|
Johiliya
Bu so'z arab tilidan
(jahula - bilmaslik) johillik, bilimsizlik, nodonlik ma'nosini beradi. Johiliya so'zi Arabistonning
Islomdan oldingi davriga nisbatan ishlatiladi. Chunki bu davrda arablar orasida
Al-Vasaniyya ko'pxudolik hukm surib, ular yakkaxudolikdan bexabar edilar. Bundan tashqari xalq orasida qizlarni tiriklayin ko'mish, mayxo'rlik va boshqa
axloqiy buzuqliklar keng yoyilgan bo'lib,
Islom dini ularga chek qo'ydi.
Arabiston yarim orolining Makka, Madina, Toif, Xaybar singari bir qancha eng muhim shaharlarini o'z ichiga olgan qismini qadimdan Hijoz, deb atashgan. Bu yarim orolning katta qismida
Islom vujudga kelguniga qadar ko'pxudolik hukm
surardi. Arablarning eng qadimgi dinlari jumlasiga totemizm, fetishizm, animizm va o'tmish avlodlarga sig'inishni kiritish mumkin. Totemizmning yaqqol dalili sifatida ko'p arab qabilalarining nomini keltirish kifoya; asad (arslon), kalb (it), bakr
(bo'taloq), sa'lab (tulki), zi'b
(bo'ri) va h.k.
Arabistonda har xil xudolarning timsoli - sanamlar qachon paydo bo'lganligi haqida
aniq tarixiy ma'lumotlar yo'q. Harqalay, but-sanamlarga sig'inish - dinning yangi bosqichi bo'ldi. Eramizdan avvalgi VIII asrdayoq har bir arab qabilasining o'z sanami bo'lgan. Ikki qabila urushidan so'ng, odatda, mag'lub qabila g'olib qabila sanamiga sig'ina boshlardi.
Ba'zida g'olib qabila mag'lub qabilaning sanamini ham o'z sanami yoki sanamlari safiga qabul qilishi mumkin edi. Arabistonning turli yerlarida muayyan sanamlarning qarorgohi mavjud bo'lib, ular ziyoratgohlar sifatida ma'lum edi. Makka Arabistonning diniy markaziga aylangach, u yerdagi Ka'ba sanamlarning panteoniga (to'plangan joyiga) aylanib qoldi. Islom arafasida arablar orasida butparastlik shunchalik avjida ediki, hatto har xonadonning o'z sanami bor edi, deyish mumkin. Safarga otlangan kishi bunday sanamni qo'li bilan ishqab, so'ng yo'lga tushardi, safardan qaytgach esa, birinchi navbatda u yana sanamini silab-siypardi.
Ibn al-Asirning uqtirishicha, 630 yili Muhammad
(s.a.v.) Makkani zabt etganlarida Ka'ba ichida 360 ta sanamni ko'rganlar va ularni sindirib tashlashni buyurganlar. Sanamlarning soni uchun bu raqam juda katta ko'rinadi, ammo
muayyan sanam bir necha qabilada ehtirom qilingan bo'lsa, u Ka'baga shuncha nusxada qo'yilgan bo'lishi mumkin.
Ibn al-Kalbiyning arab ko'pxudoligiga bag'ishlangan "Kitob al-asnom" asarida tilga olingan datlabki 5 sanamning nomi (Vadd, Suvo, Yag'us, Yauq, Nasr) Qur'onda ham zikr qilingan
(Nuh, 22-23-oyatlar). Ularning tasviri ko'pchilikka ma'lum
edi. Vadd - erkak kishi, Suvo - ayol kishi, Yag'us - sher, Yauq - ot va
Nasr - burgut qiyofasida ifodalanar edi.
Qur'onda zikr qilingan eng qadimgi sanamlar jumlasiga Manot, Allot va al-Uzza ham kiradi. Johiliya arablarining tassavurida bu
uchala sanam ham ayol xudolar
bo'lgan.
Islom vujudga kelishi arafasida Janubiy Arabiston
e'tiqodida katta o'zgarishlar yuz berdi. Arabiston yarim orolining janubida ham, shimolida ham aksariyat aholi har xil but-sanamlarga sig'inardi, ya'ni ko'pxudolik e'tiqodida edi. Ammo arablarning butparastligi faqat totemizm, fetishizm kabi ibtidoiy, ilk din shakllari emas, balki uzoq yo'lni bosib o'tgan, nisbatan rivojlangan ko'pxudolik edi.
