eshik ochadi. Agar ulardan bittalarini ziyorat qilsa, unga jannatning bir eshigini ochadi. Bola ota-onasidan qaysi birini xafa qilsa, uni rozi qilmaguncha, Alloh taolo undan rozi bo'lmaydi", dedilar. Shunda bir kishi: "Agar ota-ona bolaga zulm qilsa, bola nima qilishi kerak?" deb so'radi. Abdulloh: "Agar ular bolaga zulm qilsalar ham, bola ularni ranjitmasligi kerak", dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

                            MOL BILAN XIZMATDA BO'LISH
     
1. O'zingiz libos kiysangiz, ota-onangizga ham olib bering.
      Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning qizlari Asmo (r.a.) aytdilar: "Rasulullohning hayot vaqtlarida onam biror narsa umidida huzurimga keldi. Shunda Rasulullohdan: "Onam kelib qoldi. Unga silai rahm qilib biror narsa bersam bo'ladimi?" deb so'radim. Rasululloh (s.a.v.): "Ha, silai rahm qilsang bo'ladi", dedilar" (Imom Buxoriy rivoyatlari). 
      2. O'zingiz yegan narsalardan ularni ham bahramand eting.
      Payg'ambar alayhissalom huzurlariga bir sahoba kelib so'rabdilar: "Ey Rasululloh, mening kasalmand onam bor, uni o'zim ovqatlantiraman, suv ichiraman, tahorat qildirib qo'yaman, orqamda opichlab yuraman - endi haqqini to'la ado etibmanmi?" "Yo'q, - dedilar Rasululloh, - yuzdan birini ado etibsan, xolos. Ammo yaxshi ish qilibsan. Alloh O'zi shu oz ishingga ko'p savoblar beradi".
      3. Ular bilan ovqatlanganda lazzatli joyini taklif eting.
      Abdulloh ibn Umar Taysala ibn Iyosga dedilar: "Ey Taysala, katta gunohlardan o'zingni saqlagandan keyin onangga qattiq gapirmasang, uning ob-ovqatini berib tursang, albatta jannatga kirasan!".
      4. Ular o'zlariga to'q bo'lsalar ham, sizga izhor qilolmaydigan hojatlari uchun molingizdan berib turing. 
      Janob Rasulullohdan (s.a.v.) rivoyat borki: "O'zing ham, moling ham otangnikidir".
      5. Biror orzu-niyatlari bo'lsa, uni barpo qilishga tirishing.
      6. Ota-onaning dillari xohlagan narsaga ularni tez-tez taklif qilib turing.
      Ahmad va Abu A'lodan rivoyat qilinadi. Rasululloh shunday deganlar: "Shuni bilib qo'yki, Allohning rizoligi yo'lida har bir qilgan nafaqang uchun, hatto xotining og'ziga solib qo'ygan luqma uchun ham ajr olursan". (Imom Buxoriy rivoyatlari). 
      7. Ularning do'stlarini do'st tutib yo'qlang va bu bilan yuzlarini yorug' qiling.
      Ibn Umar shunday rivoyat qildilar: "Hazrat Rasululloh sollallohu alayhi vassallamdan eshitdimki, ezgulikning eng yaxshisi o'z otasining sevgan odamlariga yaxshilik qilishdur" (Imom Termiziy rivoyatlari).
      8. Ular bemorligida sog'ligi uchun sadaqa qiling va Alloh taolodan shifo tilang.
      Abdulloh ibn Abbos dedilar: "Yo Rasululloh, onam hech narsani vasiyat qilmay vafot etib ketdilar. Endi onamga sadaqa qilsam, unga yetadimi?" Rasululloh (s.a.v.): "Ha, uning uchun sadaqa qilsang, savobi albatta yetib boradi", deb javob qildilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      9. Alloh sizga ato etgan mol-dunyo ixtiyorini ularga ham berib qo'ying.
      Jumhur ulamolar Isro surasidagi "Hokisor bo'lib ota-onangni mehribonlik qanoting ostiga olgin", degan oyati karimani "Ota-onang yaxshi ko'rgan biron narsadan ularni qaytarma", deb tafsir qilganlar.
      10. Ota-onaning dunyoviy ehtiyojlarini muhayyo etishga tirishing.
      Abu Burda ibn Abu Muan al-Ash'ariyning aytishlaricha, Abdulloh ibn Umar yamanlik bir odam o'z onasini opichlab xonai Ka'bani tavof qildirib yurganini ko'rdilar. U odam quyidagi baytni ohang bilan o'qirdi: 

      "Onai zorim uchun bo'ynimni eggan tevaman,
      Tevaga mingan onam horsalar ham, men charchamam".

