Shiorimiz:   Fikr - yaxshilik va yomonliklarni ko'rsatadigan oynadir                                     

Yangiliklar 
Qur'oni karim
Hadisi sharif
Fiqh 
Islom tarixi
Tahlil
Iqtisod va huquq 
Juma mav'izalari 
Jannat qushchalari 
Islom va ilm 
Davolaninglar
Odam va Havvo 
Mazhablar 
Dinda savolim bor... 
Kutubxona 
Sharq bozori
Imîm Buõîriy
Statistika 
G'arbda Islom
O'zbekiston va Islom
Yilnoma 
Taklif  va munosabat 
Islomiy saytlar
Tanishuv
Namoz vaqti 
Mehmonxona 
Valyuta kursi 
 

 

                                             Hadisi sharif

      Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning yo'l-yo'riqlari va ko'rsatmalari, u zoti sharifga mansub pandu-nasihatlar yig'indisi hadislar, deb atalib, ular har qanday davr uchun ham, har qanday jamiyat uchun ham juda katta ahamiyatga egadir. Chunonchi, hadislar Qur'oni karimdan keyin shariat axkomlarining asosini tashkil qiladi. 

      Ma'lumki, tarixan g'oyatda qisqa muddatda nozil bo'lgan Qur'oni karim oyatlari ba'zi hollarda umumlashtirilgan, murakkab holda keltirilgan bo'lganligidan Payg'ambarimiz hadislari ushbu oyati shariflarni kengroq talqin etadi, ularni oddiylashtirib bayon qilib, unda keltirilgan voqea va hodisalarni ko'pchilikka tushunarli qilib mufassal holatda sharhlaydi. 

      Payg'ambar alayhissalom hadislari u zoti sharif yashagan davr uchun haqiqiy bir ko'zgu vazifasini ham o'taydi. Chunki ular sarvari olamning hayotlari, husni axloqlari, adolatli jamiyat qurish yo'lida ko'rsatgan beqiyos sa'y-harakatlari, yaxshiligu xayr-barakotga asoslangan faoliyatlarni o'z ichiga oladi. Mana shularga binoan oldin o'tgan hech bir payg'ambarlar va ulug'larga ko'rsatilmagan alohida bir e'tibor bilan ilm ahllari hadislarni to'plashga kirishdilar. Hadis ilmi bilan shug'ullanish eng aziz va sevimli mashg'ulot hisoblanib, ularni to'plash uchun olimu ulamolar butun aql-zakovati-yu qalb qo'ri bilan kirishganlarini alohida ta'kidlash zarur. 

      Payg'ambar hayot vaqtlarida hadislarni yozib olish odat bo'lmagan. Ayrim sahobalarning fikricha, Payg'ambarning o'zlari hadislarini yozma qayd etishni man qilganlar. "Mendan Qur'ondan boshqa hech narsa yozmanglar, agar kimki biror narsa yozgan bo'lsa, o'chirib tashlasin. Mendan faqat hadis aytinglar, xolos. Buning hech zarari yo'q", deb uqdirganlar avvaliga Payg'ambar alayhissalomning o'zlari. So'ngra Payg'ambarning o'zlari Abdulloh ibn Amr ibn al-Ossga izn qilganlaridan keyin hadislar zarur hollarda yozma ravishda ham qayd etila boshlagan. Payg'ambar vafot etganlaridan so'ng ma'lum darajada tortishuv va munozaralardan keyin har xil mavzularga doir hadislar kitobat holiga keltirila boshlandi.Masalan, sahobalardan Jobir ibn Abdulloh haj ziyoratining yo'l-yo'riqlari ("Manosik al-haj") xususidagi hadislardan bir kichik kitob bitgan bo'lsa, Samara ibn Jundab esa Rasulullohdan eshitgan hadislari asosida o'z o'g'illariga bir vasiyatnoma yozib qoldiradi. Tobe'inlar davrida esa hadislarni kitobat etishga qarshilik qiluvchilar ozchillikni tashkil etib, uning kitobatini qo'llab-quvvatlagan tobe'iynlar esa aksariyatni tashkil etardi. Ushbu davrda, ya'ni sahobalar va tobe'iynlar davrida ikki xil fikr qaror topib, hadislarni ham yozma, ham og'zaki tarzda rivoyat qilish odat tusiga kirgan edi. 

