|
Fiqh
VIII-XII
asrlar butun musulmon jamiyatida
fan va madaniyat, ilm va
tafakkur rivojlangan bir davr
bo'ldi. Bu davrda diniy bilimlar
bilan bir qatorda dunyoviy
ilmlar ham o'z rivojiga ega
bo'ldi. Islom dini Arabiston
yarim oroli doirasidan chiqib,
taraqqiy etgan jahon diniga
aylandi. Islomning din sifatida
shakllanib, rivojlanishi aynan
shu davrlarga to'g'ri keladi.
Albatta, bunga turli
mintaqalardagi jarayonlar o'z
ta'sirini ko'rsatdi. Xususan,
Movarounnahrning Islom
madaniyati va fanning algebra,
astronomiya, falsafa, tarix,
hadis, kalom va boshqa
sohalariga ko'rsatgan ta'siri
juda kattadir. Ayniqsa, fiqh ilmi
sohasida Movarounnahrning tutgan
o'rni beqiyosdir. Umuman olganda
islom huquqshunosligi (Fiqh)
o'ziga xos rivojlanish tarixiga
ega.
Fiqh - g'arbda Islamic Law,
Muslim Law, Muhammadan
Jurisprudence, Le Driot Musulman,
Islamische Gesetz kabi nomlar
bilan yuritiladi. Dunyoda
amaldagi huquq normalaridan
farqli o'laroq, fiqh o'z ichiga
ibodat masalalarini ham qamrab
oladi. Buni Tavrot kitobining
ibodat masalalarini jamlab olgan
Talmudga qiyoslash mumkin. Fiqh
- qadimdan mavjud huquqiy
normalarni ibodat va muomala
masalalari bilan mushtarak holda
ma'lum tartibga solingan huquqiy
tizimdir.
Lug'atda
"al-fiqh"
kalimasi "anglamoq,
tushunmoq" kabi ma'nolarni beradi.
Istilohda "al-fiqh" "Islom huquqi", deb
yuritiladi.
Fiqh zamonaviy fanlar asosida
hozirgacha chuqur o'rganilmagan
bo'lib, mutaxassis olimlar
oldiga katta muammolarni qo'yib
kelmoqda.
Fiqh - odatda "furu al-fiqh"
(so'zma-so'z: "fiqh
tarmoqlari") shariatni
konkret sohalarga tadbiq
qilishdan va "usul al-fiqh"
(so'zma-so'z: "fiqh
asoslari") shariat hukm
oladigan manbalarni ishlab
chiqishdan iborat bo'ladi.
Tarixiy tadrijga ko'ra "al-fiqh"
- usul al-fiqhdan avval paydo
bo'lgan. Fiqh ilmining tadrijiy
rivojini mutaxassis olimlar
tomonidan bir necha davrlarga
taqsim etilgan.
|