      U shuni o'qiy turib Abdullohga qaradi-da: "Ey Abdulloh ibn Umar, mana shu xizmatim bilan onamning haqqini ado qiloldimmi?" deb so'radi. "Yo'q, bu xizmating seni tug'ish paytida onangni qiynab tutgan to'lg'oqlarining bittasiga ham barobar emas", dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

                                OTA-ONA VAFOTIDAN SO'NG...
      1. Ularning vasiyatlarini shariatga muvofiq holda bajo keltiring.
      2. Ota-ona do'stlarini do'st tutib yuring.
      3. Qarindosh-urug'lari bilan aloqani uzmay, bordi-keldi qilib turing.
      Abu Usayd roziyallohu anhu hikoya qiladilar: "Biz Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida edik, shu vaqtda bir kishi: "Yo Rasululloh, ota-onamning hayot vaqtlarida qilgan yaxshiligimdan tashqari ularning vafotidan keyin yana nima qilsam, shu yaxshiligim davom etadi?" deb so'radi. Rasululloh (a.s.): "To'rtta narsani qilib yursang, ularga yaxshiliging davom etavergan bo'ladi. Ularning birlamchisi ota-onang haqqiga duo qilasan va gunohlarini kechirmakni Alloh taolodan so'raysan, ikkilamchisi - ularning nasihat va shar'iy vasiyatlarini amalga oshirasan, uchlamchi - ularning do'stlarini hurmatlaysan va to'rtlamchi - qavm-qarindoshlar bilan ular tufayli qaror topgan qarindoshlik aloqalarini uzmaysan", dedilar" (Imom Buxoriy va Abu Dovud rivoyatlari).
      Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilinadi. Qaysi bir safarda bir a'robiy (sahroyi) Abdulloh ibn Umar yonlariga kelib: "Sen falonchining o'g'li emasmisan?" deb so'radi. Shu a'robiyning otasi hazrat Umar ibn Xattob bilan do'st bo'lgan ekan. Abdulloh a'robiyga: "Ha, otangning do'sti Umarning o'g'liman", dedilar va o'zlarining tuyalari ortida olib yurgan eshakni hamda boshlaridagi sallani yechib a'robiyga berdilar.
      Shunda yonlaridagi kishilardan biri taajjublanib dedi: "Bu bir a'robiy bo'lsa, unga ikki dirham bersangiz, kifoya qilardi, siz esa eshakni ham, sallani ham berib yubordingiz". Abdulloh: "Rasululloh: "Otang do'st tutgan kishilarning do'stligini saqla, ular bilan aloqani uzma, uzsang, Alloh taolo sening nuringni o'chirib qo'yadi", degan edilar", deb javob qildilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      4. Dalil-isbotli qarzlari bo'lsa, uzing.
      Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: "Otam Badr kuni shahid bo'ldilar, keyin u kishiga qarz bergan kishilar qarzlarini qistab kelishdi. Men Rasululloh huzurlariga borib, shu gapni aytdim. Ul zot qarz bergan kishilardan xurmozorim hosilini qabul qilib, otamni qarzdan xalos etishlarini iltimos qildilar". (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      5. Ota-onangiz hayotliklarida mehmon qilgan kishilarni ular vafotidan so'ng ham yo'qlab, mehmon qilib turing.
      Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): "Otaga qilinadigan yaxshiliklarning eng afzali u sevgan kishilar bilan aloqani mustahkamlab, ularga hayrixohlik qilishdir", dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      6. O'z namozingizga qo'shib ular uchun nofila namozlar o'qing.
      7. Nafl ro'za tutib, savobini ota-ona uchun bag'ishlang.
      Abu Hurayra aytdilar: "Rasululloh (s.a.v.): "Banda vafot etgandan keyin undan uchta ulug' amaldan boshqasi uzilib qoladi. O'sha amallar: sadaqai joriya (ko'pchilik uchun qurilgan masjid, ko'prik kabilar), odamlarga manfaati yetsin, deb yozib qoldirilgan ilmiy asarlar va uning haqqiga duo qilib turadigan solih farzandlardir", dedilar" (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      8. Ota-onangiz nomiga dog' tushirmaslik uchun boshqa birov bilan janjallashganda uning ota-onasini haqoratlamang.
      Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhu aytdilar: "Rasululloh (s.a.v.): "Kishi o'z ota-onasini so'kishi katta gunohdir", dedilar. Sahobalar: "Yo Rasululloh, kishi o'z ota-onasini ham so'kadimi?" deb so'rashganida, Rasululloh: "U kishi bir odamni so'kadi, u odam ham avval so'kkan kishining otasini ham, onasini ham so'kadi", dedilar" (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      9. Fiqh masalalari vojib deb hisoblamasa-da, qodir bo'lsangiz, savob umidida marhum ota-onangiz uchun fitr sadaqa bering.
      Abdulloh ibn Abbos: "Yo Rasululloh! Onam hech narsani vasiyat qilmay vafot etib ketdi. Endi men shu onam uchun sadaqa-ehson qilsam, unga savobi yetadimi?" deb so'radi. Rasululloh (s.a.v.): "Ha, uning uchun sadaqa qilsang, savobi albatta tegadi", dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      10. Hazrat Ali Janobi Rasululloh (s.a.v.) vafot etganlaridan so'ng ham qurbonlik qilganlari rivoyat etilgani uchun qodir bo'lsangiz, ota-ona nomidan qurbonlik qiling.
      Oisha roziyallohu anhoning rivoyat qilishlaricha, Payg'ambar alayhissalom: "Qurbonlik so'yilgan vaqtda oqqan qon yerga tushmay turib, Allohning huzurida ulug' makonga tushadi. Shuning uchun qurbonlikni chin dildan ado eting!" deganlar.
      11. Ota yoki ona vafot etishsa, qabr, kafan va boshqa xarajatlar halol moldan qilinishiga va bu ishlarni bajaruvchilarning roziligi olinishiga erishing (qabrga qo'yuvchi solih, obid, olim kishilar bo'lishi maqsadga muvofiqdir).
      Payg'ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan hadislarda shunday deyiladi:
      "Kimki o'likni yuvsa va uning ayblarini bekitsa, Alloh taolo qirq marta uning gunohini kechiradi".
      "Musulmon banda vafot etganda uning janozasida Allohga shirk keltirmagan qirqta musulmon hozir bo'lsa, Alloh taolo ularning sharofatidan mayitning gunohlarini kechiradi".
      12. Ota yoki ona huzuringizda (qo'lingizda) vafot etishsa, g'usl va dafn bobidagi shartlarga, ya'ni Payg'ambar alayhissalom sunnatlariga muvofiq so'nggi yo'lga kuzating.
      13. Qur'oni karimda ota-ona haqqida duoda bo'lish buyurilgani uchun Qur'on o'qish yoki tasbeh-tahlil orqali ular haqqiga duo qiling.
      Muhammad ibn Sirin aytadilar: "Kechalarning birida biz Abu Hurayra huzurlarida bo'ldik. Shunda Abu Hurayra o'zlari: "Ey Alloh! Abu Hurayraning ham, onasining ham gunohlarini kechirgin va ikkimiz uchun istig'for etgan kishilarning ham gunohlarini kechirgin!" deb duo qildilar" (Imom Buxoriy rivoyatlari).
      14. Motam marosimlarida Payg'ambar alayhissalom sunnatlariga muvofiq ish tuting (ya'ni, gapirib, o'zingizni buzib-yorib yig'lamang, jimgina ko'z yoshi to'kish bilan motam tuting).
      Payg'ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyilgan: "Biror yaqini o'lganda kimki yuzlariga ursa, yoqalarini yirtsa, johiliyat zamonining duolarini qilsa, u bizdan emas!"
      15. Har juma kuni hamda ikki hayit (iyd) arafasida ota-ona qabrini ziyorat qilib turing.
      Hazrati Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilindi: "Kimki har juma kuni ota-onasining qabrini yoki ular agar tirik bo'lsa, marhum qarindoshlarining qabrini ziyorat qilsa, uning barcha gunohlari kechirilib, yaxshilar qatoridan o'rin beriladi".
       