      Hadislarni tadviyn etish ularni muayyan bir to'plamga yig'ish, demakdir. Dastavval hadislarni to'plam shaklida qayd etishni boshlagan olim Abdulaziz ibn Marvon (vafoti 704 yil) hisoblanadi. U Misrda amirlik vazifasida bo'lgan, lekin o'z maqsadiga erishmasdan burun vafot etadi. Uning ishini o'g'li Umar ibn Abdulaziz (vafoti 720 yil) davom etdiradi. Hadislarni bu tariqa qayd etilishidan ko'zda tutilgan asosiy maqsadlar ularni sahih (to'g'ri, ishonchli)larini noqis mavzulari bilan aralashib ketishining oldini olish va muayyan hadisni rivoyat qilgan roviy va ulomalarning vafotlari tufayli ularning yo'q bo'lib ketish xavfidan edi. Shu boisdan ham Umar ibn Abdulaziz hadislarni yozma qayd etishni buyurganda Madina ahliga "Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini eshitgan zahotingiz yozib olingizlar, chunki uni bilgan ulamolarning dunyodan o'tib ketishlaridan xavotirdaman", deb yozgan edi. Umar ibn Abdulaziz bu muhim vazifani topshirgan muhaddislarning boshliqlaridan Abu Bakr ibn Muhammad ibn Amr ibn Hazm, Muhammad ibn Muslim ibn Shihob az-Zuhriylar bor edi. 

      Hijriy ikkinchi (milodiy sakkizinchi) asrning o'rtalaridan e'tiboran hadislarni tasnif etish ham boshlanadi. Eng avvalo ularni boblarga ajratib tasnif etgan olimlardan Ar-Rabiy ibn Subayh as-Sa'diy (vafoti 777 yil), basralik Sa'iyd ibn Abu Aruba (vafoti 773 yil), yamanlik Xolid ibn Jumayl, Muammar ibn Roshid al-Azadiy (vafoti 770 yil), makkalik Abdumalik ibn Abdulaziz ibn Jurayj (vafoti 768 yil), Sufyon ibn Uyayna (vafoti 812 yil), kufalik Sufyon ibn Sa'iyd as-Savriy (vafoti 778 yil), basralik Hammod ibn  Salma (vafoti 783 yil), Shomdan Al-Valiyd ibn Muslim (vafoti 810 yil), rayylik Jurayr ibn Abdulhamiyd (vafoti 803 yil), Xurosondan Abdulloh ibn al-Muborak (vafoti 797 yil), Vositdan Xushaym ibn Bashiyr (vafoti 799 yil), kufalik Zakariyo ibn Abu Zoida (vafoti 767 yil), Muhammad ibn Fuzayl ibn G'azvon (vafoti 810 yil), Vakiy' ibn Jarroh (vafoti 813 yil), yamanlik Abdurrazoq ibn Hammom (vafoti 827 yil)larni ko'rsatish mumkin. Shu davrda yaratilgan asarlarni tahlil etib aytish mumkinki, ularning aksariyati muayyan bir mavzuga, masalan, tafsir, axloq-odob, g'azot, shar'iy ahkomlar kabi masalalarga bag'ishlangan edi. Mazkur asarlar Payg'ambar alayhissalomning hadislari, sahoba va tobe'iynlarning so'zlarini o'zida mujassam etgan edi. Ayni vaqtda ushbu asarlar hadislarning to'plami sifatida bo'lib, ularning ishonchli (sahih)ligi masalasiga unchalik e'tibor berilmagandi. Hijriy uchinchi (milodiy to'qqizinchi) asrdan boshlab esa, hadislarni jamlovchi (jomi’), musnad va mu'jam shaklidagi yirik asarlar paydo bo'la boshladiki, tarkibiy jihatdan ularni uch asosiy qismga bo'lish mumkin. 

      1. Boblarga ajratilgan yirik asarlar (Al-Javomi’ al-mubavabba). Bu asarlar turli-tuman mavzularni o'zida qamragan bo'lib, ularga boblarga ajratilgan holda tartib berilgan. 

      Mana shu asarlardan Imom Buxoriyning "Al-Jomi’ as-sahih", Imom Muslim ibn al-Hajjojning "Al-Jomi' as-sahih", Termiziyning "Al-Jomi’ al-Kabir", imom Abu Dovudning "As-Sunan", imom Nasaiyning "As-Sunan", imom Ibn Mojaning "As-Sunan", imom Ad-Dorimiyning "As-Sunan" kabi asarlarini ko'rsatish mumkin. 