Islomdan oldin Arabistonning ko'p joylarida yahud jamoalari mavjud bo'lgani haqida ma'lumotlar ko'p. Yahudlar bilan birga Arabiston yarim oroliga yahudiy dini ham kirib keldi. Arabiston yahudiylar haqida, asosan, Qur'on, Hadis, Tafsir, Sira va ahborlar kitoblari xabar beradi. Bu mavzuga aniqlik kiritadigan hozirga qadar topilgan hujjatlarning eng qadimiysi - Yangi Bobil podshohi Nabonidga (er.av.555-539) tegishli xronikadir. Unda aytilishicha, eramizdan avvalgi 552-542 yillari Shimoliy Arabistondagi Teyma shahrini o'ziga poytaxt qilib olgan Nabonid bu yerdagi shaharlarni o'zlashtirish maqsadida Bobildan talaygina aholini
ko'chirgan, ular orasida ko'pchilikni yahudlar tashkil qilgan. Ma'lumki, bundan oldinroq (er.av.586 y.) Navuxodonosor II Quddusni zabt qilganida salkam 30 ming yahudiyni asir qilib, Bobilga keltirgan va "Bobil asirligi" 50 yil davom etgandi. Shundan so'ng ham ba'zi yahudlar Falastinga qaytmay, Bobilda qolib ketgandilar.
Islom ta'limoti. Islom
- dunyoda keng tarqalgan jahon dinlaridan biri. Arabiston yarim oroli, Iordaniya, Suriya, Falastin, Turkiya, Eron, Pokiston, Afrika qit'asidagi Marokash, Jazoir, Tunis, Liviya, Misr Arab Respublikasi, Sudan, Somali singari mamlakatlar xalqlari, O'rta Osiyo, Efiopiya, Bruney Sultonligi, Malayziya, Indoneziya hamda Livan, Hindiston, Xitoy hamda Filippin aholisining ma'lum bir qismi, Yevropa qit'asida esa Bolqon yarim oroli, Kavkazorti va Shimoliy
Kavkaz, Volgabo'yi, G'arbiy Sibirda yashovchi xalqlarning bir bo'lagi
Islomga e'tiqod qiladi. Yer yuzida Islomga e'tiqod qiluvchilar, ya'ni musulmonlar qariyb 1.5 mlrd. ga yetadi va ular soni jihatidan xristianlardan so'ng ikkinchi o'rinda turadi.
Islom so'zi arabcha "Allohga o'zini topshirish", "itoat etish", "taslim bo'lish", "bo'ysunish" ma'nolarini beradi. Islomning asosiy manbasi bo'lmish Qur'oni
karim VII asrda nozil bo'lgan bo'lsa-da,
Islom ta'limotiga ko'ra, bu din yer yuzida insoniyat paydo bo'libdiki, barchalariga nozil qilingan. Muhammad
(s.a.v.) avvalgi payg'ambarlar ishini davom ettiruvchi, ular dinini qayta tiklovchi, qiyomat oldidan yuborilgan oxirgi payg'ambar - Nabiy va Rasul, deb tan olinadilar.
Nabiy
- payg'ambar: arab tilidan
"xabarchi, xabar yetkazuvchi" ma'nolarini beradi. Payg'ambarlar orasida ularga Alloh tomonidan alohida kitob va shariat nozil qilinmagan va avvalgi payg'ambarning kitob va shariatini insonlarga targ'ib qilganlari nabiylar, deb ataladi (Ismoil, Ishoq, Yaqub, Zakariyo kabi).
Rasul -
payg'ambar: arab tilida "elchi" ma'nosini anglatadi. Alloh tomonidan alohida kitob va shariat berilgan payg'ambarlar rasullar darajasiga erishgan hisoblanadi (Ibrohim, Muso, Iso kabi).
Islom
aqidasi asosan yetti narsa - Allohga,
Uning farishtalariga, nozil qilgan muqaddas kitoblariga, yuborgan payg'ambarlariga, oxirat kuniga, taqdirning yaxshiligi va yomonligi Allohdan ekanligiga, o'lgandan keyin qayta tirilishga
iymon keltirishdan iborat. Bu aqidalar
iymon kalimalari, deb atalmish olti kalimada o'z ifodasini topgan.
Islom dini har bir o'zini musulmon, deb atagan kishiga din arkonlari, deb atalgan quyidagi besh vazifani yuklaydi: 1) Allohning
yagona iloh ekanligiga va Muhammad
(a.s.) Uning payg'ambari ekanligiga guvohlik berish; 2)
Kuniga besh mahal namoz o'qish; 3)
Miqdoriga yetganda o'z molidan zakot berish; 4)
Har yili ramazon oyida ro'za tutish; 5)
Qodir bo'lsa, umrida bir marta haj
qilish.
--------------------------------------------------------------------------------
Muhammad (s.a.v.) hayotlari. Muhammad ibn Abdulloh ibn Abd al-Muttalib Arabiston tarixida "Fil voqeasi" nomi bilan mashhur jangdan 50 kun keyin tavallud topdilar. Misrlik
munajjim Mahmud poshoning aniqlashicha, Payg'ambarning tavallud topishlari milodiy sananing 571 yil 21 aprel kuniga to'g'ri keladi. Otalari Abdulloh Muhammad
(s.a.v.) tug'ilmaslaridan oldin savdo ishi bilan Shomdan qaytayotib, Yasrib
(Madina)da vafot etdilar va o'sha yerga dafn etildilar.
