|
Islom o'quv yurtlari
O'zbekiston
musulmonlari idorasiga qarashli
Toshkent Islom oliy instituti va
Islom o'rta-maxsus o'quv
yurtlarining ta'lim-tarbiyaga
doir masalalari bilan
shug'ullanadi. Jumladan, Islom
o'quv yurtlarini davlat
ro'yxatidan o'tkazishda
ko'maklashadi, talabalarni
o'qishga qabul qilish
tartib-qoidalari va rejalarini
ishlab chiqadi, qabul va imtihon
hay'atlari tarkibini tasdiqlash
uchun tavsiya etadi, diniy
ta'limning yangi shakl va
usullarini joriy etadi.
Shuningdek, mudarrislar uchun
muntazam malaka oshirish
kurslari tashkil etadi,
talabalarni darsliklar, o'quv
qo'llanmalari, ko'rgazmali
qurollar bilan ta'minlaydi.
O'zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining "Din
sohasidagi ma'naviy-ma'rifiy,
ta'lim ishlarini va faoliyatni
yanada takomillashtirishda
ijtimoiy ko'mak va imtiyozlar
berish to'g'risidagi qarori
(2003 yil 22 avgust) diniy
ta'limni isloh qilishda yangi
imkoniyatlar ochdi. Mazkur qaror
O'zbekiston Musulmonlari
idorasining ma'naviy-ma'rifiy va
ta'lim ishlarini
takomillashtirish dasturini
ma'qullash bilan birga diniy
ta'lim samarasini keskin
oshirish, o'quv jarayonini
takomillashtirish, bilim
yurtlari moddiy-texnika bazasini
mustahkamlashning aniq
yo'llarini belgilab berdi.
Qarorda jumladan: "Islom
ma'hadi va Islom o'rta-maxsus
bilim yurtlarida joriy etilgan
ta'lim standartlari, o'quv
rejalari hamda talabalarning
qabul qilingan davlat
me'yorlariga muvofiq diniy va
dunyoviy bilimlarni
egallayotganini inobatga olib,
mazkur o'quv yurtlarining
bitiruvchilariga beriladigan
diplomlar davlat ta'lim hujjati
sifatida e'tirof etilsin hamda
ana shu hujjat (diplom)larga ega
bo'lgan shaxslarga davlat oliy
ta'lim tizimida o'qishni davom
etgirish huquqi berilsin",
deb belgilab qo'yildi.
Idoraning diniy ta'lim
sohasidagi dasturida darslarni
texnika vositalari va
ko'rgazmali qurollar asosida
tashkil etishga alohida o'rin
ajratilgan. Shu maqsadda
talabalarning kompyuter
savodxonligini oshirish uchun
barcha bilim yurtlarida
besh-oltitadan kompyuter, lazer
printeri va boshqa vositalar
bilan jihozlangan informatika
asoslarini o'rgatish xonalari
faoliyat ko'rsatmoqda.
Ta'lim maskanlarining
kutubxonalari zarur diniy, ilmiy,
siyosiy, badiiy adabiyotlar,
darslik va o'quv qo'llanmalari
bilan ta'minlangan.
Kutubxonalarning jami kitob
jamg'armasi 32 ming jilddan
ortiq, shundan 22 ming jildi
diniy, qolganlari dunyoviy
adabiyotlardir.
Talabalarning har tomonlama
yetuk mutaxassis bo'lib
yetishishlari uchun bilim
yurtlarida yog'och o'ymakorligi,
naqqoshlik, sartaroshlik,
etikdo'zlik, duradgorlik,
kompyuter operatori, novvoylik,
sahhoflik, hisobchilik,
bichish-tikish, zardo'zlik,
pazandalik kabi hunarlar ham
o'rgatilyapti.
2000-2001 o'quv yilidan boshlab
"Barkamol avlod"
dasturi bo'yicha sport
musobaqalarini o'tkazish an'ana
tusiga kirdi. Toshkent Islom
instituti va Islom o'rta-maxsus
bilim yurtlarida shoxmot,
shashka, kurash, stol tennisi
musobaqalari tashkil etildi.