                                   QABRISTON ZIYORATI ODOBI
      Sahoba Burayda roziyallohu anhu Payg'ambar alayhissalomdan rivoyat qildilar: "Rasululloh (s.a.v.): "Men sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim, endi ruxsat etildi, borib ziyorat qilinglar", dedilar".
      Sahoba Buraydaning aytishicha, Payg'ambar alayhissalom qabristonni ziyorat qilgani borganlarida deganlar: "Ey mo'minlar va musulmonlar, qabriston ahllari, sizlarga salom bo'lsin! Xudo xohlasa, bizlar ham kelib sizlarga qo'shilurmiz. O'zimizga va sizlarga Allohdan ofiyat va ajr so'raymiz".
      Muhaddis Hofiz hazrati Ali £orining "Sharhi Lubob" kitoblarida ziyorat odobini bayon qila turib, shunday dedilar: "Janob Rasululloh (s.a.v.) qabr ziyoratida uning bosh tomonida Baqara surasining avvalini, oyoq tomonida esa Baqaraning oxirini o'qiganlar hamda yuqoridagi duoni o'qib salom bergach, tilovat boshlaganlar, bular ziyorat sunnatidir. Agar iloji bo'lsa, ziyoratchi Baqara surasining Oyatal kursi, Omanar rasuli qismlarini, Yosin, Mulk, ("Taborak"), Takasur suralarini bir martadan va Ixlos surasini o'n bir bor o'qib, so'nggida: "Ey Alloh, o'qigan Qur'onning savobini O'zing "Faloniy-faloniy"larga yetkazgin", deb savobini hadya qilgay".
      Imom Navaviy rahmatullohi alayh "Muhazzab" kitobining sharhida aytadilar: "Qabr ziyoratiga kelgan kishiga Qur'oni karimdan qodir bo'lganicha o'qimoq va mayitlar haqqiga qiroat oxirida duo qilmoqlik sunnatdir". (Imom Suyutiy rivoyati).
      Abu Muhammad Samarqandiy "Fazoil" kitoblarida har bir kishi qabristondan o'ta turib Ixlos surasini 11 bor o'qisa va ajrini mayitlarga hadya etsa, qabristondagi amvotlar sonicha ajr beriladi". (Imom Suyutiy rivoyatlari).
      Sa'd ibn Aliy az-Zanjoniy "Favoid" kitoblarida hazrat Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Janobi Rasululloh: "Qabristonga kirgan kishi Fotiha, Ixlos, Takasur suralarini o'qisa va savobini qabriston ahli bo'lgan mo''min va mo''minalar ruhlariga baxshida etsa, uning uchun amvotlar Allohning huzurida shafiy bo'ladilar", dedilar".
      Sohibi "Hilol" Abdulaziz rivoyati sanadini hazrati Anas roziyallohu anhuga yetkazib rivoyat qiladilar: "Rasululloh (s.a.v.): "Qabristonga kirgan kishi surai Yosin o'qisa, Alloh ahli qabrga yengillik ato etadi, o'quvchiga mayitlar adadicha hasanot bo'ladi", dedilar" (Imom Suyutiy rivoyatlari).
      Imom G'azzoliy "Ihyou ulumid-din" kitoblarida va muhaddis Abdulhaq Dehlaviy "Oqibat" kitoblarida Imom Rahmatullohdan rivoyat qilishicha, u zot aytdilarki: "Qachon qabristonga kirsangiz, Fotiha, Falaq va Nos hamda Ixlos suralarini o'qib, shu qabriston ahliga savobini hadya etsalaringiz, ruhlariga albatta yetadi" (Imom Suyutiy rivoyatlari).
      Qatoda ibn Abu Borzatil Aslaniy roziyallohu anhu rivoyat qililaricha, Rasuli akram (s.a.v.) bir qabrning oldidan o'tib ketayotganlarida qabrdagi mayitning azoblanayotganini aytib, qabrga ho'l ko'kat bo'lgan shoxni qo'yib qo'ydilar va: "Shul shox qurigunga qadar ulardan azob ko'tariladi", deb marhamat qildilar (Imom Suyutiy rivoyatlari).