Bola sog'om va ziyrak bo'lib o'sishi uchun arablarda sahroyi ayollardan sut-ona topib
emizish odati bor edi. Ana shu odatga ko'ra, Bakri qabilasidan bir guruh ayol go'dak izlab shaharga keladi. Muhammad
(s.a.v.)ga sut-ona bo'lish Abu Zuaybning qizi Halimaga nasib etdi. Halimaning eri chorvador Abu Kabsha edi. Quraysh mushriklari Payg'ambar
(a.s.)ni masxaralab kulganda u kishini Abu Kabshaga mansub qilib: "Bu Abu Kabshaning o'g'li nuqul osmondan
gapiradi", deyishardi. Rasulullohni 4 yildan ortiq vaqt ichida emizgan Halimaning oilasiga baraka
yog'ilib turdi. "Sharh sadr" yoki "Shaqqi sadr" ("Ko'krak yorish") voqeasi ana shu davrda yuz berdi (Qur'oni
karimning 94-surasi).
Rivoyat qilinishicha, Rasululloh Halimaning qo'ylarini yaylovda boqib yurganlarida ikki oppoq kiyimli kishi kelib, u kishining
ko'kraklarini yorishadi-da, ichlaridan bir narsani olib tashlab, kesilgan joyni tikib qo'yishadi. Muhammad
(s.a.v.)ni ikki oq kiyimli kishi olib ketishayotganini ko'rgan akalari o'z onalariga bu xabarni yetkazishganida bibi Halima voqea sodir bo'lgan joyga zudlik bilan yetib
keladi. Bu vaqtda kichkina Muhammad
(s.a.v.) ranglari bir holatda turgan edilar. Keyin ularga bo'lgan voqeani o'z og'izlari bilan gapirib beradilar. Shundan so'ng birovning farzandiga biror shikast yetib qolishidan qo'rqqan Halima bolani o'z onalariga topshiradi.
Ibn Kasirning
"Al-Bidoya va-n-nihoya" asarida
keltirilishicha, mazkur olib tashlangan narsa "inson qalbida mavjud bo'ladigan shayton nasibasi, ya'ni shaytoniy his-tuyg'ulardir". At-Tabariyga ko'ra, bu voqea Muhammad
(s.a.v.)ning qalblaridan shayton nasibasini zam-zam suvi bilan pokiza qilib yuvib tashlashdir.
6 yoshlarida onalari Omina vafot etdilar. 8 yoshgacha bobolari Abdulmuttalib qo'llarida qolib, bobolari vafot etgach, amakilari Abu Tolib Muhammad
(s.a.v.)ni o'z qaramog'iga oldi.
Muhammad
(s.a.v.) 25 yoshga to'lganlarida Asad jamoasidan bo'lgan boy ayol Xadicha binti Xuvaylid u kishidan o'zining savdo karvoni bilan birga Shomga safar qilishni so'radi. Bu savdodan katta foyda tushdi. Muhammad
(s.a.v.)ning to'g'riso'zlik, halollik, sadoqatlilik kabi yuksak insoniy fazilatlarini ko'rgan Xadicha yoshlari ancha katta bo'lishiga qaramay,
taomilga zid ravishda unga sovchi
qo'ydi. Muhammad (s.a.v.)
tomonlaridan amakilari Abu Tolib, Xadicha tomonidan amakivachchasi Varaqa rozilik berib, nikoh o'qildi.
Muhammad
(s.a.v.)ning shu xotinlari u kishining yetti farzandlaridan 6 tasining onasi bo'lgan.
Ular: Zaynab, Ummu Gulsum, Ruqiya, Fotima, Qosim, Abdullohlardir. Moriya ismli ayollaridan esa Ibrohim tug'ilgan.
Muhammad
(s.a.v.) 35 yoshga kirganlarida makkaliklar Ka'bani ta'mir etishadi. Uni qayta qurish jarayonida muqaddas sanalgan
"Al-Hajar al-asvad" (Qora tosh)ni kim o'rniga
qo'yishi masalasida tortishib qoladilar. Shunda ulardan biri:
"Ertalab Safo eshigidan kim birinchi kirib kelsa, o'sha bizga hakamlik qilsin", deydi. Ertalab Safo tarafidan
Muhammad (s.a.v.) kirib keladilar. Uni ko'rgan olamon
"Muhammad al-amin (ishonchli
Muhammad) keldi", deb xursand bo'lishadi. U zot choponlarini yechib, unga Qora toshni qo'yib, barcha qabila
boshliqlariga choponni baravariga
ko'tarishni buyuradilar va o'zlari Qora toshni joyiga qo'yadilar. Muhammad
(s.a.v.) o'zlarining zukkoliklari bilan qabilalar o'rtasida chiqishi mumkin bo'lgan nizoning oldini oladilar.