Yakuniy bosqich Toshkentdagi
"JAR" sport
sog'lomlashtirish majmuida
o'tkazilib, g'oliblardan o'n
ikki kishiga maxsus sovrinlar
berildi.
Shuningdek, 2002-2003 o'quv
yilidan talabalarning ilmga
qiziqishlarini yanada oshirish
maqsadida fanlar bo'yicha yagona
olimpiada o'tkazish yo'lga
qo'yildi.
Bo'limga hozirda Jaloliddin
Nuriddinov boshchilik qilayotir.
Imom al-Buxoriy nomidagi
Toshkent Islom instituti
Institut 1971 yil 1 oktyabrdan
faoliyat ko'rsata boshlagan.
O'tgan yillar mobaynida sobiq
Ittifoqdagi yagona bu diniy oliy
o'quv yurtida Markaziy Osiyo va
Qozog'istondan tashqari Shimoliy
Kavkaz, Rossiya, Ozarbayjon,
Tatariston, Afgoniston, Yaman,
Vetnam, Bulg'oriya kabi
yurtlarning talabalari ham ilm
olishdi.
Institut oliy ma'lumotli islomiy
mutaxassislar, imom-xatiblar,
odobnoma bo'yicha va arab tili
mudarrislari tayyorlaydi.
Institut tashkil topgan yillarda
bor-yo'g'i yigirma talaba
o'qigan bo'lsa, hozir ikki
yuzdan ziyod ilm toliblari
tahsil ko'rishyapti. Institutda
din asoslari, Islom
huquqshunosligi va tarix
fakultetlari, shuningdek, diniy
fanlar, ijtimoiy-gumanitar
fanlar, xorijiy tillar
kafedralari ishlab turibdi.
Xotin-qizlar Islom bilim
yurtlari uchun malakali
mudarrisalar tayyorlash
maqsadida ayollar guruhi ham
ochilgan.
Asrorqul Mavlonqulov, Shamsuddin
Boboxonov, Muhammad Sodiq
Muhammad Yusuf, Muhammad Latif
Juman, Bahodir Murtazo,
G'ulomqodir Mirzayoqubov turli
yillarda oliy ma'had rektorlari
bo'lishdi. Endilikda institutga
Abduqayum Azimov boshchilik
qilayotir.
“Mir Arab” Islom
o'rta-maxsus bilim yurti
Musulmon dunyosida mashhur
bo'lgan "Mir Arab"
madrasasi amir Said Abdulloh
al-Yamaniy tomonidan 1530-1536
yillari Buxoro amiri
Ubaydulloxon in'om etgan mablag'
hisobiga qurilgan. Madrasa
faoliyati Oktyabr to'ntarishidan
so'ng to'xtab qolgan edi, 1945
yili yana qaytadan tiklandi.
O'rta Osiyo, Rossiya, Afg'oniston
kabi o'lkalarning ko'pgina diniy
arboblari va taniqli ulamolar
shu dargohda tahsil ko'rishgan.
Dastlabki yillari madrasada
Abdurahim qori, Mubin qori,
Ismoil Maxdum, Muhammad Amin
domla, Shahobiddin qori,
Muhammadjon maxsum (Maxjuriy)
kabi ustozlar dars berishgan.
Hozirgacha 1000 dan ziyod kishi
madrasani bitirib chiqqan bo'lsa,
shundan 720 nafari mustaqillik
yillarida ta’lim olgan. XIX
asr naqshbandiya tariqati
yetakchi namoyandasi Qozi Asqar,
Shahobiddin al-Marjoniy, Siddiq
Hasanxon, taniqli mufassir va
muhaddis Miyon Malik, yozuvchi
Sadriddin Ayniy, o’lkaning
deyarli barcha muftiylari mazkur
madrasa talabalari bo’lishgan.
Hozir bilim yurti talabalariga
25 nafar mudarris Qur’on,
hadis, fiqh, Islom tarixi, sarf
va nahv, o’zbek, fors
tilllaridan ta’lim berayotir.
“Ko’kaldosh” Islom
o’rta-maxsus bilm yurti
“Ko’kaldosh” madrasasi
binosi Toshkentdagi noyob
me’morlik obidasi hisoblanadi.