      2. Musnadlar (Al-Masoniyd). 

      Bu uslubdagi asarlarda ma'lum bir sahobaning rivoyatlari bir joyda zikr qilinib, undan keyin ikkinchi sahoba davom ettiradi. Bu asarlarda keltirilgan hadislarga mavzularga rioya qilinmaydi. Masalan, imom Ahmad ibn Hanbal o'zining "Al-Musnad" nomli yirik asarida avval to'rt to'g'ri xalifalarning (chahoryorlar) rivoyatlarini keltirib, keyin birin-ketin boshqa sahobalarning rivoyatlarini keltiradi. Hammasi bo'lib uning asarida to'qqiz yuz to'rtta sahoba zikr qilinadi. Muallif o'z asarini boblarga ham bo'lganligini aytish mumkin. 

      3. Mu'jamlar (Al-mao'jim). Bu xildagi to'plamlarda musannif asariga o'z shuyux (ustoz)larining hadislarini kiritib, ularning ismlarini mu'jam (alifbo) tartibida keltiradi. 

      Payg'ambar alayhissalomning hadislari Islom jamiyatining ijtimoiy va ma'naviy hayotida o'z mazmun-mohiyatiga qarab egallagan o'rinlari ham turlicha bo'lgan. Shunday hadislar bo'lganki, ularni jamiyatning barcha a'zolari bilishlari zarur bo'lgan, ya'ni bu xildagi hadislar ommaviy iste'molda bo'lgan. Shu boisdan ham ulamolar, muhaddislar mana shunga asoslanib, ularni targ'ib qilganlar, lekin ba'zi hadislar bo'lganki, ularni ayrim shaxslar bilishining o'zi kifoya bo'lgan. Mana shu xususiyatlarga ko'ra hadislarni ba'zi olimlar, jumladan imom Muhammad ibn Idris ash-Shofi'iy ikki asosiy qismga bo'ladi: 

      1. Uzluksiz hadislar (al-hadis al-mutavotir). Bu xildagi hadislarning roviylari juda ko'p bo'lib, ular bir-birlariga bog'lanmagan va yolg'on (kizb) gapirishlari amalda mumkin bo'lmagan roviylardir. Bu xildagi hadislar ayniqsa jamiyat a'zolarining amaliy hayotiga, masalan, namoz, ro'za, zakot, haj farzlariga doir hadislarda ko'p uchraydi. 

      Shuningdek, uzluksiz hadislar ikki xilda bayon etilishi mumkin: lafziy uzluksizlik - bunda hadisdagi so'zlar (lafzlar) deyarli o'zgartirilmay bir xilda bo'ladi. Mazmuniy (ma'noviy) uzluksizlikda esa rivoyat qilinadigan voqealar qisman o'zgartirilishi (ya'ni, juz'iy farqli bo'lishi) ham mumkin. 

     2. Yakka hadislar (al-ohad). Istiloh sifatida bu hadislarda uzluksiz hadislarning shartlari bo'lmaydi, bu xildagi hadislar roviylarining soni chegaralangan - ko'pincha bitta bo'ladi. Odatda yakka hadislar dalil va isbotlar bilan asoslanadi. Bunda ushbu hadisni naql qiluvchisining to'g'ri so'zligi, rivoyat qilinadigan hadisni xatodan xoli bo'lib, ishonchli bo'lishligi kabi masalalar ilm ad-diroyat orqali chuqur tadqiq qilinadi. Yakka hadislar uch xil bo'ladi: 

      1. G'arib hadislar. Muhaddislar fikricha, bir roviy tomonidan rivoyat qilingan hadislar g'arib hadislar, deb ataladi.

      2. Aziz hadislar, deb ikki roviy rivoyat qilgan hadislarga aytiladi.

      3. Mashhur hadislar, deb ikkitadan ortiq roviy rivoyat qilgan hadislarga aytiladi. Biroq bu hadislar uzluksiz hadislar darajasiga yetishmaydi va ular sahih (ishonchli, to'g'ri), hasan (yaxshi, ma'qul) va zaif hadislar bo'lishlari mumkin. Oliy isnod (al-isnod al-oliy) va pastlovchi isnod (al-isnod an-nozil). Rasulullohga nisbatan bo'lgan roviylarning ko'pligi yoki ozligi hamda o'tgan vaqtiga qarab isnodning oliyligi yoki quyilashuvi belgilanadi. Imom al-Buxoriy keltirgan hadislarning isnodi, ko'pincha u bilan Payg'ambar o'rtasida uch roviydan tashkil topadi. Boshqa hollarda esa mazkur hadisning rivoyat qilganda uning isnodi to'rt yoki besh roviydan bo'lishligiga ham erishadi. Binobarin hadisshunoslikda uch isnodliklar isnod oliy, to'rt va besh isnodliklar esa isnod nozil (quyilovchi isnod), deb qabul qilingan. Oliy isnod mansub hadislarning sahih (ishonchli) bo'lishlari asosiy shartlardan hisoblanadi.