Muhammad
(s.a.v.) 40 yoshga yetganlarida ko'proq yolg'izlikni
qo'msaydigan bo'lib qoldilar. Makkadan 3 mil masofadagi Hiro tog'ida joylashgan g'orga ketar va
ramazon oyini u yerda kechirib, ibodat qilardilar. G'amlagan ozuqalari tugagach, bibi Xadicha oldiga qaytar, bu yerda bir oz qolib, yana o'sha g'orga ketar edilar. U yerda o'zlarini sukunatga berib, chuqur o'yga tolar edilar. G'oyibdan quloqlariga "Sen Allohning
elchisisan", degan tovushlar eshtilar edi.
Milodning 610 yilida
ramazoni sharif oyida Payg'ambar
(s.a.v.) odatga ko'ra yana Hirodagi g'orga chiqdilar. Jamiyatda yuz berayotgan nohaqliklar, insoniyat jabr tortayotgan zalolatdan qutulish - oliy haqiqatga erishish haqida fikr yuritar edilar. Hiro tog'ida avvalgi o'tgan payg'ambarlar Ibrohim, Muso, Iso kabi "tahannus" ibodati bilan mashg'ul bo'lardilar. Imom al-Buxoriy bu ibodatga shunday sharh
beradilar: "Payg'ambarimizning qaysi shaklda ibodat
qilganliklari so'raladigan bo'lsa, buning tafakkur va ibratdan iborat bo'lganligini aytamiz".
Payg'ambarlikning boshlanishi tushda ayon bo'la boshladi. Tushda ko'rilgan har bir narsa oydin bir subh kabi o'ngda yuz berardi. Kunlarning birida Hiro tog'idagi g'orda
vahiy keltirgan farishta Jabroil
(a.s.) Payg'ambarga ko'rindi va:
-
O'qi, - dedi.
Payg'ambar:
-
Men o'qishni bilmayman, - dedilar.
Farishta yana amrini takrorladi. Payg'ambar yana:
-
Men o'qishni bilmayman, - deb
javob berdilar.
So'ngra farishta u kishini boshdan oyoqqa qadar kuchlari qolmaguncha siqdi. Shunda Payg'ambar:
-
Nimani o'qishim kerak? - deb so'radilar. U zamon farishta ilohiy oyatlarni o'qiy boshladi: "Yaratgan
Rabbing nomi bilan o'qi! U insonni lahta qondan yaratdi. O'qi! Karami keng bo'lgan Rabbing haqqi uchunki, U qalam bilan ta'lim berdi, insonga bilmaganlarini o'rgatdi".
Alaq surasining boshidagi bu oyatlar ilk kelgan
vahiydir. Payg'ambar (a.s.) bu oyatlarni qalbga joylab, farishtaning ketidan qaytardilar. Shundan so'ng bo'lib o'tgan voqeadan nihoyatda hayrat va qo'rquvga tushganlaridan darhol Xadichaning
huzuriga qaytdilar va "Meni o'rab qo'ying, o'rab qo'ying", dedilar. O'ranganlaridan so'ng uzoq uyquga ketdilar. Uyg'ongach, bo'lgan voqeani ayollariga so'zlab berdilar. Xadicha buni yaxshilikka
yo'yib, Varaqa ibn Navfal nomli avvalgi samoviy kitoblardan boxabar bo'lgan qarindoshlarining huzuriga borib, bu voqeaning tafsilotini
so'radi. Varaqa bu ko'ringan farishta Muso va Iso payg'ambarlarga
vahiyni olib tushgan "Nomusi Akbar" - Jabroil ekanligini aytdi. U yana kelajakda Muhammad
(s.a.v.) ummatga payg'ambar bo'lishlari, bu yo'lda ko'p aziyat chekishlari, o'z yurtlaridan chiqarilishlari haqidagi xabarlarni bildirdi.
Rasululoh yashirin da'vatga o'tdilar. Birinchi bo'lib Xadicha binti Xuvaylid va amakivachchalari Ali ibn
Abu Tolib iymon keltirishdi. Keyin Zayd ibn Horisa, Abu Bakr
iymon keltirishdi. Birinchilardan bo'lib iymon keltirganlarni ko'radigan bo'lsak, ular ayollardan - Xadicha, erkaklardan - Abu Bakr, yosh bolalardan - Ali ibn
Abu Tolib, qullardan - Zayd ibn Horisa bo'ldilar. Ular jamiyatning turli tabaqalaridan bo'lib, bu narsa
Islom hamma uchun ham munosib din ekanini ko'rsatardi. Vaqt o'tishi bilan jamiki musulmonlar 30 kishiga yetdi. Ular
qurayshiylarning yangi dinga qarshi ekanliklarini bilganliklari uchun o'z dinlarini yashirin saqladilar. Bu holat uch yil davom etdi. Shundan so'ng
Islomga ochiq da'vat qilish vaqti yetganligini bildiruvchi quyidagi mazmundagi oyatlar nozil bo'ldi:
"Yaqin qarindoshlaringni uyg'ot, mo'minlardan senga tobe' bo'lganlarga rahmat va himoya qanotlarini tushir. Agar senga osiy bo'lib qarshi turaversalar, ularga:
"Men sizning amallaringizdan pokdurman (tamomila uzoqman)", deb ayt" (Shuaro surasi,
214-216-oyatlar);
"Sen o'zingga amr qilingan ishni (haq dinga da'vat qilishni) ochiqdan-ochiq yuzaga chiqar va mushriklardan yuz o'gir" (Hijr surasi,
94-oyat).
