Shiorimiz:   Fikr - yaxshilik va yomonliklarni ko'rsatadigan oynadir                                    

Yangiliklar 
Qur'oni karim
Hadisi sharif
Fiqh 
Islom tarixi
Tahlil
Iqtisod va huquq 
Juma mav'izalari 
Jannat qushchalari 
Islom va ilm 
Davolaninglar
Odam va Havvo 
Mazhablar 
Dinda savolim bor... 
Kutubxona 
Sharq bozori
Imîm Buõîriy
Statistika 
G'arbda Islom
O'zbekiston va Islom
Yilnoma 
Taklif  va munosabat 
Islomiy saytlar
Tanishuv
Namoz vaqti 
Mehmonxona 
Valyuta kursi 
 

 

So'fiylik

      So'fiylikning paydo bo'lishi va shakllanishi. Tasavvufga asos bo'lgan tarkidunyochilik kayfiyatlari deyarli Islom bilan bir davrda yuzaga keldi. So'fiylikning ilk namoyandalari deb Payg'ambar (s.a.v.)ning Abu Dardo, Abu Zarr, Huzayfa (vafotlari VII asrning ikkinchi yarmi) kabi sahobalari hisoblanadi. Ammo Islomdagi asketik-mistik oqimning shakllanishi VIII asrning o'rtalari va IX asrning boshlariga tegishli. Bu davrda so'fiylar qatoriga muhaddislar, qorilar, qussoslar, Vizantiya bilan chegara urushlarida qatnashgan jangchilar, kosiblar, tijoratchilar, shu jumladan Islomni qabul qilgan xristianlar kirganlar. Bu davrda so'fiy yoki at-tasavvuf terminlari hali keng tarqalmagan edi: uning o'rniga zuhd (tarkidunyochilik) yoki zohid, obid so'zlari ishlatilar edi. Islomdagi bu mistik-asketik oqimning paydo bo'lishi va taraqqiy etishiga musulmon jamiyatidagi birinchi ikki asr davomidagi siyosiy-ijtimoiy beqarorlik, diniy hayotning murakkabligi, uning natijasida kelib chiqqan ma'naviy-g'oyaviy izlanish va boshqa dinlarning, xususan, xristianlikning ta'sirini ko'rsatish mumkin.
      Ilk davr so'fiylarining, aniqrog'i, zohid va obidlarining o'ziga xos xususiyatlaridan - Qur'oni karim oyatlari ustida chuqur fikr yuritish, Qur'on va Payg'ambar (a.s.) sunnatlariga qat'iy amal qilish, kechalarini nafl ibodatlar bilan bedor o'tkazish, kunduzlari ro'za tutish, hayot lazzatlaridan voz kechish, gunohdan saqlanish, hokim va harbiylardan o'zini uzoq tutish, halol va harom orasini juda uzoq tutish (vara'), o'zini Alloh ixtiyoriga topshirish (tavakkul) va hokazolarni ta'kidlash mumkin. Jumladan, fikr, rizo, sabr xususiyatlari ularga xos edi.
      So'fiylik ta'limotlari mo'taziliylardagi mavhum ilohiyotga oid fikrlar, obro'li shaxslarga ko'r-ko'rona taqlid qilish, muqaddas matnlarga so'zma-so'z itoat etishdan farqli o'laroq, insonga asosiy ob'yekt sifatida qaraydi: insoning amallarini boshqaradigan ruhoniyatining mayda qirralarini ham chuqur tahlil qilish, shaxsiy kechinmalarga e'tibor bilan qarash va diniy haqiqatlarni chuqur his qilish ularga xos xususiyatlardan edi. Shuning uchun ham ziyrak psixolog, "ilm al-qulub va-l-xavotir" - "qalblar va fikrlar ilmi"ga asos solgan Al-Hasan al-Basriy bekorga so'fiylikning asoschilaridan hisoblanmaydi.
      Al-Hasan al-Basriyning ashoblari, basralik zohidlar - Raboh ibn Amr, Rabi'iy al-Adaviy, Ad-Doroniylarning (VIII-IX asrlar) va'z va ma'ruzalarida Allohga bo'lgan sof muhabbat, unga yaqinlashishga bo'lgan intilish haqidaga fikrlar paydo bo'ldi.
      O'sha davrdan boshlab ular so'fiylikka aniq, mistik harakter bag'ishlab, so'fiylik mafkurasining o'ziga xos xususiyatiga aylandi.

 

All Rights Reserved © Copyright 2005   by  www.fikr.uz     

Hosted by uCoz