      Al-Hadis al-marfu'. Bu xildagi hadislar (isnodi bog'lansa ham yoki bog'lanmasa ham) Payg'ambar alayhissalomga borib bog'lanadi (taqaladi). Bunday hollarda ushbu hadisni sahih yoki zaif, muttasil yo munqati', undan sahoba yoki tobe'iy tushib qolishi ham mumkin, bulardan qat'iy nazar bular marfu' hadislar sirasiga kiradi. Marfu' hadislar ikki xil bo'ladi: 

      1. Al-Marfu' as-sariyh (ochiq-oydin marfu'). Bu xildagi hadislarda Payg'ambarga mansublik bevosita ta'kidlanadi. Masalan, "Payg'ambar degan" (qola), "Payg'ambarni ko'rdim" (raaytu) yoki "Payg'ambar bizga buyurgandi" (amarano) kabi iboralar mavjud bo'ladi. 

      2. Al-Marfu' al-hukmiy (hukm etilgan, buyurilgan). Bu tarzdagi hadislarda to'g'ridan-to'g'ri Payg'ambarga ishorat qilinmay, pinhoniy (dimniy) keltiriladi. Sahoba yoki tobe'iynlardan birontasi Payg'ambarga mansub etmay, shar'iy hukmlardan biror masalani gapiradi, biroq bu fikr uni o'zidan chiqmagan bo'lib, odatda Payg'ambardan olgan bo'ladi.

      Al-Hadis al-mavquf, deb sahobalarning so'zlari yoki harakatlari mansub etilgan hadislarga aytiladi. Chunonchi, sahobalar Payg'ambar alayhissalomning suhbatida bo'lib, uning rushdu-hidoyatidan va odobidan bahramand bo'lganlar. Ulamolarning ham sahobalarning so'zlari va ishlariga ehtiyojlari katta bo'lgan. Mana shu sabablarga ko'ra, sahobalarning so'zlari (qavllari) va ishlari (af'ol) ham hadis kitoblariga kiritilgan. 

      Al-Hadis al-maqtu', deb tobe'iynlarning so'zlari va ishlari keltirilgan hadislarga aytiladi. Tobe'iynlarning so'zlari va qilgan ishlari ham ulamolarning diqqat markazida bo'lgan, chunonchi, ular sahobalar bilan muloqotda bo'lib, shari'at ahkomlarini ulardan olganlar. Payg'ambar alayhissalom ham yaxshi insonlar, deb bashorat berganlarida ularni ko'zda tutganlar. 

      Sahih hadislar, deb isnodi boshidan oxirigacha adolat bilan hech bir kamchilig-u illatsiz rivoyat qilinadigan hadislarga aytiladi. Sahih hadislarning yana talay shartlari ham bo'lib, ulardan eng muhimlari quyidagilardir: 

      1. Sanadni uzluksiz bog'lanishi (ittisol as-sanad) - bu shundayki, hadisni rivoyat qiluvchi roviylarning silsilasi boshidan oxirigacha hech bir uzluksiz bo'lishi shart. 
      2. Keltiriladigan hadis roviylarining hammasi o'z dinida adolatli, sobitqadam kishilar bo'lmog'i kerak.
      3. Rivoyat qiluvchi komil musulmon bo'lishi shart, chunki ular dinda mustahkam insonlardir.
      4. Rivoyat qiluvchi aql-idrokli kishi bo'lmog'i zarur.
      5. Roviy balog'atga yetgan inson bo'lishi kerak.
      6. Roviy fisqu-fasoddan xoli, sog'lom fikrlovchi inson bo'lishi kerak.
      7. Uzuq-yuluqni rivoyat qilishdan xoli kishi bo'lishi zarur.

All Rights Reserved © Copyright 2005   by  www.fikr.uz    

Hosted by uCoz