Payg'ambar bu oyatga binoan Abdulmuttalib oilasini, amakilari Abu Tolib, Abbos, Hamza, Abu Lahablarni uylariga ziyofatga taklif etdilar. Ovqatdan so'ng Payg'ambar
vahiy qabul qilganlari, yangi din
Islomga da'vat etishga buyurilganlari haqida gapirdilar. Abu Lahab bu so'zlarni qat'iy inkor etib, yig'ilganlarni tarqatishga tushdi.
Bir muddat o'tgach, Payg'ambar da'vatni yanada kuchaytirdilar. Bir kuni Safo tepaligiga chiqib: "Ey Quraysh xalqi",
deya xitob qildilar. Bu xitobni eshitganlar Muhimmad
(s.a.v.)ning atroflariga to'plandilar. U kishi to'planganlarga qarata:
- Sizga shu tepaning orqasida bir dushman qo'shini borligi xabarini aytsam, menga ishonasizmi? - deya so'radilar.
- Ha, ishonamiz, chunki sening yolg'on so'zlaganingni hech eshitmadik,- dedilar.
Payg'ambar ularga:
- U holda sizni ogoh etaman. Agar siz Allohga ishonmasangiz, buyuk bir azobga duchor bo'lasiz,
- deb qabila nomlarini birma-bir sanab o'tdilar. So'ngra:
- Xabaringiz bo'lsinki, Alloh menga yaqin qabilamni ogoh etishimni amr etdi. Men siz uchun na dunyo manfaatini saqlamoqqa, na oxiratda topadigan nasibamizni hozirlashga qodir emasman. Bular sizning bir so'zingizga bog'liq. U ham bo'lsa, "La ilaha illalloh" ("Allohdan boshqa iloh yo'qdir"), deyishingizdir,
- dedilar.
Tinglovchilar orasida bo'lgan Abu Lahab darhol o'rnidan turib:
- Kunimizni zahar qilding. Bizni bu yerga shuning uchun to'pladingmi?
- dedi.
Shu sabab bo'lib, bu yig'in ham bir natija bermadi.
Ilk musulmon bo'lganlarning ichidan hech kimi va orqasida quvvatli suyanchig'i bo'lmaganlar mushriklarning ta'qibiga uchradilar. Makka mushriklari Abu Bakr, Usmon ibn Affon kabi obro'li va badavlat zotlarga bir narsa deya olmas edilar. Ammo zaif bo'lgan faqirlarni och va suvsiz tutishar, urar edilar. Ular orasida Bilol Habashiy, Ammor ibn Yosir, Suhayb Rumiy, Habbob ibn Arat, Abu Fukayha kabi qullar hamda Lubayna, Nahdiyya, Zinnira, Ummu Abis kabi joriyalar bor edilar.
Mushriklar Usmon ibn Affon kabi musulmonlarga kelgan azoblarni berishdan chekinmayotgan edilar. Payg'ambarga eng ko'p dushmanlik qilganlar quyidagilar edilar:
Abu Lahab, Abu Jahl, Valid ibn Mug'ira, Abu Sufyon, Umayya ibn Xalaf, Os ibn Voil. Quraysh ulug'lari Muhammad s.a.v.ning Alloh elchisi bo'lganligini tan olgan edilar.
Ammo hasad yuzasidan unga qarshi chiqar edilar. Buni Ahnas Abu Jahldan
Islom haqidagi fikrini so'raganida u bergan javobdan bilsa bo'ladi: "Biz bilan Hoshimiylar o'rtasida qadimdan raqobat bordir. Sharafni o'rtada bo'lisha olmaymiz. Ular ziyofat bersalar, biz ham beramiz. Ular xayr-saxovat ko'rsatsalar, biz ham ko'rsatamiz; ulardan orqada qolmaymiz. Shunday barobar ketayotgan paytimizda ulardan biri o'ziga ko'kdan
vahiy kelganini xabar beryapti. Biz bunga qanday qo'shila olamiz? Vallohi, biz ularning Payg'ambariga ishonmaymiz!.."