“Tarixi jadidaiy Toshqand”
kitobida yozilishicha, uni
1569-1570 yillari Darveshxon
qurdirgan va u “Darveshxon
madrasasi” deb ham atalgan. Bu
ko’hna dargohda Muqumiy,
Furqat, Xislat, Oltinxon to’ra,
Yunus Maqsudiy, Ziyouddinxon ibn
Eshon Boboxon kabi mashhur
kishilar ta’lim olishgan.
“Ko’kaldosh” bilim yurtida
hozir 180 talaba tahsil olyapti,
ularga 28 malakali mudarris
ta’lim-tarbiya beradi. Madrasa
binosida katta ta’mirlash
ishlari olib borilayotir. Diniy
ilmlar bilan bir qatorda
dunyoviy fanlardan ham dars
berishga e'tibor kuchaymoqda.
Muhammad Beruniy nomidagi Islom
o'rta-maxsus bilim yurti
Buyuk qomusiy alloma Abu Rayhon
Beruniy nomi bilan atalgan
mazkur bilim yurti 1992 yili
Qoraqalpog'iston Respublikasi
poytaxti Nukusda ochilgan.
Marhum qozi Vays Alouddin o'g'li
uning birinchi mudiri etib
tayinlangan edi. Dastlabki yili
60 talaba qabul qilinib, ularga
5 mudarris ta'lim bergan. Bilim
yurti Nukusdagi "Imom Eshon"
jome' masjidi binosida
joylashgan. Madrasa talabalariga
bir necha kasb-hunarlar ham
o'rgatiladi.
Hadichai Kubro ayol-qizlar Islom
o'rta-maxsus bilim yurti
1993 yil 2 sentabrdan faoliyat
ko'rsata boshlagan. Toshkent
shahar Sobir Rahimov tumanidagi
"Ahmadjon qori" jome'
masjidi hududida joylashgan. Bu
yerda hozir 114 toliba ilm
olyapti. Hozirgacha bilim
yurtini bitirgan 350 ayol-qiz
O'zbekistonning tumanlarida
dinshunoslik, odobnoma,
boshlang'ich arab tili
mudarrisasi bo'lib ishlayotir.
1997 yilda bilim yurtining 14
mudarrisasi Toshkent Islom
institutini bitirib, oliy
ma'lumotli bo'lishdi. Hozir
bilim yurtining o'n nafar
mudarrisasi mazkur institutda
tahsil olyapti.
Imom al-Buxoriy nomidagi hadis
ilmi markazi
Samarqand viloyati
Poyariq
tumanidagi Xartang qishlog'ida
joylashgan. 1991 yili "Imom
al-Buxoriy" jome' masjidi
qoshida madrasa sifatida tashkil
etilgan edi. 1998 yili hadis
ilmi markaziga aylantirildi.
Hozirgi paytda bilim yurtida 90
ga yaqin talaba tahsil olyapti,
ularga 20 nafar malakali ustoz,
hadis ilmi bilimdonlari ta'lim
berishmoqda. Bilim yurtida hadis
ilmi, roviylar, buyuk
muhaddislar hayoti va
faoliyatini kengroq o'rgatishga
alohida e'tabor berilmoqda.
“Mulla Qirg'iz” Islom
o'rta-maxsus bilim yurti
Bilim yurti
namanganlik
sarmoyador va ilm homiyi Mulla
Qirg'iz Oxund (1850-1922)
qurdirgan madrasa binosida ustoz
Ubaydullohxon Lutfullayev
rahbarligida 1991 yil sentabrida
ish boshladi. Namanganning
taniqli ulamolaridan Hoshimjon
qori Yusupov, Shamsuddin qori
Oxunov, Ishoq maxdum Sattiyev,
Yahyoxon hoji Toshxo'jayev va
boshqalar bilim yurtida tafsir,
hadis, tajvid, fiqh, aqoid
ilmlaridan saboq berishgan.
Hozirgacha madrasani 230 yigit
bitirib, Namangandan boshqa
qo'shni viloyatlarda ham
ishlashmoqda. Ayni paytda 112
talaba ta'lim olyapti. Bilim
yurti bitiruvchilaridan
Muhammadali Shahobiddinov,
Musoxon Abbosiddinov, Orifxon
Sodiqovlar respublika qorilar
tanlovida g'olib chiqib,
Malayziya, Saudiya Arabistonida
bo'lgan musobaqalarda
muvaffaqiyatli qatnashishdi.
