www.fikr.uz       Shiorimiz:   Fikr - yaxshilik va yomonliklarni ko'rsatadigan oynadir    www.fikr.uz                                   

Yangiliklar 
Qur'oni karim
Hadisi sharif
Fiqh 
Islom tarixi
Tahlil
Iqtisod va huquq 
Juma mav'izalari 
Jannat qushchalari 
Islom va ilm 
Davolaninglar
Odam va Havvo 
Mazhablar 
Dinda savolim bor... 
Kutubxona 
Sharq bozori
Imîm Buõîriy
Statistika 
G'arbda Islom
O'zbekiston va Islom
Yilnoma 
Taklif  va munosabat 
Islomiy saytlar
Tanishuv
Namoz vaqti 
Mehmonxona 
Valyuta kursi 
 

 

       Diniy idora

Sovetlar davrida Islom dinimizga qarshi kurash dahriylarning bosh vazifalaridan edi. Mustamlakachilik siyosatini yuritishda, buzuq mafkuralarini yoyishda din va ulamolar katta to'g'anoq bo'lishini ular yaxshi bilishardi. Shuning uchun barcha vositalar ishga solinib, dinimiz va dindorlar badnom qilindi. Milliy-diniy qadriyatlar, musulmonlarning haq-huquqlari poymol etildi, haqoratlandi. 

1924 yiliyoq markazning buyrug'i bilan O'zbekistonda ishlab turgan deyarli barcha madrasa va masjidlar yopildi. Ko'zga ko'ringan ulamolar, din arboblari soxta aybnomalar bilan qamoqqa olindi yoki olis yurtlarga badarg'a qilindi. Ko'plari jonini, dinini asrash uchun xorijga hijrat qilishga majbur bo'lishdi. Ming yillar mobaynida bitilgan, o'rganilgan, asralgan jild-jild nodir qo'lyozmalar, kitoblar o'tga yoqildi, suvga oqizildi, yerga ko'mildi. Hikoya qilishlaricha, Sratepadagi g'isht zavodi bir oygacha kitob yoqib ishlatilgan ekan. Qur'oni karimni o'qib-o'rganish u yoqda tursin, hatto uyda saqlash ham jinoyat hisoblanar edi. 

Ayniqsa, o'ttiz yillik Stalin shaxsiga sig'inish davri musulmonlarga nihoyatda og'ir sinov bo'ldi. Zulmu sitam yanada avjga mindi, ommaviy qatag'onlar uyushtirildi. Dahriylik siyosati boshqalar qatori xalqimizning moddiy hayotinigina emas, ma'naviy-ruhiy olamini ham inqiroz yoqasiga olib keldi. Odamlar hatto uylarida namoz o'qigani, kitob mutolaa qilgani qo'rqadigan bo'lib qolishdi. 

 Ana shunday vaziyatda Ikkinchi Jahon urushi boshlandi. Bu qonli urush ayni qizigan bir paytda sovetlar hukumati birdaniga boshqa dinlar qatori Islom diniga va musulmonlarga ham bir oz erkinlik berdi. Xo'sh, ilk qadamlaridanoq Allohning mavjudligini inkor etgan tuzum nega birdan dinga muhtoj bo'lib qoldi? Tarixchilar bu masalada bir necha sababni ko'rsatishadi: dindorlarni urushga safarbar etish; el orasida obro'li ruhoniylardan front orqasida g'alabaga da'vat ishlarida foydalanish, shuningdek, xudosiz kommunizmni yer yuzidan yo'qotish shiorini o'rtaga tashlash bilan g'alabaga erisha boshlagan Gitlerga xayrixohlar ko'payib ketishining oldini olish va hokazo... 

1943 yilga borib, urushda ahvoli ancha tanglashib qolgan sovetlar hukumati ikkinchi frontni ochish talabi bilan ittifoqchi mamlakatlarga tinmay murojaat qila boshladi. G'arb davlatlarining ko'nglini ovlash uchun ham SSSR xalqqa diniy erkinlik berishga majbur bo'ldi.  O'sha yili bir necha shaharlarda diniy markazlar, jumladan, Toshkentda O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy nazoratini ochishga ijozat berdi. Ushbu respublikalarning yirik shahar va viloyatlarida bittadan masjid ochishga ruxsat bo'ldi. Ammo masjidlar ishini yuritishga layoqatli imomlar topilmasdi. Diniya nazoratining qayta-qayta iltimosidan keyin 1945 yili Buxorodagi xaroba holga tushib qolgan Mir Arab madrasasi binosida talabalar sonini yigirmadan oshirmaslik sharti bilan yangi madrasa tashkil etildi. 

 O'tgan asrning 70-yillariga kelib dahriyligi bilan jahonga mashhur sovetlar davlati tobora yakkalanib qola boshladi. Bundan tashvishga tushib, o'z "qiyofasi"ni o'zgartirib, ayniqsa, arab va musulmon mamlakatlari bilan siyosiy-iqtisodiy aloqalarni yaxshilash rejalarini tuzdi. Zero, e'tiqod masalasini birinchi o'ringa qo'yadigan bu mamlakatlar dinsizlar hukumati bilan aloqa o'rnatishni xohlashmas edi. Shuning uchun Maskovdagi mutasaddilar zudlik bilan Ufa, Boku, Bo'ynoq va, xususan, Toshkentda diniy idoralar faoliyatini kengaytirishga kirishdi. Shu yo'l bilan xorijlik musulmonlar ko'ziga SSSRni dinga hurmat nazari bilan qaraydigan mamlakat deb ko'rsatmoqchi bo'ldi. 

 Ammo ichkarida baribir musulmonlarning hayoti qattiq nazorat ostida edi. Yangi madrasalar qurish, ishga tushirish haqida faqat orzu qilish mumkin edi, xolos. Hatto masjidlarning tahoratxonalarini ta'mirlash uchun ham Maskovdan ruxsat olinardi. Obidalar, ulug' allomalarimizning maqbaralari xarobaga aylangan edi. Imom-xatiblar masjid faoliyatini boshqarishda huquqsiz, hatto juma mav'izalari matnini ruschaga o'girib, tasdiqlatib olishga majbur edilar. Bor-yo'g'i ikki madrasa bo'lib, ularning o'quv rejalari Maskovda tasdiqlanar, diniy fanlarni o'qitish iloji boricha kamaytirilardi. Hajga borish uchun o'zbekistonliklarga bor-yo'g'i besh-olti o'rin ajratilardi. Musulmonlar hatto yurtimizda chop etilgan jurnalga obuna bo'lish huquqidan ham mahrum edilar.

                      

 

All Rights Reserved © Copyright 2005   by  www.fikr.uz    

Hosted by uCoz