Musulmon bo'lmagan makkaliklar ham Muhammad
(s.a.v.)ning yuksak axloq egasi ekanliklarini tan olar edilar. Musulmonlar safi kengayib, Payg'ambar amakilari - jasur Hamza, undan so'ng Umar ibn
Xattobning iymon keltirishlaridan mushriklar sarosimaga tushib qoldilar. Ular musulmonlarga ozor berishni yanada kuchaytirib yubordilar. Bu aziyatlardan holi bo'lishlari uchun Payg'ambar musulmonlarga Habashistonga hijrat qilishni buyurdilar.
Habashistonga ketishni istagan 11
erkak va 4 ayoldan iborat bo'lgan birinchi guruh Makkadan yashirin ravishda chiqib, Qizil dengiz bo'ylab ketdi. Ularning ichida Usmon ibn Affon va xotini Ruqiya (Payg'ambarning qizlari), Abu Xuzayfa va xotini, Zubayr ibn Avvom, Abdurrahmon ibn Avf, Abdulloh ibn Mas'ud bor edilar. Guruh boshlig'i Usmon ibn Maz'un edi. 15 kishi bir guruh holida
vahiyning 5-yili Habashistonga ketdilar. Ularni Habashistonda juda yaxshi kutib oldilar. U yerda yaxshi, sokin hayot kechira boshladilar. Ularning bunday osoyishta hayot kechirayotganliklarini eshitgan boshqa musulmonlar ham bir yildan so'ng ikkinchi bir guruh holida u yerga hijrat etdilar. Bu guruhning boshida Ja'far ibn
Abu Tolib bo'lib (Alining akasi), ular 80 kishi edilar.
Habashiston xalqi va uning podshohi Najoshiy musulmonlarga juda yaxshi munosabatda bo'ldilar.
Makkaliklar Abdumanof urug'ini Abu Tolib darasiga qamal qildilar. Shundan so'ng ikki marta Habashistonga hijrat qilindi.
Qamaldan so'ng Xadicha vafot etdi. Payg'ambar Toifga hijrat qildilar.
Makkada "Isro va Me'roj" voqeasi yuz berdi. Dushmanlar Rasulullohni o'ldirishga qaror qilishdi.
Islom Madina davri. Madinaliklar Makkaga Payg'ambar huzurlariga kelib
Islomni qabul qildilar. Ular bilan makkalik musulmonlar o'rtasida do'stlik aloqalari o'rnatildi. Makka mushriklarining musulmonlar ustidan tazyiqlari kuchaygach, Payg'ambar ularga Yasrib
(Madina)ga hijrat qilishni buyurdilar. Ular ketidan o'zlari ham hijrat qildilar.
Madinalik "ansor" ("yordamchi")lar makkalik muhojirlarni juda samimiy kutib oldilar. Muhammad
(s.a.v.)ning hijratlari rabial-avvalning 8-kuni
(milodiy 622 yil 20 sentabrda) bo'ldi.
Birinchi musulmonlar masjidi qurildi. Azon joriy etildi. Avs va Xazraj arab qabilalari va Banu Kurayza, Banu Qaynuqo', Banu Nadir qabilalari bilan o'zaro sulh tuzildi. Har tomondan musulmonlarga qarshi hujumlar uyushtirildi. Musulmonlar ularni muvaffaqiyat bilan qaytardilar. 624 yil mart oyida
Badr g'azoti bo'ldi.
Madina davrida Muhammad payg'ambar yetakchiliklaridagi
Islom jamoasi yaqin davlatlar orasida tuzilajak kuchli bir davlatning vazifalarini bajarib, turli arab qabilalarining va bir-biriga qaram bo'lgan qabilalar ittifoqlarining o'zaro dushmanligini yo'qotishga ular o'rtasida yaqin va uzoq muddatli
sulh shartnomalarini tuzishga kirishgan edi.
Hijratning 6-yilida Makka qurayshiylari bilan tuzilgan Hudaybiya shartnomasi eng muhim tarixiy hujjatlardan biridir. Bu
sulh bitimi tuzilishi arafasida Payg'ambar 1500 sahoba jangchilar bilan o'q-yoy va nayzalar olmasdan, faqat qilich taqib, Baytulharam ziyorati vaqtida qurbonlikka so'yiladigan 70 tuyani
haydab Makka shahriga yaqin keldilar. Bu kichik qo'shin Makka mushriklariga ko'p ko'rinib, ular Rasulullohni jang qilishga, urushga kelgan hisoblab, shaharga kiritmadilar. Har ikki taraf bir necha bor elchilar almashib, vaziyatni tushuntirdilar. Musulmonlarning tinch maqsadda kelganiga ishonmasdan Makka mushriklari urushga tayyorlanib turdilar. Ammo johiliyat zamonlarida ham Baytulharamda -
Ka'ba va uning atrofida jang qilish, qon to'kish man qilingan edi. Buni yaxshi bilgan Muhammad payg'ambar Usmon ibn Affon yetakchiligida navbatdagi elchilarni yubordilar. Makka mushriklari bularni garovga olib (asir olganday) qaytarib jo'natmadilar. Musulmonlar ham Makka vakillarini vaqtincha ushlab turdilar.