                                    
    Ayolning er oldidagi burchlari 
      Har qanday jamiyatda faqat bitta rahbar bo'ladi. Agarki, hokimiyatga yana biror kimsa da'vo qilsa, bundan faqat nizo chiqadi, xolos. Oila ham bamisoli bir davlat bo'lib, shariat ahkomlarida uning rahbari, ya'ni boshlig'i sifatida er kishi tilga olinadi va u barcha oila a'zolari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga oladi. Lekin bu ayol va boshqa a'zolar uchun huquqlar eshigi berk, degani emas. 
      Ayolninig eri bo'ladigan munosabatlarida rioya qilishi shart bo'lgan odoblari quyidagilar: 
      - eri unga ko'rsatadigan yaxshilik garchi qilchadek bo'lsa ham, uni hurmat qilish va qadrlash; 
      Payg'ambar (s.a.v.) dedilarki: "Menga do'zax ko'rsatildi. Uning aksariyati ayollardan iborat ekan". So'raldiki: "Yo, Rasululloh, sababi nima?" "Chunki ular erlari tomonidan ko'rsatiladigan yaxshilikni qadrlamaganligidadir", dedilar. 
      - eri chaqirganida unga rad javobini bermaslik; 
      Imom Buxoriy va Muslim "Sahih"larida keladiki: "Agarki er ayolini yotoqqa chaqirganida u rad javobini bersa va eri g'azablangan holda uxlab qolsa, farishtalar ayolga to tong otgunicha la'nat aytishadi". 
     Faqatgina o'zlariga xos og'ir, mushkul va nozik holatlarda eriga chiroyli usulda, muloyimlik bilan tushuntirish kerak. Er kishi esa shunday vaziyatda tushunishi lozim. Agar bu chegarani buzsa, shubhasiz gunohkor bo'ladi. 
      - mijg'ov, tirnoq ostidan kir qidiradigan bo'lmaslik; 
      Termiziy va Hokimlar keltirgan ishonchli hadisda kelishicha: "Ayol o'z erini yerda ranjitganida, uning (erning) jannatdagi huri o'sha ayolga yuzlanib: "Alloh senga o'lim yetkazsin, ering sen bilan vaqtinchalik birga, yaqinda sendan ayriladi va bizga keladi", deb aytib turisharkan. 
      - erining g'azabi chiqishiga sababchi bo'lsa, eri uni kechirishi uchun tezda ko'nglini olishi kerak; 
      Ibn Ribboni va boshqalar rivoyat qilgan hadisda keladiki: "Erining g'azabiga uchragan ayolning toat-ibodatlari qabul qilinmaydi va solih amallari osmonga ko'tarilmaydi. Ammo erining shariatga zid keladigan amrlariga itoat etmasa, ayolga hech qanday gunoh yo'q". 
     - erining ruxsatisiz uydagi biror narsani birovlarga berib yubormaslik, lekin agar o'sha narsani bergan taqdirda erining bunga qarshilik bildirmasligini aniq bilsa, buning zarari yo'q; 
      - sunnat ro'zalarni faqat erining ruxsati bilan tutish. Farz ro'zalarni tutishda erining ruxsati talab qilinmaydi; 
      - o'zini begona nomahram ko'zlardan to'sish; 
      - eridan zarur narsalardan tashqari ortiqcha narsalar talab qilmaslik; 
      Misol uchun kiyinishda, luqmada, uy anjomlarida va h.k. 
      Kitoblarda kelishich, oxir zamonda erkak kishi xotin, bola-chaqalari tashvishida yugurib aqldan ozish darajasiga yetadi. Ular undan ko'pgina dunyo matohlarini talab qilishadi, u esa matohlar izidan ham dunyosidan, ham iymonidan ayriladi. 
      - eri uyga olib kelgan narsalar shariatga zid bo'lsa, unda itoat etmaslik; 
      Bular o'g'irlangan, zo'rlik bilan tortib olingan va shu kabi shariatga zid keluvchi yo'llar bilan o'ndirilgan narsalar kiradi. 
      - shariatga muvofiq keladigan barcha holatlarda eriga so'zsiz itoat qilish; 
      - erining roziligini topish uchun harakat qilish; 
      - yo'qchilikda sabr qilish; 