“Jo'ybori Kalon” ayol-qizlar
Islom o'rta-maxsus bilim yurti
Bilim yurti 1992 yil 2
sentyabrdan faoliyat yurita
boshlagan. Bilim yurti
joylashgan Jo'ybori Kalon
madrasasi XVIII asrda
Subxonqulixon davrida Buxoro
hokimi Abdulazizxon farmoni
bilan tiklangan. Ilm maskanida
o'rta ma'lumotli islomiy
mutaxassislar, odobnoma va arab
tili muallimalari tayyorlanadi.
Madrasada zamonaviy jihozlangan
kutubxona, informatika xonasi,
qiroatxona, yotoqxonalar,
oshxona, ma'naviyat xonasi,
masjid va tahoratxona bor.
Kutubxonada ikki mingdan ziyod
darslik, qo'llanma va nodir
kitoblar mavjud. Talabalarga
chevarlik, pazandalik,
zardo'zlik kabi hunarlar ham
o'rgatiladi.
Imom Faxriddin ar-Roziy nomidagi
Islom o'rta-maxsus bilim yurti
Bilim yurti 1992 yili Xonqa
tumanidagi jome' masjidi
binosida faoliyat boshlagan.
1994 yili Urganch shahri
markazidagi XIX asrning birinchi
yarmida qurilgan "Doshqinjon
bobo" tarixiy yodgorligi
binosiga ko'chib o'tdi.
Hozirgacha bilim yurtini
to'qsondan ziyod yoshlar bitirib,
masjidlarda imomlik qilishyapti,
ayrimlari Toshkent Islom
institutida tahsilni davom
ettirishyapti.
1995-1997 yillarda bilim yurti
uchun ikki qavatli yangi bino,
oshxona, yotoqxona, mehmonxona,
majlislar zali qurildi. Madrasa
kutubxonasida uch yarim mingdan
ziyod darslik va diniy
adabiyotlar jamlangan.
Sayyid Muhyiddin maxdum Islom
o'rta-maxsus bilim yurti
Bilim yurti 1992 yildan Andijon
viloyati Oltinko'l tumani
Jalabek qishlog'ida faoliyat
yurita boshlagan. Sayyid
Muxiddin maxdum o'z davrida
taniqli olim, din targ'ibotchisi
bo'lgan. Hozir bu yerda 150 dan
ziyod talaba ta'lim olyapti,
ularga bilim berayotgan 27
mudarrisning biri fan nomzodi,
17 nafari oliy, qolganlari
o'rta-maxsus diniy ma'lumotga
ega. Talabalarga turli diniy va
dunyoviy ilmlardan saboq
beriladi. Madrasa binosida 13
sinfxona, 75 o'rinli yotoqxona,
oshxona, maishiy xizmat xonalari
mavjud. Qishloq aholisi va bilim
yurti talabalari uchun 400
namozxonga mo'ljallangan yangi
masjid qurildi.
Xoja Buxoriy Islom o'rta-maxsus
bilim yurti
1992 yil 2 sentabrda Qashqadaryo
viloyatidagi Kitob shahrida ish
boshlagan. Unga Bahouddin
Naqshbandning zamondoshi alloma
Said Ahmad Vali Kulohso'z Xoja
Buxoriy nomi berilgan. Shundan
buyon 300 dan ziyod yigit-qiz
bitirib, imom-xatib, bilim
yurtlarida mudarris bo'lib
ishlayapti. Ayrimlari Toshkent
Islom universiteti, Jahon
tillari universiteti, Qarshi
Davlat universitetida tahsilni
davom ettirishmoqda. Hozir bilim
yurtida 138 nafar yigit-qiz
ta'lim oladi. Ularga malakali
diniy va dunyoviy bilim berish
bilan bir qatorda sartaroshlik,
etikdo'zlik, qizlarga esa
tikuvchilik, to'quvchilik,
popopchilik kasb-hunarlari ham
o'rgatiladi.
|