Oradagi keskin vaziyatni yumshatish uchun
Payg'ambar Hudaybiya degan joyda Makka raislari bilan o'n yillik sulh shartnomasini tuzishni taklif etdilar. Hudaybiya shartnomasi musulmonlar uchun murakkab vaziyatda tuzildi.
Musulmonlar davlatining ilk tarixiy hujjatlaridan bo'lgan Hudaybiya bitimida quyidagi shartlar yozildi:
- O'n yilgacha
taraflardan hech biri urush boshlamaydi;
- Shu muddat ichida musulmonlar va makkaliklar o'zaro aloqada bo'ladilar;
- Ulardan kimki musulmon bo'lib Makkadan Madinaga voliy
ruxsatisiz qochib kelsa, agar makkaliklar uni talab qilsalar, qaytariladi. Musulmonlar tarafidan murtad bo'lib qochgan kishilar qaytarilmaydi;
-
O'rtada dushmanlik tugatiladi, talonchilik va makr-hiylalarga yo'l qo'yilmaydi;
- Istagan
odam Muhammad bilan shartnoma tuzib, ittifoqqa qo'shilishni
xohlasa, qo'shilaveradi, istagan
odam qurayshiylar bilan shartnoma tuzib, ittifoqqa qo'shilishni
xohlasa, qo'shilaveradi;
- Sen (Muhammad) bu yil Makkaga kirmay qaytib ketasan, kelasi yili biz Makkadan chiqib turamiz va musulmonlar uch kun Makkada turishlari ixtiyoriydir. O'sha vaqtda musulmonlarning qilichlari qinida bo'lib, boshqa hech qanday qurol bilan
kelmaydilar.
Shartnomaga musulmonlar jamoasi tarafidan Muhammad payg'ambardan so'ng Abu Bakr Siddiq, Umar ibn
Xattob, Abdurahmon ibn Avf, Abdulloh ibn Suhayl (Quraysh vakilining o'g'li), Sa'd ibn
Abu Vaqqos, Muhammad ibn Maslama imzo chekdilar. Qurayshiylar tarafidan Suhayl ibn Amr, Miqroz ibn Xafs, Xuvaylid ibn Abdul-Uzza imzo chekdilar.
Hijratning 8-yili Makka fath etildi. Havozin, Saqif qabilalari bilan Hunayn janggi bo'ldi. Mushriklarning Ka'ba ichidagi 360 oliha (but-sanam)lari, xususan, Allot, Manot,
Al-Uzza nomli butlari yo'q qilindi.
Makka fathidan so'ng
Islom Arabiston yarim orolida to'la g'alabaga erishdi. Shuni alohida ta'kidlash zarurki, Makkaning olinishi musulmonlar uchun g'oyat
katta ahamiyagga ega bo'ldi, chunki shundan so'ng Madinadagi musulmonlar jamoasi Arabiston muhitida yagona davlat va siyosiy kuchga aylandi.
632 yili Payg'ambar hajga borishga qaror qildilar. Bu u zotning oxirgi hajlari bo'lganligi tufayli
Islom tarixida "Hajjatul vado" (xayrlashuv haji), deb nomlandi. Bu safarga to'qson ming musulmon otlandi. Zul-hijja oyining to'qqizinchi kuni Arafot tog'ida Payg'ambar
(a.s.) Islom dinining asosiy shartlarini bayon etgan "Vidolashuv xutbasi"ni o'qidilar. Shundan so'ng deyarli barcha arab qabilalari
Islomni tan olib, Payg'ambar (a.s.)ga elchi va maktublar yo'llay boshladilar.
Hajdan Madinaga qaytgan Payg'ambar bir oz muddatdan so'ng kasallikka chalindilar. Zotan
Moida surasining 3-oyati nozil bo'lgan vaqtda sahobalarning ba'zilari
Payg'ambar hayotlarining oxirlashib qolganligini sezgan edilar. Jumladan, ushbu oyatda quyidagilar bayon etilgan: "...Bugun sizlarga diningizni komil qildim, ne'matimni benuqson, to'kis qilib berdim va sizlar uchun (faqat) Islomni din qilib tanladim" (Moida surasi, 3-oyat).
Hijratning o'n birinchi yilida Payg'ambar
(a.s.) vafot etadilar. Payg'ambarning vafot etgan kuni
haqida tarixchilar orasida turli xil fikr-mulohazalar mavjud. Tarixchilar V.V. Bartold, Muhammad Huzariy Sayid Amir Ali, marhum proffesor
Muttalib Usmonov, Doktor Abdulmun'im Majid Muhammad payg'ambarning vafot etgan kunlarini 632 yilning 8 iyun, deb beradilar. Tarixchi Muhammad Rizo
Payg'ambarni 632 9 iyunda (11 hijriy yil, 12 rabiul avval) vafot etganlar, deb hisoblaydi.