      - eriga Alloh nasib etgan rizqqa har doim rozi bo'lish; 
      - ibodat qilish vaqtida ham uyning ozodaligiga, tartibiga qarash; 
      - eri oldidagi burchlarini qolgan barcha yaqinlari oldidagi burchlardan ustun qo'yish; 
      - o'zi har doim toza, eri uchun ozoda, chiroyli kiyimlarni kiyib, o'zaro muomala-munosabatda yuksak ehtirom ko'rsatish, hatto eri nimadadir haqsiz bo'lsa ham, ovozini balandlamaslik; 
      - bolalariga nisbatan sabr-qanoatli, muloyim bo'lish, eriga va bolalariga la'nat o'qimaslik, ular uchun yomonlikni so'ramaslik; 
      - eri qoshida o'z go'zalligidan g'ururlanmaslik va erini chiroyli emasligida yoki boshqa narsalarda haqorat etmaslik; 
      - eri safarga ketar yoki biror joyga otlanayotganda bundan ayol o'zini xursand ko'rsatmaslik, erining qaytishida esa xursand ko'rsatish; 
      - kiyimlariga qarash, tezda taom qo'yish, hatto shariat buyurmagan bo'lsa ham, uy ishlarida eriga ko'maklashishga harakat qilish; 
      - eri vafot etsa, idda muddatini saqlash; 
      Ayol zoti uchun eng muhimi turmushga chiqish hisoblanadi. Shuning uchun uning o'zi va yaqinlari qizni yoki ayolni iymonli, insofli, bu dunyo qiyinchiliklaridan oilasini himoya eta oldigan erkakka turmushga uzatishga harakat qilishi shart. 

All Rights Reserved © Copyright 2005   by  www.fikr.uz     

Hosted by uCoz