Al-Xulafo ar-Roshidun davri. Payg'ambar vafotlari haqidagi xabar Madina ahli orasida yoyilgach, ansorlar Xazraj qabilasining sayidi Sa'd ibn Uboda yoniga
to'plandilar. Ayni paytda musulmonlardan birining Abu Bakr oldiga kelib, Bani Soida saqfasida ansorlar Rasulullohga xalifa saylash uchun yig'ilganlarini xabar berishi e'tiborga loyiq. Chunki xuddi shu ma'lumot musulmonlar o'rtasida xalifa saylash bir qator murakkab ixtilofiy muammolar bilan amalga oshishidan xabar beradi. Abu Bakr, Umar ibn
Xattob va Abu Ubayda ibn Jarrohlar Sa'dning betob bo'lishiga qaramasdan ansorlarga ma'ruza qilayotgan paytiga yetib keldilar.
Muhojjirlar xalifani Quraysh qabilasidan saylanishini
xohlar edilar. Chunki Quraysh qabilasining Arabiston yarim orolida nufuzi yuqori edi. Agar xalifa boshqa qabiladan saylansa, davlat ichida fitna oralashi shubhasiz, chunki muhojirlar birinchilardan bo'lib Payg'ambarga iymon keltirganlar va Makka mushriklarining azoblarini birga totgan edilar.
Ansorlar esa muhojirlardan ko'ra xalifalikka haqlirok, deb bilardilar. Ular Payg'ambar qiyin ahvolda qolganlarida yordam qilganlar va o'z shaharlarining to'rini bo'shatib bergandilar va u zot bilan birga mushriklarga qarshi yelkama-yelka turib jang qilgan edilar.
Muhojirlar xalifalikka Quraysh qabilasining nomzodini qo'yar ekanlar, Payg'ambarning "Imomlik Quraysh haqqi", "Imomlik Qurayshdan, qozilik ansordan va azon chaqirsh esa
xabashdandir", degan hadislarini dalil qilar edilar. Ular xalifalikka Umar ibn
Xattob yoki Abu Ubayda ibn Jarrohning nomzodini ko'rsatardilar.
O'z o'rnida ansorlar ham Qur'on oyatlari va payg'ambarning hadislariga tayangan holda xalifalikka Sa'd ibn Uboda nomzodini qo'ydilar. Ular muhojirlarning muayyan qabiladan xalifa saylash haqidagi fikriga qarshi chiqib, xalifani har qanday qabiladan unga loyiq odamni topib saylash mumkin, degan xulosaga keldilar.
Ansorlarning asosiy dalillari Qur'ondagi "Allohning huzurida sevimlirog'ingiz taqvodorlaringizdir",
degan oyati va Payg'ambarning "Agar boshi mayizga o'xshagan qora
xabash sizlarga boshliq bo'lsa, unga itoat etinglar",
degan hadislari edi.
Mazkur xalifalikka nomzodlar orasida Payg'ambarning urug'laridan xalifa saylash tarafdorlari ham bor edilar. Ular Ali ibn
Abu Tolib, Abbos, Zubayr, Fotima va boshqa Hoshim urug'ining vakillari edi. Ular xalifalikka
Payg'ambar oilasidan boshliq saylash ishtiyoqida edilar. Bu guruh xalifalikka Alini, undan keyin uning o'g'lini, keyin nabirasini va h.k. saylamoqchi edilar. Ularning ta'birlaricha, o'rinbosar emas, faqat yetakchi imomgina Qur'onni sharh va tafsir qilishi, hadislarni tahlil etishi va shariat ishlarida hukm, fatvo chiqarishi mumkin edi. Shuning uchun ular
Payg'ambar izdoshiga xalifa emas, "Imom" nomini berganlar.
Shu ikki guruh orasidagi kichkina ixtilof
Islom ummatining Sunniy va Shia oqimlariga bo'linishiga sabab bo'ldi. Abu Bakr xalifalikka saylangach, uni musulmonlar "xalifat Rasululloh", ya'ni "Payg'ambarning o'rinbosari", deb atadilar. Undan so'ng xalifalikka saylangan Umar ibn
Xattob Payg'ambarning emas, balki Abu Bakrning o'rinbosari bo'lishi kerak edi. Shuning uchun musulmonlar uni "Xalifat xalifat Rasulululloh", ya'ni "Payg'ambar o'rinbosarining o'rinbosari", deb atashlari zarur edi. Bunday qiyin talaffuzdan qochish maqsadida Umar ibn
Xattob o'zini "Amirul mo'minin", ya'ni muminlarning amiri, deb atashlarini ma'qul ko'rgan edi.
Xalifalik Ali ibn
Abu Tolibga yetib kelgach esa, uning
tarafdorlari uni "Imom", deb atay boshladilar. Shunday qilib, arab xalifalari: xalifa, amirul
mo'minin va imom, deb
nomlanganlar.
|